16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

“Eng faol kitobxon tuman (shahar) tashkiloti xodimi” tanlovi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida Qashqadaryo viloyatidagi barcha boshqarma va tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘limlarida faoliyat yuritib kelayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida «Eng faol kitobxon tuman (shahar) tashkiloti xodimi» tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitobxon davlat xizmatchilari safini kengaytirish va mutolaa madaniyatini oshirish, ularda milliy va axloqiy tarbiyani, boy madaniy merosimizga bo‘lgan hurmatni yanada rivojlantirishdan iboratdir.

Qayd etish joiz, bir muddat avval davlat fuqarolik xizmatchilari o‘qishi kerak bo‘lgan asarlar ro‘yxati e’lon qilindi. Xususan, Abdulla Qodiriy qalamiga mansub «Mehrobdan chayon», Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» romanlari, Ernest Xemingueyning «Chol va dengiz» qissasi, Jek Londonning «Hayotga muhabbat» va Abduqayum Yo‘ldoshevning shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «Puankare» hikoyalarini e’tibor bilan o‘qib, puxta tayyorlangan ishtirokchilar yakuniy bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Viloyat bosqichi ishtirokchilari «Badiiy asarlar bilimdoni» hamda «Tezkor savol-javob» shartlari asosida o‘z bilimlarini namoyon etdilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Mirishkor tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimi Aqmamat Hayitov qo‘lga kiritdi.

Tanlov g‘oliblariga diplom, kitoblar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

BEKZOD