Qashqadaryoga oid
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk zamin, mard va bag‘rikeng, mehnatkash va lafzi halol, g‘ururi baland insonlar yurtidir», deya voha ahliga haq bahoni bergan edi. Darhaqiqat, tarixi bir necha ming yilliklarga tutash bu voha buyuk ijodkorlar, ma’rifatparvar allomalar, el e’zozidagi fidoyi insonlar, dovruq taratgan turli kasb egalariga beshik ekanligi bilan ham e’tiborga molik.
Qashqadaryoda tug‘ilib, elga tanilgan ijodkorlardan biri Nosir Muhammad (Nasriddin Muhammadiyev)dir. U 1946-yilda Yakkabog‘ qo‘rg‘onida dunyoga kelgan.
1963-1968-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti) filologiya fakultetida o‘qiydi. Ish faoliyatini «Toshkent oqshomi» gazetasi adabiy xodimligidan boshlaydi.
1976-1979-yillarda Eronda fors tili tarjimoni bo‘lib ishlaydi. 1983-1993-yillarda «Yoshlik» jurnali adabiy xodimi, mas’ul kotibi, 1993-1994- yillarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining xalqaro axborotlar tahririyati bosh muharriri, 1994-2005-yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmatida, «Jahon» axborot agentligida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatida ishlaydi. Nosir Muhammad uzoq yillar Respublika Baynalmilal madaniyat markazini boshqargan.
Nosir Muhammad 2008-yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni bilan taqdirlangan.
Nosir Muhammadning «Salom kelajak» (1980), «Bahor taronasi» (1981), «Listya chinari» (1987), «Nasaf va Kesh allomalari» (2001, 2006), «Sumalakdan tosh topdim» (2004), «Anqoni mahram qildingiz» (2004), «Shaytonning iste’fonomasi» (2008), «Sonmayan ishik» (2008 yil, Turkiya), «Turon davlatlari yilnomasi» (2010), «Hut shamollari» (2012) nomli she’riy va ilmiy-ommobop kitoblari chop etilgan.
Nosir Muhammad ijodida «Nasaf va Kesh allomalari» (2006) tazkirasi ham alohida o‘rin tutadi. Mazkur asar Qarshi (Nasaf) va Shahrisabz (Kesh) shaharlarida yashab ijod etgan mashhur shaxslar, olimlar, shoirlar, me’morlar, bastakor va hattotlar hayoti hamda faoliyatiga bag‘ishlangan.
Nosir Muhammad Qashqadaryo vohasi tarixini yoritishda qadimgi yunon, xitoy va arab sayyohlarining solnomalari va noyob tarixiy manbalarga tayangan holda tahsinga sazovor ma’lumotlarni qayd etadi. Yana muhimi shundaki, mazkur hududda uzoq yillar arxeologik qidiruvlar olib borgan Yahyo G‘ulomov, Vadim Mixaylovich Masson, Sergey Kuzmich Kabanov, Edvard Rtveladze, Rustam Sulaymonov, Anatoliy Sagdullayev kabi olimlarning izlanishlarini chuqur o‘rganish va ularni bir-biriga taqqoslash jarayonida aniq fikr va xulosalarga keladiki, bu esa kitobning ilmiy-amaliy qiymati yanada oshishiga munosib xizmat qilgan.
Hind folklor namunalari jamlangan “To‘tinoma” muallifi kim?
Nasafiy, Naxshabiy, Keshiy, Kasbaviy, Pazdaviy taxallusi ostida ijod qilgan olimu fuzalolar nihoyatda ko‘p ekani barchamizning faxru g‘ururimizdir. Bu ulug‘ zotlarning har biri alohida tadqiqotga arziydi, o‘rganish asnosida tarixning ko‘plab muhim o‘zanlariga duch kelib, yangi ufqlarni kashf etasiz.

