16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

FAQAT XIZMAT KO‘RSATUVCHI EMAS, FOYDALANUVCHI HAM MAS’UL

Shaharlar aholisi yil sayin ko‘payib, ular uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish kun tartibidagi doimiy masalaga aylangan, qurilayotgan uy-joylar soni keskin ko‘payib borayotgan bugungi davrda infratuzilmani rivojlantirish alohida e’tibor talab qilayotgani bor gap.

Jumladan, ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Qashqadaryo aholisi soni 3,6 million nafarga yetgan holda Qarshi shahri bo‘yicha bu ko‘rsatkich 300 ming nafardan ortiqni tashkil qiladi. Oxirgi o‘n yilda vohada jami 20 mingtadan ortiq xonadonga ega 600 ta atrofida ko‘p qavatli turar joylar qurildi. Ularning salmoqli qismi viloyat markazida qad rostlagani sir emas. Yana, hududda yangidan tashkil etilgan korxona va ijtimoiy muassasalar soni ham anchagina. Bu omillarning barchasi mavjud infratuzilmaga tushayotgan yuklamani oshirib yubordi, uni talab darajasiga muvofiq rivojlantirib borish zaruratini yuzaga chiqardi.

Shubhasiz, kommunal xizmatlarni sifatli tashkil etish umumiy infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishidagi dolzarb masalalar qatorida turadi. Xususan, uy-joy xo‘jaligi sohasidagi keskin o‘sish ayniqsa kanalizatsiya tizimidagi muammolarni ro‘y-rost ko‘rsatib qo‘ydi.

Terminologiyaga ko‘ra, kanalizatsiya korxonalar, jamoat va turar joy binolari hamda aholi yashaydigan joylardan oqiziladigan oqova suvlarni chiqarib tashlaydigan muhandislik inshootlari va jihozlari majmui, shuningdek, bu suvlardan foydalanish yoki suv havzalariga oqizishdan oldin tozalash va zararsizlantirish tadbirlari hisoblanadi.

Muddatini o‘tagan inshootlar, tarmoqlar…

Tan olish kerak, viloyatimizda aholi punktlarining kanalizatsiya (oqova suvlarni chiqarish) xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi qoniqarli darajada emas, bor-yo‘g‘i 8,5 foizi qamrab olingan.

Hududda atigi uchta oqova suvlarni tozalash inshooti bo‘lib, ular Qarshi, Shahrisabz va Muborak shaharlari uchun mo‘ljallangan. Unga ehtiyoj esa hamma shahar va tumanlarda bor. Mana, Muborakda 133 ta ko‘p qavatli uydan 113 tasi, Nishonda  280 tadan 57 tasi, Kosonda 75 tadan 20 tasi, Kasbi tumanida 74 tadan 16 tasi, Yakkabog‘da 71 tadan 7 tasi, Chiroqchida 57 tadan 4 tasi, Mirishkorda 47 tadan 2 tasi kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlangan bo‘lsa, Dehqonoboddagi 11 ta, Qamashidagi 37 ta, G‘uzordagi 65 ta, Qarshi shahridagi 105 ta «dom»da bunday tizim umuman mavjud emas.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, viloyatda mavjud kanalizatsiya majmui ham o‘tgan asrning 70-yillarida qurilganligi, bugungi kunda ular to‘liq yaroqsiz holatga kelib qolganligi bois oqova chiqindi suvlar tozalanmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqarib yuborilayotganining o‘ziyoq viloyatimizda ushbu soha jiddiy e’tiborga muhtojligini ko‘rsatadi.

Muammo yechim topadimi?

Aslida kanalizatsiya muhandislik inshootlari va jihozlari majmuilarini talab darajasiga keltirish masalasi faqatgina Qashqadaryo uchun bo‘y ko‘rsatgan muammo emas, boshqa joylarda ham bor. Binobarin, urbanizatsiya jarayoni yil sayin tezlashib borayotgani boshqa kommunal xizmatlar qatorida kanalizatsiya tizimiga bo‘lgan talab va ehtiyojni ham oshirib kelmoqda.

Muhimi, yechim borasida aniq taklif va harakatlar, amaliy ishlar bor, moliyaviy manba topilgan.

– Xalqaro moliya institutlari ishtirokida viloyatimizning ikkita shahri va Kitob tumani markazida kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish yuzasidan sa’y-harakatlar allaqachon boshlangan, – deydi «Qashqadaryo suv ta’minoti» AJ bo‘lim boshlig‘i    Mustafo Himmatov. – Ana shu ishlar doirasida viloyat markazida sutkasiga 60 ming kub metr quvvatli oqova suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi va 90 kilometr yangi oqova suv tarmoqlari tortiladi hamda 58 kilometr mavjud quvurlar rekonstruksiya qilinadi.

