16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Iqtisodiyot

Hamkorlik ufqlari Qashqadaryoda Mo‘g‘uliston qo‘ylari ko‘paytiriladi, Mo‘g‘ulistonda Qashqadaryo tarvuzlari yetishtiriladi

2025-2026-yillarda viloyatimizga Mo‘g‘ulistondan 10 ming bosh qo‘y olib kelinib, mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytiriladi. Ayni paytda vohamiz polizchilari tomonidan mazkur mamlakat hududida Qashqadaryo tajribasi asosida tarvuz yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-25-iyun kunlari Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi davomida bir qator  jabhalar, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida ko‘plab kelishuvlarga erishilgan. Ushbu kelishuvlar doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining shu yil 17- iyuldagi qarorida jamlangan bo‘lib, mazkur hujjatga muvofiq, xususan, Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollar (81 ming bosh qo‘y va 19 ming bosh echki)ni olib kelish va 2029-yilning yakuniga qadar ularning bosh sonini 1 million boshga yetkazish reja qilingan.

Qaror bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da ko‘rsatilganidek, shu yilning avgust-sentabr oylarida Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga mayda shoxli mollarni olib keladigan tashabbuskorlar aniqlanib, tegishli shartnomalar tuzilgach, joriy va kelgusi yillarda ko‘y-echkilarni karantinda saqlash va keltirish choralari ko‘riladi. 2026-2029- yillarda esa shartnoma tuzgan xo‘jaliklarga mayda shoxli mollar bosh sonidan kelib chiqib yaylov yer maydonlari ajratiladi.

«Yo‘l xaritasida», shuningdek, Mo‘g‘ulistondan keltiriladigan ko‘y-echkilardan olinadigan junni qayta ishlash, ushbu mamlakatdan mayin jun va kashemir olib kelish, mo‘g‘ulistonlik hamkorlarga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish, O‘zbekiston tajribasi asosida Mo‘g‘ulistonda dehqonchilik va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, shu jumladan, bu mamlakat hududida jami 3 ming gektar maydonda pomidor va tarvuz yetishtirishni tashkil etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, kelgusi yilda viloyatimiz dehqonlari tomonidan Mo‘g‘ulistonda 300 gektar maydonda tarvuz yetishtirilishi nazarda tutilgan. Buning uchun joriy yil sentabr-oktabr oylarida shu ish bilan shug‘ullanadigan mahalliy tadbirkorlar ro‘yxati shakllantiriladi va Mo‘g‘uliston tomoni bilan yer ajratish masalasi hal etiladi, kelgusi yilda esa ushbu mamlakatning tuproq-iqlim sharoitlari hamda pomidor va tarvuz yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganish uchun mutaxassis va tadbirkorlarning xizmat safari uyushtiriladi.

O‘z muxbirimiz