Tayvanlik tuzalmas kasallikka chalingan ayol «ruhiy yuksalish kursi» uchun uyini sotib, firibgarlar tufayli 420 ming dollar yo‘qotdi. Bu haqda South China Morning Post nashri ma’lum qilgan.
Manbaning yozishicha, Van familiyali bemor ikki ayol tomonidan o‘tkaziladigan «kurs»ga yozilgan. Keyinroq unga uning o‘g‘li ham qo‘shilgan.
Qatnashchilar «ruhiy quvvatni oshirish» niqobi ostida xo‘rlangan va zo‘ravonlikka uchrashgan. Ular yo‘l chetida tiz cho‘kib o‘tirishga, boshqalarning oyoqlarini o‘pishga majburlangan, shuningdek, bir-birlarini ochiqcha kamsitishgan.
«Kurs» rahbarlari izdoshlarini itoatsizlik «og‘ir oqibatlar»ga olib kelishi bilan qo‘rqitgan. O‘qishda «ilgarilash» uchun qatnashchilar «energiyani tozalash bo‘yicha master» unvonini olishga 65 ming dollar to‘lashlari kerak bo‘lgan. Qoidalarni buzish, masalan, telefon qo‘ng‘iroqlarini o‘tkazib yuborish 30 dollar jarima bilan jazolangan.
Itoatsizlik tufayli «kurs»dagi holatlari yomonlashishidan qo‘rqqan Van va uning o‘g‘li «mashg‘ulotlar»da qatnashishda davom etgan. Ular «ruhiy yuksalish darajasi» uchun to‘lovni amalga oshirish maqsadida oilaviy uyini sotishga majbur bo‘lishib, yakunda 420 ming dollardan ajralganlar. Faqat oradan bir yil o‘tib, firibgarlik qurboni bo‘lishganini tushunganlar va sudga murojaat etishgan.

