16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Iqtisodiyot

EKSANG AVVALO O‘ZINGGA, OILANGGA, RO‘ZG‘ORINGGA FOYDA

Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tegishli farmoyishiga asosan e’lon qilingan: mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan «dolzarb bir oylik» safarbarligi davom etmoqda.

Tomorqa – xazina

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryoda 612 ming xonadon o‘z tomorqasiga ega. Ulardagi ekin maydonlarining umumiy hajmi 66 ming gektarni tashkil etadi. Dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilgan yerlar o‘lchami amaldagi 25 ming gektardan joriy yilda 36 ming gektarga ko‘paytiriladi.

Bugun ko‘pchilik tomorqa shunchaki egalik qilib olingan maydon emas, daromad manbai ekanligini anglab yetmoqda. Buni amalda isbotlab ulgurganlar ham talaygina. Ya’ni viloyatimizda tomorqasi bor xonadonlarning 35 foizi hozirda undan yiliga uch marta hosil olishni uddalayapti. 

Qolaversa, «Bir mahalla – bir mahsulot» hamda «Bir kontur – bir mahsulot» tamoyillari asosida mahallalarni va dehqon xo‘jaliklarini yuqori daromadli oziq-ovqat ekinlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha boshlangan amaliyot ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.  

Masalan, G‘uzor tumani Dashtobod mahallasida 538 ta xonadonning 165 gektar tomorqasi hamda 283 ta dehqon xo‘jaligiga tegishli 137 gektar yer maydonida pomidor ekish yo‘lga qo‘yilib, har yili 10 ming tonnadan oshiq hosil yetishtirilmoqda. Natijada hududda pomidorni qayta ishlash korxonasi barpo etishga rag‘bati oshgan tadbirkor ham topilib, uning tashabbusi bilan tomat pastasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qiymati 1,1 milliard so‘mlik loyihaga qo‘l urildi.  Demak, mahsulotga bo‘lgan talab yanada ortadi, daromad ham ko‘payadi. 

Yana aytish mumkinki, Qamashidagi Odog‘jonbuz mahallasi aholisi brokkoli karamini yetishtirishni, Qarshi tumanidagi Tallikuron mahallasi odamlari ko‘chatchilikni, Nishon tumanidagi Paxtaobod mahallasi xonadonlari asalarichilikni yo‘lga qo‘yib, kam bo‘lmayapti. Eng muhimi, ular o‘z yukini boshqalarga ortib olgan bekorchilardan emas, foydali mehnat bilan band. Oilasi, orzu-havaslariga yarasha daromad topishayapti.

Aslida odamlarni tomorqa yerlaridan samarali foydalanishga chaqirishdan, ularni bunga undashdan, kerak bo‘lsa, yordam tariqasida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan muddao ham shu – aholi bandligi va daromadlarini oshirish.

Afsuski, buni anglab yetmayotgan tomorqa egalari ham uchraydi. Joylarda kattagina ekin maydonlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani sabab begona o‘tlar bosib yotgani yoki hafsalasizligi bois tayyor issiqxonasidan foydalanmayotgan xonadon egalarini ko‘rib, achinasan kishi. Ularga «bas, endi solig‘ini to‘lab qo‘ysam bo‘ldi, qolgani mening ishim, deb o‘tirish yaramaydi», degan chaqiriqlar aytilayapti bugun. Zero, eksang avvalo o‘zinga, oilangga, ro‘zg‘oringga foyda. Keyin mahsulotlar taklifi ko‘paysa, bozorlar arzonlashadi. Bundan kimga naf? Barchamizga.

 Shunday ekan, viloyat hokimi  Murotjon Azimov hafta avvalida o‘tkazilgan «hokimlik soati» yig‘ilishida muhokama etilgan masalalar qatorida ushbu mavzuga ham to‘xtalib, mahalla faollari, tomorqa yer egalari, dehqon xo‘jaligi rahbarlari va Qashqadaryoda «dolzarb bir oylik» safarbarligini yuqori saviyada, natijador qilib tashkil etishga mas’ul bo‘lgan barcha uchun qilgan murojaatida ta’kidlaganidek, bu davrda tuman (shahar)lar hokimlari bosh bo‘lib, «mahalla yettiligi» va tegishli hamkorlar bilan birgalikda quyidagi ishlarni amalga oshirish talab etiladi:

birinchidan, har bir mahallada yetakchi tadbirkorlarni biriktirish orqali aholi tomorqalarida «Bir mahalla – bir mahsulot» hamda ijara yerlarida «Bir kontur – bir mahsulot» tamoyili asosida eksportbop serdaromad ekinlar ekilishini tashkil etish;

ikkinchidan, mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ariq va zovurlarni tozalash bo‘yicha ommaviy hashar va madaniy tadbirlarni uyushtirish;

uchinchidan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chalar, mahalla guzarlari, dala chetlarida daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil etish, kambag‘al oilalar   tomorqalariga o‘tqazish uchun kamida 10 tadan xurmo, anjir, o‘rik, olcha mevali daraxtlari ko‘chatlarini yetkazib berish;

to‘rtinchidan, aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklarini ekin ekishga tayyorlash va ekish ishlarini tashkil etish hamda ularga usta dehqonlar va agronom mutaxassislarni biriktirish;

 beshinchidan, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 85 ta mahallani sug‘orish tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalarni Navro‘z umumxalq bayramiga qadar yakunlash;

oltinchidan, kambag‘al oilalar a’zolari hamda ishsiz fuqarolarga moliyaviy ko‘mak paketlari taqdim etilishini ta’minlash hamda mahallalarda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan mikroloyihalar (ixcham issiqxona qurish, parranda, baliq, chorva, asalari boqishni yo‘lga qo‘yish, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish)ni amalga oshirish choralarini ko‘rish.

Tomorqa – qancha ekin ekib foydalansang, shuncha ziyoda bo‘ladigan xazina, beminnat qo‘shimcha daromad manbai. Buni o‘zi anglab yetishi uchun kishidan avvalo hafsala, keyin ozgina mehnat talab etiladi, xolos. Ishonamizki, sizda o‘sha hafsala allaqachon bor va bugun yeng shimarib, tomorqayu dalada ketmon chopayapsiz. Hormang, barakasini bersin! Mehnatingizning rohati (daromadi)ni ko‘ring!

O‘z muxbirimiz