AQSH prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida taxtda o‘tirgan imperator obrazidagi suratini e’lon qildi. Tasvir sun’iy intellekt tomonidan ishlangan, deya xabar beradi Daily Beast manbasi.
Suratda Donald Tramp oltindan ishlangan zirhda, uning oyoqlari qatorida esa ikki erkak va bir ayol tasvirlangan. Amerika yetakchisi siymosi boshqalardan kattaroq ko‘rinishda ishlangan.
Nashrning yozishicha, prezident oyoqlari qatorida go‘yoki demokratik ozchilik lideri Chak Shumer, Massachusets shtatidan senator Elizabet Uorren va ipoteka sohasidagi firibgarlik ishi bo‘yicha tergovga tortilgan Kaliforniya shtatidan demokrat senator Adam Shiff joylashgan.
Avvalroq Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida sun’iy intellekt tomonidan ishlangan va Oval xonada yulduz futbolchi Krishtiano Ronaldo bilan to‘p uynayotgani tasvirlangan videoni ham joylagandi.

