16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ilm-fan

G‘OYA VA ILMIY MAHSULOT O‘RTASIDAGI KO‘PRIK

Ta’lim va islohot

Qarshi davlat texnika universitetida g‘oyani prototipga, bilimni mahsulotga aylantiruvchi yangi maskan barpo etilganligini bilasizmi? Bu yerda talaba yoki yosh olim mavjud muammo yechimi bo‘yicha o‘z g‘oyasini shakllantiradi, muqobilini yaratadi, sinab ko‘radi. «Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi» (fab-lab) izlanuvchi yoshlarga ana shunday imkoniyatlarni beradi.

Hozirda ushbu markazda 6 ta sex va 4 ta laboratoriya mavjud bo‘lib, 148 nafar talaba ish bilan ta’minlangan va ilmiy-innovatsion faoliyatga jalb qilingan. Bu yerda 30 ga yaqin xizmat turi, kasb-hunarga o‘rgatish va 20 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq fab-lab oddiy laboratoriya emasligini ko‘rsatadi. U – ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik kesishadigan nuqta.

Fab-lab binosining birinchi qavatida raqamli kontent markazi hamda universal muhandislik, energiya auditi, quyosh qurilmalarini o‘rnatish va ta’mirlash, kompozitsion materiallar va raqamli muhandislik dizayni yo‘nalishlaridagi sexlar faoliyat yuritadi. Shu ma’noda fab-labning birinchi qavatini kichik «mikrozavod»ga qiyoslash mumkin. Chunki bu yerda g‘oyani shakllantirishdan tortib, muayyan buyum yoki xizmatgacha bo‘lgan jarayonning turli bosqichlari qamrab olingan.

Ikkinchi qavatdan esa mexatronika va robototexnika, chorvador mutaxassislarga ilmiy-innovatsion xizmatlar, innovatsion topogeodeziya va raqamli kadastr, ekologiya, noorganik moddalar kimyosi yo‘nalishlaridagi ilmiy laboratoriyalar hamda startapchi yoshlar uchun Coworking markazi o‘rin olgan.

Markazdagi laboratoriyalar majmuasi ilmiy tadqiqot poligoni vazifasini o‘taydi. «Innovatsion topogeodeziya va raqamli kadastr» ilmiy-innovatsion xizmatlar ko‘rsatish markazi esa geodeziya, raqamli texnologiyalar va kadastr sohalarini o‘zida jamlagan bo‘lib, u talabalarning sohaga oid bilimlarini yanada mustahkaamlashga xizmat qiladi hamda zamonaviy geodeziya xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

«Eko tahlil» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi suv, tuproq tahlili va atrof-muhit bilan bog‘liq tadqiqotlar uchun imkoniyat yaratadi. Eng qiziqarli yo‘nalishlardan biri – noorganik moddalar kimyosi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi. Bu yerda litiy, rux va kaliyli birikmalarni sintez qilish, yangi kimyoviy birikmalar sintezi hamda ularning fizik-kimyoviy tahlilini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan.

– Bu laboratoriyalarning bir binoda jamlangani juda muhim, – deydi raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt fakulteti dekani Salim Norqobilov. – Sababi kelajakdagi murakkab texnologiyalar bitta fan doirasida yaratilmaydi. Masalan, robototexnikaga mexanika ham, elektronika ham, dasturlash ham kerak. Energetikada esa materialshunoslik, kimyo, avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar birlashadi. Fab-labning kuchli jihati ham shunda – unda fanlar o‘rtasida devorlar bo‘lmaydi.

– Fab-lab g‘oyasini dastlab Massachusets texnologiya instituti professori Nil Gershenfeld ilgari surgan, – deydi universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G‘ulom Uzoqov, – U raqamli texnologiyalar yordamida «deyarli istalgan narsani yasash» imkoniyatini o‘rgana boshlagan. Uning bu g‘oyasi juda qiziq edi, ya’ni kompyuterdagi raqamli g‘oyani real buyumga aylantirish. Masalan, talaba kompyuterda biror detalning 3D modelini yaratadi va keyin 3D-printer, lazer keskich yoki CNC stanogi yordamida uni haqiqiy buyumga aylantiradi.

Keyinchalik Hindiston, Kosta-Rika, Norvegiya, Gana, Finlyandiya, Ispaniya kabi davlatlarda ham shunday laboratoriyalar paydo bo‘ldi. Fab-lablar soni ko‘paygach, ularni birlashtiruvchi xalqaro tarmoq shakllandi. 2009-yilda «Fab Foundation» tashkiloti tuzildi. Uning vazifasi fab-lab tarmog‘ining kengayishiga, yangi laboratoriyalar tashkil etilishiga, ta’lim va texnologiyalar almashinuviga ko‘maklashishdan iborat edi.

– Universitetdagi muhandislik markazining vazifasi o‘zining hudud iqtisodiyoti va ehtiyojlariga mos modelini shakllantirishdan iborat, – deydi ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Davlonov. – Ma’lumki, Qashqadaryo – sanoat, energetika, neft-gaz, qishloq xo‘jaligi, qurilish va transport kabi yo‘nalishlar bir-biri bilan tutashadigan hudud. Shu sababli fab-labning istiqboli juda keng. Masalan, mahalliy korxonada biror texnologik muammo paydo bo‘lsa, uni universitetga olib kelish mumkin. Muammoni talaba, professor-o‘qituvchi va korxona mutaxassisi birgalikda o‘rganadi. Mana shu jarayon universitetni ishlab chiqarishga yaqinlashtiradi.

Fab-labning eng katta vazifasi – talabani tayyor yechimni kutadigan mutaxassisdan muammoni ko‘rib, unga yechim taklif qila oladigan muhandisga aylantirish. Shu jihatdan Qarshi davlat texnika universitetida tashkil etilgan «Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi»ni oddiy laboratoriya yoki ustaxona sifatida baholash kamlik qiladi. Sababi bu markaz – g‘oya va ilmiy mahsulot o‘rtasidagi ko‘prik.

Abdurazzoq MURODOV

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.