Ulardan biri Ziyouddin (Ziyo) Naxshabiy bo‘lib, Qarshi yaqinidagi Naxshab shahrida, Shulliktepada tug‘ilgan. U oilasi bilan Hindistonga ko‘chib ketgan. Umrining ko‘p qismi Badounda o‘tgani uchun «Badouniy», «Hindiy-Badouniy» nisbalari bilan ham yod etadilar. Ziyo Naxshabiy 1350 yilda Hindistonda vafot etgan.
Alloma o‘z ona tilidan tashqari fors, arab, sanskrit tillarini puxta bilgan. Fors va turkiy tilda ijod qilgan. O‘z zamonasining falsafa, axloq, tibbiyot, musiqa, aruz, tasavvuf, fiqh singari ilmlarini atroflicha o‘rgangan. Turmush qiyinchiliklariga qaramasdan hokimlar va sultonlarning saroy xizmatiga da’vatlarini qabul qilmagan. Umrining oxirlarida tasavvuf ahliga qo‘shilgan va tasavvufni ixtiyor etgan.
Ziyo Naxshabiyning eng mashhur asarlaridan biri «To‘tinoma»dir. Ushbu asar hijriy 730 yilda (milodiy 1329-1330-yillar) yozib tugatilgan. Asar hindlar orasida mashhur bo‘lgan «To‘tining yetmish hikoyasi» asarining qayta ishlangan shakldir. Unda soflik, ezgulik, odob, vafodorlik kabi insoniy fazilatlar ulug‘langan, tubanlik kabi xususiyatlar qoralangan.
Asarning bir necha qo‘lyozma nusxalari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida saqlanadi. Kitob asrlar davomida qo‘lma-qo‘l o‘qilgan. Jumladan, 1851-yilda Qozon shahrida bosma usulda nashr etilgan. XIX asrda ingliz va nemis tillariga tarjima qilingan. Mashhur nemis adibi German Gesse «To‘tinoma» asaridan nihoyatda ta’sirlanganini, to‘rt-besh qayta o‘qiganini yozadi. Keyinchalik mazkur asar turk va rus tillariga ham o‘girilgan.
Shuningdek, Ziyo Naxshabiyning «Juz’iyot va kulliyot» («Juz’iylik va umumiylik»), «Gulrez», «Silku-s-suluk» («Izlovchilar yo‘li»), «Sharhi surai Zabur» («Zabur surasining sharhi»), «Nasoih va mavoiz», «Asharai mubashshara» singari asarlari mavjud bo‘lib, aksariyati bizning davrimizgacha yetib kelgan.
Ziyo Naxshabiy she’riyatda ham samarali ijod qilgan. Nasriy asarlari tarkibidagi fard, bayt, ruboiy, qit’a, g‘azal va masnaviylar uning yuksak iste’dodidan dalolat beradi.
Atoqli rus olimi A.Krimskiy birinchilardan bo‘lib Ziyo Naxshabiy hayoti va faoliyatiga oid ba’zi ma’lumotlarni to‘plagan. Keyinroq YE.E.Bertels «Islom qomusi» asarida Ziyo Naxshabiy va asarlari haqida ma’lumot bergan. 1979-yilda esa «To‘tinoma» asarini tarjima qilib, rus tilida nashr ettiradi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida «To‘tinoma» asarining turli davrlarda ko‘chirilgan 9 ta nusxasi, shoirning she’riy asarlarini o‘z ichiga olgan «Devoni Ziyoi Naxshabiy» saqlanmoqda. U 1850-yilda Muhammad Husayn Bulg‘oriy tomonidan ko‘chirilgan. Jahondagi bir qator kutubxonalarda, jumladan, Sankt-Peterburgdagi M.E.Saltikov-Shchedrin nomidagi Davlat xalq kutubxonasi jamg‘armasida ham adibning bir qancha asarlari borligi ma’lum.
Zog‘zaning ma’nosi nima?
