Buyuk Britaniyaning jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy agentligi (NCA) hamda Internet Watch Foundation (IWF) tashkiloti yangi tavsiyalar bilan chiqib, ota-onalarni farzandlari suratlarini internetda ochiq tarzda e’lon qilmaslikka chaqirdi.
Niyati buzuq kimsalar tomonidan voyaga yetmaganlar surat va qiyofalaridan foydalanib, sun’iy intellekt yordamida pornografik soxta materiallarni tayyorlash holatlari keskin ortib borayotgani bunga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni begonalar uchun yopib qo‘yish yoki ularda bolalarning suratlarini faqat cheklangan doiradagi insonlarga ko‘rinadigan tarzda joylashtirishni maslahat bergan. Shuningdek, ota-onalarga internetda avval e’lon qilingan suratlarga hushyor turish, ortiqcha rasmlarni o‘chirish hamda maktablar, bog‘chalar va sport to‘garaklariga farzandlari fotolarini e’lon qilishi uchun berilgan rozilik xatlarini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.
IWF ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2025-yilning o‘zida sun’iy intellekt yordamida real tasvir va videolar asosida tayyorlangan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni aks ettiruvchi 8 mingdan ortiq kontent aniqlangan.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, endilikda jinoyatchilarga bola bilan bevosita muloqot qilish shart emas, ijtimoiy tarmoqdagi oddiy suratning o‘zi ham yetarli. Allaqachon shunday holatlar qayd etilganki, firibgarlar o‘smirlarning oddiy selfilarini yoki o‘quvchilarning ta’lim tashkilotlari saytlaridan yuklab olingan rasmlarini sun’iy intellekt orqali yalang‘och soxta tasvirlarga aylantirib, keyinchalik ularni tarqatish tahdidi bilan tovlamachilik qilishgan.

