Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzurida Kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha komissiya tashkil etildi.
Kambag‘allikni qisqartirish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining o‘tgan yil 29-noyabrdagi tegishli qarori ijrosi doirasida tuzilgan mazkur komissiyaning tarkibi va nizomi Xalq deputatlari viloyat Kengashining joriy yil 13-yanvardagi qarori bilan tasdiqlandi.
Komissiya tarkibiga viloyat Kengashi deputatlaridan tashqari bir qator davlat organlari (viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi, viloyat prokuraturasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi), shuningdek, jamoat tashkilotlari (O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi va «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi)ning vakillari ham kiritildi. 13 nafar a’zodan tashkil topgan yangi komissiyaga xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Olim Ravshanov rahbarlik qiladi.
Nizomda qayd etilishicha, komissiyaning asosiy maqsadi kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand aholiga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish, aholi bandligini ta’minlash yuzasidan deputatlik nazoratini amalga oshirishda mahalliy Kengashga ko‘maklashishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun yangi tuzilma kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarning mahalliy ijro organlari tomonidan bajarilishini o‘rganadi, tahlil etadi, muhokama qiladi hamda Kengash sessiyasi muhokamasiga olib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Komissiyaning bu boradagi faoliyati aholini kambag‘allikdan chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash; hududning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida tadbirkorlikning rivojlanishiga turtki beruvchi «drayver» loyihalarga zarur infratuzilmani yaratish; oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, «Biznesga birinchi qadam» dasturlari hamda mikromoliya tashkilotlari orqali kreditlar ajratish; «Yashil mahalla» loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi dasturlarni ro‘yobga chiqarish; hududdagi tashkilotlar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlariga eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalarni biriktirish orqali ushbu oilalarni kambag‘allikdan chiqarish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Sohada deputatlik nazoratining samaradorligi va natijadorligini oshirish uchun 2026-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatga tashkil etilayotgan bunday komissiya xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari huzurida ham faoliyat ko‘rsatadi.
Botir TEMIROV

