Middlebury kolleji iqtisodchisi Keytlin Mayyers fikricha, 2007-yilda birinchi iPhone ishlab chiqarilishi AQShda tug‘ilish darajasi pasayishiga olib kelgan asosiy omillaridan biri bo‘lishi mumkin. U o‘tkazgan tadqiqot xulosalariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi o‘n yillikda kuzatilgan tug‘ilish koeffitsiyenti tushib ketishining 33 foizdan 52 foizgacha bo‘lgan qismi, ehtimol, Apple smartfoni hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlanishicha, smartfonlarning keng tarqalishi odamlarning ijtimoiy xulq-atvorini o‘zgartirgan. Ko‘pchilik shaxsiy muloqot o‘rniga qurilmalar orqali muomalaga kirishishni afzal ko‘ra boshlagan.
Keytlin Mayyers tahlil uchun ilk iPhone tarqalishi davrining o‘ziga xos jihatlaridan foydalangan. 2007-2011-yillar davomida ushbu smartfon faqat AT&T operatori orqali sotilgan. Bu esa olimga AT&T qamrovi keng bo‘lgan hududlar bilan aloqa xizmati ko‘rsatish imkoniyati cheklangan mintaqalardagi tug‘ilish ko‘rsatkichlarini taqqoslash imkonini bergan.
Tadqiqotchi ushbu bog‘liqlikka 2008-yilgi moliyaviy inqiroz ta’siri bor yoki yo‘qligini ham tekshirib chiqqan. Iqtisodiy va demografik omillar hisobga olinganidan keyin ham iPhone tarqalishi bilan tug‘ilish darajasining pasayishi o‘rtasidagi bog‘liqlik saqlanib qolgan.
Shu bilan birga, muallif smartfonlar demografik pasayishning yagona sababi emasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, aholi o‘zini o‘zi qayta tiklashi mumkin bo‘lgan darajadan past tug‘ilish ko‘rsatkichlari iqtisodiy o‘sish uchun ham xavf tug‘diradi.