Natijada hududdagi 50 ta mahallada istiqomat qiluvchi 250 ming aholi kanalizatsiya xizmati bilan qamrab olinadi. «Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish» loyihasining umumiy qiymati 76 million dollarni tashkil etadi. Shundan 60 million dollari Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan shakllantirilishi belgilangan.

Bugungi kunda Janubiy Koreyaning «Dohwa» kompaniyasi loyihalashtirish ishlarini yakunlab, qurilish-montaj ishlari boshlanish arafasida. Xususan kanalizatsiya tarmoqlarini tortish bo‘yicha «Yangi avlod» MCHJ va tozalash inshootini qurish bo‘yicha Turkiyaning «Mesmer Est» kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi.

Ikkinchi loyiha, «Shahrisabz va Kitob shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish» loyihasi bo‘lib, uning umumiy qiymati 99 million dollarni tashkil etadi va 2022-2027 yillar davomida jami 87,4 million dollar xalqaro imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilinishi belgilangan. Loyiha asosida sutkasiga 53 ming kub metr quvvatli 2 ta oqova suv tozalash inshooti va 500 kilometrdan ziyod oqova suv tarmoqlari quriladi.

Natijada Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazidagi 60 ta mahallada istiqomat qiluvchi 204,4 ming aholi kanalizatsiya xizmati bilan ta’minlanadi. Ayni paytda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurilishlarni mualliflik  nazoratini «Safech Ankara va Tumach» (Turkiya) kompaniyasi amalga oshirmoqda.

Belgilangan loyihalar amalga oshirilishi natijasida viloyatimizda oqova suv tizimidan foydalanish ko‘rsatkichi 8,5 foizdan 32,6 foizga yetkaziladi.

Shu o‘rinda, ko‘pchilikda bu loyihalar nega uzoq muddatli, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Albatta, kanalizatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish bir yil-ikki yilda tugaydigan jarayon emas. Buning uchun xalqaro moliya institutlari bilan kelishuvga erishish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, zarur mablag‘ni ajratish singari uzoq davom etadigan jarayonlardan o‘tish lozim bo‘ladi.

Kanalizatsiya – chiqindi qutisi emas

Eskirgan bo‘lsa-da, garchi kunora avariya holatlari kuzatilsada, ayni paytda viloyatimizning yirik aholi punktlarida kanalizatsiyalarning ishchi holati saqlab turilibdi. Biroq, afsuski tarmoqdan foydalanish madaniyatimiz bilan maqtana olmaymiz.

Qarshi shahar suv ta’minoti filiali dispetcherlik qismiga har kuni o‘rtacha 20 ta murojaat tushadi. Ularning yarmidan ko‘pi aynan kanalizatsiya tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik, tiqinlar bilan bog‘liq.

Avariya-tiklash guruhi joylarga chiqqanida ma’lum bo‘ladiki, nosozlikka quvurlarda turli tashlandiq buyumlar tiqilishi oqibatida oqova suvlarning qaytishi (obratka) kuzatilib, yerto‘lalar, kuzatuv quduqlaridan sizib chiqish holatlari ro‘y beradi. Tabiiyki, bu atrof-muhitga, aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Gap shundaki, aholi tomonidan kanalizatsiya quvuriga turli yot jismlar (plassmassa, shisha idishlar, gazlama bo‘laklari, hattoki hayvonlarning ichki a’zolari – ichak-chovoqlar) tashlanishi odatiy holga aylanib qolgan. Achinarlisi, targ‘ibot ishlari qanchalik keng olib borilmasin, bu xunuk an’ana yo‘qolgani yo‘q.

Mana shu holat ham kanalizatsiya xizmati ko‘rsatuvchi subyektlarga yaxshigina boshog‘riq bo‘lib kelmoqda. Ortiqcha xarajatlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi…

Aholi kayfiyatining buzilishi, tevarak-atrofga qo‘lansa hid tarqalishi, «dom»larning yerto‘lasida yuzaga keladigan noxush manzaralarni esa aytmay qo‘ya qolaylik.

Demak

Demak, Qashqadaryoda kanalizatsiya muammosi borligini hech kim inkor etmaydi. Uni hal etishga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Vohada bu borada yirik loyihalarning boshlangani buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Shu bilan to‘xtab qolmasligi ham aniq.

Biroq, aholi kommunal xizmatlarning mavjud muhandislik inshootlari va jihozlaridan xizmat haqi to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirib, madaniyatli tarzda, asrash va avaylash nuqtai nazari bilan foydalanishi baribir muhim masalaligicha qoladi. Shunday ekan, kanalizatsiya tarmoqlarining risoladagidek ishlashi uchun faqat xizmat ko‘rsatuvchi emas, foydalanuvchi ham mas’ul.

Ixtiyor UMAROV,

«Qashqadaryo suv ta’minoti» AJ matbuot xizmati rahbari