Saralangan satrlar
Erkin A’zam hozirgi o‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan. Roman, qissa va hikoyalardan iborat yigirmadan ortiq kitobi, besh jildli “Tanlangan asarlar”i adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin olgan. “Anoyining jaydari olmasi”, “Pakananing oshiq ko‘ngli”, “Atoyining tug‘ilgan yili”, “Javob”, “Shovqin”, “Navoiyni o‘qigan bolalar”, “Gonoluluga elchi”…
“Jannat o‘zi qaydadir”, “Jiydaliylar”, “Farrosh kampirning tushi”, “Tanho qayiq” kabi dramatik asarlari esa yurtimiz teatrlarida sahnalashtirilgan. Aynan “Tanho qayiq” spektakli Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan tomoshabinlar e’tiboriga havola etilganini yaxshi bilasiz.
Asarlari asosida “Chantrimore”, “Piyoda”, “Dilxiroj”, “Erkak”, “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Parizod”, “Bahorni quvib” kabi filmlar suratga olingan. Bir ijodkorning adabiyot, san’at va kino rivojiga qo‘shgan hissasi bo‘lsa shuncha bo‘lar-da!..
Ammo yozuvchi jim qarab turgani yo‘q. Yaqindagina “Momaqaldiroq ostida sayr” nomli romanini e’lon qildi. Bilasiz, shu vaqtgacha Erkin A’zamning faqat “Shovqin” degan romani chop etilgan edi. Bu – ikkinchisi.
“Momaqaldiroq ostida sayr” bir qarashda Oyravshan ismli ayolning hayoti haqida, ammo yon-atrofda yuz berayotgan hodisalar yaqin tariximizning o‘ziga xos ifodasi, desak, xato bo‘lmaydi. Bir vaqtlar bosar-tusarini bilmay qolgan “pogonlilar”, har tarafga quloch yoygan korchalonlar, kimlardir kuni zo‘rg‘a o‘tayotgan chog‘da yana kimlar shohlardek yashashi, saylov o‘yinlari… Aytaversak, kitobning qizig‘i qolmas. Qolgan zavqu shavqni mutolaa uchun qoldiramiz, ishonavering, yutqazmaysiz.
* * *
– Ha-a, Mayram bevaning yetimchasi, havasingiz keldimi, nima? Bu kishi Diliyaxon, rayko‘m bobomizning qizlari! Sen sho‘rtumshuqqa yo‘l bo‘lsin, Shurikjonimizning qallig‘i bu!..
Bola qo‘lidagi satiliga qo‘shilib suvga tushib ketishiga sal qoldi…
O‘sha kun, o‘sha soatda shusiz ham o‘ksik ko‘ngil sindi, ko‘ngil ne, o‘ziga yarasha orzular bilan yashayotgan bolalik dunyosi vayron bo‘ldi. Endi o‘ylansa, keyingi umr ana shuni chegalash, yamash, qaytadan tiklash tashvishi bilan o‘tibdi. Singan narsa baribir mo‘rt, omonat bo‘lar ekan.
* * *
Bu dargohning iqlimi shunday: haligina botqoqqa botib yotgan odam, yana bir qarasangiz, bek bo‘lib turibdi! Yoki buning teskarisi. Omad, qobiliyat, ishchanligu tanish-bilishchiliklar o‘z yo‘liga. Tayyorlagan ko‘rsatuvingizdan biror ishkal topildimi, ba’zan unda hatto biror so‘z noo‘rin ishlatildimi, bas, osmoningizda qora bulutni ko‘raverasiz! Holbuki, efirga berilgunicha ming bir chig‘iriqdan o‘tgan, bugunga kelib tepangizda zug‘um qilib turgan saf-saf rahbarning bari undan xabardor! Yo‘q, kaltak baribir sizning boshingizda sinadi. O‘l yetim – siz! Dodingizni kimga aytasiz, xo‘sh? Asli o‘sha dod deb boriladigan manzildan qo‘ng‘iroq bo‘lgan: kimgadir nimadir yoqmagan, nimadir kimningdir manfaatiga zid kelgan… Tamom, ko‘rpa to‘shagingizni ko‘taravering bu yerdan!