Qashqadaryo, xususan, Qarshi shahridagi mahalla, ko‘cha va joy nomlari qiziq tarixga, turfa talqinlarga ega. Deylik, Zog‘za mahallasi nomi qanday ma’no anglatadi, deb o‘ylasiz?
Fors-tojik tilida zog‘ – qarg‘a (qush) bo‘lib, zog‘, zog‘on deganda qarg‘alar, quzg‘unlar tushunilgan. Zog‘za mahallasi shahar girdida, daryoga tutash ekani, u yerda bog‘-rog‘lar ko‘pligi, Charmgar mahallasi odamlarining yozlik bog‘oti, yozda ko‘chib chiqadigan qarorgohi bo‘lgani, qish oylari qarg‘a singari qushlar yashagani sababli zog‘lar – qarg‘alar joyi, deb atalgan, deyishadi.
Joy nomlari bo‘yicha yirik mutaxassis To‘ra Nafasovning qayd etishicha, mahalla nomini qarg‘a-quzg‘un ma’nosidagi zog‘, zog‘on so‘ziga aloqador deb bilish ilmiy, amaliy asosga ega emas.
Eroniy tillarda zah, zax – nam joy, suvli yer, suv chiqqan joy deganidir. Sug‘d tilida zoy – joy, yer (kichik parcha) degan ma’noni anglatadi. Shunga monand, uzoq o‘tmishda buloq singari yer tagidan suv chiqadigan joyi bo‘lgani sababli Zaxzoy deyilgan. Vaqt o‘tishi bilan xalq tilida Zag‘za, Zog‘za ko‘rinishiga kelgan.
Volgogradda tug‘ilgan, Qarshida yashagan va Yoqutistonda vafot etgan qahramon jangchi
Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan qahramonligi uchun eng yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan Aleksandr Pavlovich Zayberlin 1916-yilda hozirgi Volgograd shahrida, ishchilar oilasida tug‘ilgan.

Aleksandr 7-sinfni tamomlagan vaqtida u va oilasi Qarshi shahriga ko‘chib kelishadi. Shu yerda maktabni tamomlab, xalq xo‘jaligining turli sohalarida ishlay boshlaydi. Aleksandr Zayberlin 1941-yilning oktabr oyida Qarshi harbiy komissariati tomonidan frontga jo‘natiladi. 1942-yilning yanvar oyida Ukraina frontidan janglarga qo‘shiladi.
1942-yilning 2-oktabr kuni Zayberlin bir guruh avtomatchilar bilan Dnepr daryosidan suzib o‘tib, kutilmaganda dushmanning maxsus bo‘linmasiga hujum qiladi. Bu to‘qnashuvda 6 nafar fashist zobiti halok bo‘ladi. Ertasiga yana shiddatli otishma davom etdi va 8 nafar dushman zobiti yo‘q qilinadi. To‘qnashuvda Zayberlinning o‘zi ham og‘ir jarohat olgan bo‘lsa-da, jang maydonini tashlab ketmaydi. Safdoshlarini olg‘a boshlab boraveradi.
14-oktabrga qadar shiddatli hujumni davom ettirib, Lyutej qishlog‘iga qadar kirib boradi. Natijada boshqa bo‘linmalarga oldinga yurish uchun keng yo‘l ochiladi.
Aleksandr Zayberlin jangda ko‘rsatgan bu jasorati uchun eng yuksak unvon hamda orden bilan taqdirlanadi.
Urushdan so‘ng kichik leytenant unvoni bilan zaxiraga bo‘shatilgan Aleksandr Zayberlin Yoqutistonning Sangar qishlog‘ida konchi bo‘lib ishlay boshlaydi. Ammo janglarda olgan og‘ir jarohatlar baribir o‘z asoratini ko‘rsatadi. U 1950-yilda 33 yoshida hayotdan ko‘z yumadi.
BEKZOD tayyorladi.

