16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ilm-fan

G‘OLIBLARGA – DIPLOM, USTOZLARGA – TASHAKKURNOMA

Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab jamoalariga esa katta miqdordagi pul mukofotlari

O‘tgan haftada Qarshi shahrida 2024-2025–o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan viloyat hokimi olimpiadasining g‘olib va sovrindorlari hamda ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mazkur tadbirda «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi viloyat bosqichida g‘olib chiqqan jamoalar  ham mukofotlandi.

E’tibor va e’tirof

Ma’lumki, respublikamizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Qashqadaryo tajribasi sifatida e’tirof etilayotgan viloyat hokimi olimpiadasi vohamiz maktablarida ta’lim sifatini yuksaltirish, fanlarni o‘qitish darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, o‘qitish sifati bo‘yicha xalqaro mezon va standartlarga muvofiq yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun zamin yaratish va o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida kimyo, biologiya, fizika, matematika, informatika va axborot texnologiyalari, tarix, ona tili va adabiyot, xorijiy (ingliz, nemis, fransuz) tillar fanlaridan uch bosqichda – maktab, tuman (shahar)lar va viloyat darajasida o‘tkazilmoqda. Joriy yilda mazkur olimpiadada 10 ta fan bo‘yicha 19 ming nafardan ortiq 11-sinf o‘quvchisi ishtirok etib,  ulardan  30 nafari bu nufuzli intellektual bellashuvning g‘olib va sovrindorlari safidan joy oldi.

Viloyat hokimi Murotjon Azimov olimpiadada muvaffaqiyat qozongan iste’dodli o‘quvchilar, ularning ustozlari va ota-onalarini tabriklar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur» degan so‘zlarini keltirib o‘tdi va yurtimizda, xususan, Qashqadaryoda bu  borada qilinayotgan keng qamrovli ishlar xususida to‘xtaldi. Ayni paytda viloyat rahbari vohamizning iqtidorli yoshlari kelajakda hali juda ko‘p marotaba barchamizni quvontirishi va O‘zbekiston, Qashqadaryo sharafi uchun sadoqat bilan xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Marosim ishtirokchilarining gulduros qarsaklari ostida olimpiada g‘olib va sovrindorlari, ularning ustozlariga diplom va tashakkurnomalar, esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Bolalikdan tarixga qiziqaman, keyingi 3 yil davomida esa o‘qituvchim Sobir Qudratov ustozligida bu fanni chuqur o‘rganib, astoydil o‘zlashtirishga harakat qilayapman, – deydi olimpiadada tarix fanidan  1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Chiroqchi tumanidagi 51-maktabning bitiruvchisi Islombek Urozov. – Maktabni tamomlagach, «Yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim olish uchun yurtimizdagi eng nufuzli universitetlardan biriga o‘qishga kirmoqchiman. Shu jihatdan viloyat hokimi olimpiadasi menga, bir tomondan, jiddiy sinovga tayyorgarlik ko‘rish, ikkinchi tomondan, o‘z bilimlarimni yana bir bor baholash imkonini berdi. Darvoqe, maktabimiz o‘quvchilaridan bu olimpiadada birgina men emas, ustoz Bahodir Ergashovning shogirdi Aziza Qo‘yliyeva ham sovrin oldi. U informatika va axborot texnologiyalari  fanidan uchinchi o‘rinni egallagan.

Xabaringiz bor: viloyat hokimi olimpiadasida fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan iste’dodli yoshlar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha Qarshi davlat universitetiga test sinovlarisiz  talabalikka tavsiya etiladi. Shundan kelib chiqib, taqdirlash marosimida olimpiadaning yuqorida qayd etilgan uchta fan bo‘yicha 9 nafar g‘olib va sovrindoriga diplomlar bilan bir qatorda tegishli sertifikatlar ham topshirildi.

– O‘g‘lim Kitob tumanidagi 96-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Javohir Abdiyev (ustozi Eldor Jalilov) biologiya fanidan 1-o‘ringa munosib deb topildi va olimpiada g‘olibi degan nomdan tashqari, katta imtiyozga ham ega bo‘ldi, – deydi pedagog Jahongir Abdiyev. – Marosimda uning ismini eshitib va dastlab diplom, keyin sertifikat olganini ko‘rib, quvonch va faxr, ustozlari va olimpiada tashkilotchilariga esa chuqur minnatdorlik hissini tuydim. Tadbirda o‘qituvchilar va maktabimiz jamoasi sha’niga aytilgan iliq so‘zlar his-hayajonimni yanada oshirdi.

Shu o‘rinda eslatish joizki, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi viloyat bosqichida g‘olib chiqib, respublika bosqichida faol ishtirok etgan Kitob tumanidagi 96-maktabning jamoasi (ingliz tili  o‘qituvchisi va besh nafar o‘quvchi) Buyuk Britaniyaga ta’lim  sayohatiga yuborilgandi. Joriy yilda ham vohamizda bu tanlov yuqori saviyada o‘tkazildi va nizomga ko‘ra, uning tuman (shahar) bosqichi g‘oliblariga 1-, 2- va 3-o‘rinlar uchun mos ravishda 100 million, 75 million va 50 million so‘mdan pul mukofotlari berildi. Taqdirlash marosimida esa mazkur tanlovning viloyat bosqichida muvaffaqiyat qozongan  Koson tumanidagi 9-maktab (1-o‘rin uchun 250 million so‘m), Muborak tumanidagi 28-maktab (2-o‘rin uchun 200 million so‘m) va Kasbi tumanidagi 1-maktab (3-o‘rin uchun 150 million so‘m) jamoalariga jami 600 million so‘m miqdordagi pul mukofotlari topshirildi.

– To‘rt yildan buyon Prezident  sovrini uchun o‘tkazilayotgan «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovida jamoamiz bilan ishtirok etib, har yili turli darajada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayapmiz, – deydi Koson tumanidagi 9-maktabning o‘qituvchisi Nargiza Norqulova. – O‘tgan yili kelgusida, albatta, viloyat bosqichida g‘olib chiqamiz, deb va’da qilgandik va shu yil va’damiz ustidan chiqdik. Keyingi maqsadimiz respublika bosqichida Qashqadaryo sha’nini munosib himoya qilib, sovrinli o‘rinlardan birini egallashdir.

Marosimda iqtidorli yoshlar yutuqlari va fidoiy ustozlar  mahorati alohida e’tirof etilib, yuqori baholanar ekan, bilim – barcha muvaffaqiyatlar kaliti, degan naql yana bir bor o‘z isbotini   topdi va bu, shubhasiz, ko‘pgina yoshlarning o‘qishga ishtiyoqini yanada oshirib, ularni faol harakatga undadi.

O‘z muxbirimiz