* * *
Dunyosi bir changalzor, jiyan. Bunda o‘t ham bor, chechak ham. Foydali giyoh-u tikanaklari ham bor. Lekin tikani ko‘p, jiyan, chaqirtikani. Qani edi, shunisidan kamroq bo‘lib, hammayoq gul-u gulzor, odamzodning ko‘ngli ham shunday chaman, yomonlikdan, egriliklardan xoli bo‘lsa… E-e, darig‘!
* * *
Mabodo, ishlar teskari chiqsa-chi, hay-hay! Bitta-yarim yaqindan-yaqin kishing dunyoning adolatsizligidan so‘z ochib ko‘ngil so‘ramasa, taskin-tasalli bermasa, ilgari qadrdon sanagan uncha-muncha tanish-bilishing ham seni ko‘rganda yuzini burib qochish payidan bo‘ladi. Go‘yoki sen endi la’nat tekkan banda, keraksiz bir xor kimsa, hatto u yer-bu yeri tegib ketsa illati yuqadigan moxov! O‘sha kundan Xudo asrasin deng!
* * *
Endi-i, saylov deganlari Alining maydoni misoli bir gap.
* * *
Birovning dilidagi sir-u savdo yovlashib qolganingizdagina oshkor bo‘ladi – mag‘zavaga botirib basharangizga otiladi.
* * *
Nega bunday ekan: tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joylar bir kun kelib odamzodga torlik qilib qoladi-ya?! Ayniqsa, yoshlikka – g‘o‘r, tiyiqsiz faslga xos bu mayl. Go‘yoki dunyoning bor quvonchu bayramlari siz bormagan, siz ko‘rmagan manzillarda kechayotir-u, tang-u tor bir xilvatda yashab siz ulardan chunon benasib qolyapsiz! Yo‘q, ketasiz, nelarningdir ilinjida bosh olib ketasiz. Rizqingiz sochilgan o‘zga manzillarni makon tutib, erta bir kun umringiz o‘sha joylarda o‘ta boshlaydi. Bu yer-chi, ilk bor dunyoga ko‘z ochib ko‘rgan odamlaringiz, bolalikdan qadrdon dov-daraxt, dala-tuz, tog‘-u tosh… Begona, endi bari begona.
* * *
Odamzodning umri ham, ko‘p qiliq-qilmishlari ham qaltis, notanish bir pillapoya qoshidagi taraddudnok holatni eslatmaydimi? Dastlab qo‘rqa-pisa, ikkilana-ikkilana ilk pog‘onasiga qadam qo‘yasiz – hech gap emas ekan-ku, olg‘a – keyin navbatdagisiga, undan keyin yana, yana… Bir vaqt qarabsizki – kechagina vahimali tuyulgan pillapoya o‘zingizniki, pastdan yuqoriga, yuqoridan pastga bemalol irg‘ishlab-sakrab yuribsiz! Bundan gunoh yasab sizni sannab-chandigan kimsalar allaqachon charchab ulgurgan, siz ham allaqachon ko‘nikib ketgansiz! Ammo… lekin… biroq!
* * *
Lofdir, mahobatdir, baland tog‘laru bepoyon dashtu dalalardan iborat bu vohada shu odamning qo‘li yetmagan joy qolmagan, katta-kichik lavozimlarga tayinlov yoki mo‘mayroq biron oldi-berdi shusiz hal bo‘lmas edi. Katta beshikni tebratishga yuborilgan diyonatli bir rahbar ahvolni ko‘rib, “Yo‘q, bu yerda ishlab bo‘lmaydi, bu yerning egasi bor ekan!” deya shartta ariza berib, yarim yilga yetmayoq Toshkentga qaytib ketgan, deyishadi.
