16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Erta uxla, erta tur!

Olimlar kech uxlab, kech turadigan, ya’ni «boyqushlar» toifasidagi insonlarda xavotir va depressiya alomatlari ko‘proq uchrashini, shuningdek, ular ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlashda «to‘rg‘aylar»ga nisbatan ko‘proq qiynalishini aniqladilar.

Buning asosiy omili kechki xronotipga ega insonlarning ishdan keyin qayta tiklanishi qiyinroq kechishi ekan. Tadqiqot natijalari Sleep Health jurnalida chop etilgan.

Xronotip – insonning ertalab yoki kechqurun faol bo‘lishga tug‘ma moyilligi. «Boyqushlar» asosan «to‘rg‘aylar» uchun moslashtirilgan jamiyatda yashashga majbur. Ishning erta boshlanishi ularni o‘zlari uchun noqulay vaqtda uyg‘onishga majbur qiladi. Natijada ularda uyqu yetishmasligi va stress to‘planib boradi.

Sharqiy Finlyandiya universiteti tadqiqotchilari 2266 nafar ishlovchi aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. Ular ishtirokchilarni uch guruhga – «to‘rg‘aylar», «boyqushlar» va oraliq xronotipga ega insonlarga ajratgan.

Tadqiqot davomida ishtirokchilardagi xavotir va depressiya alomatlari, ishdan keyin «uzilib», dam olish va tiklanish qobiliyati, shuningdek, ish bilan bog‘liq masalalarning shaxsiy hayotiga qay darajada aralashishi baholangan.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni eng ko‘p ifodalagan guruh aynan keskin kechki xronotipga ega «boyqushlar» bo‘lgan.

Bunda gap nosog‘lom turmush tarzi haqida bormagan. Xronotiplar o‘rtasidagi turli odatlar ularning o‘zini qanday his qilishidagi farqni izohlab bermagan. Asosiy bog‘lovchi omil ishdan keyin tiklanish qobiliyati bo‘lgan: kechki xronotipga ega insonlar dam olishda ko‘proq qiynalgan va ishdagi taranglik holatidan uzoqroq vaqt chiqa olmagan.

Mualliflarning fikricha, «boyqushlar»ning ishdan keyin tiklanishiga alohida e’tibor qaratish va imkoniyat bo‘lsa, ular uchun moslashuvchan ish grafigini joriy etish kerak. Ish beruvchilar ham xodimlarning xronotiplarini hisobga olishi lozim. Bu erta ishlash ritmiga moslashishga majbur bo‘lgan ko‘plab insonlarda xavotir va depressiya xavfini kamaytirishga yordam berishi mumkin.