Xo‘sh, boshqarma boshlig‘i ham emas, to‘rt bo‘limdan bittaginasiga hukmfarmo sanalgan podpolkovnik unvonidagi bu errayim qayoqdan shu qadar qurb-u qudratga ega bo‘ldi? Aytishlaricha, hozir Toshkentga yuksalib ketgan akaxoni bir vaqtlar shu yerda boshqarmaga xo‘jayin, yosh mayor esa uning o‘ng qo‘li bo‘lgan, qo‘shni davlatdan keladigan ba’zi qora karvonlarga ikkovlon birgalikda sarbonlik qila-qila sarvatu shuhrat topishgan emish.
* * *
Ayonki, itning kasbi – vovullamoq, akillamoq, irillamoq. It bo‘lganidan keyin shusiz kuni o‘tarmidi – hurong‘ich, qopag‘onligiga boradi-da!
Buni eshitavergan quloq-chi, u ham ko‘nikib ketadi deng! Bora-bora o‘rganib, hattoki ana shu vovullash, akillash-u irillashlarsiz turolmaydigan, uni tusayveradigan, qo‘msayveradigan bo‘lib qoladi.
Ittifoqo, bir kun quloq qomatga kelib, ichkaridan ham bir sado eshitilishi mumkinki, ana shunisi, chato-oq!
* * *
Bu yurtda azador xonadonga ko‘ngil so‘rab borgan kishi marhumning hurmati uchun bir-ikki soat o‘tirib ketmasa hisob emas – axir, musibatdor ranjishi, odamgarchiligi yo‘q ekan, toshmehr ekan, deb o‘ylashi mumkin! Ayniqsa, to‘da-to‘da bo‘lib kirib keladigan xotin-xalaj uyni boshiga ko‘targudek chuvvos solib, har kim o‘z dardi bilan birpas uv-uvlab oladi-yu, keyin tuyqusdan jimib, mutlaqo beg‘am, odatdagi tetik ovozda u yoq-bu yoqdan gurung qilmoqqa tushib ketadi.
* * *
Odam bolasi ko‘pincha hasratli damlarida najot kutibmi, boshi uzra olislarga ko‘z tikadi: ko‘kda charx urib uchayotgan parrandalarga – erkin, bearmon parvoz qilib yurgan qanotli jonivorlarga havas bilan boqadi. Hoynahoy, shu qushginalarning ham o‘ziga yarasha, siz-u bizga noma’lum tashvishlari bordir? Osmonlarda omonat qanot qoqib kezarkan, ehtimol, ularning-da yer yuzini muqim makon tutgan odamzodga havasi kelar? Anglanmagan bir havas. Balki havas atab ham bo‘lmas, lekin mohiyatan shu. Biz uni bilolmaymiz, xolos.
Dunyosi ham mana shu soy-u adirlikdan iborat atrof-javonib misol notekis, noto‘kis ekan-da, ajab…
* * *
O‘tmish kunlarni-da na tahrir qilib bo‘ladi, na tarjima…
* * *
Soylikka engach, mashinaga kirayotib Oyravshan orqasiga o‘girilib qaradi. Yassi tepalik. Yakka gujum. Aravachada mung‘ayib o‘tirgan g‘arib bir odam qo‘l silkib turibdi…
Bir kun sening-da paymonang to‘lib dunyodan o‘tarkansan, mana shu manzara ko‘z oldingdan ketmas…
* * *
Kutgan-kutmaganingiz bari ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketishiga bir haftagina kifoya ekan! Goho oylab, hatto yillab sokin, bir maromda ko‘ringan suv nogahon ko‘pirib, junbishga kelib teskari oqqan misoli!
* * *
Bandalik, ertadir-kechdir, hammamizning ham boshimizda bor savdo. Endi neki savol-javob desangiz – o‘sha yoqda. Bu dunyoning odami aralasholmaydi. Bu dunyo odamining burch-u a’moli endi – shaytonga xizmatkor edimi, u, rahmongami, baribir – marhumning izzatini joyiga qo‘ymoq, Xudodan unga mag‘firat tilamoq, vassalom! Taomil shu.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

