16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

HAR BIR KISHI, KIM BO‘LSA HAM, TAQDIR IZMIGA BO‘YSUNISHI, PESHONADA BORINI KO‘RISHI LOZIM

Odamning yuragida dardi kuchli, aytadigani aniq bo‘lsa, gapni cho‘zib o‘tirmaydi, shartta borini aytadi-qo‘yadi. Rus yozuvchisi Anton Pavlovich Chexov shunday adiblardan edi – qisqalik, kam gapda ko‘p ma’no ifoda etish va shu bilanoq mo‘ljalga urish unga xos asosiy xususiyatdir. Bu uslub keyinchalik ne-ne adiblar ijodiga ta’sir etmagan deysiz. “Kichik hikoyalarda hamma narsani hikoya qilgandan ko‘ra nimalarnidir aytmay qoldirish yaxshiroq… chunki… chunki… nega shundoqligini bilmayman…”, degan edi Chexov. Adib asarlari “xarakterlar xazinasi” sifatida e’tirof etiladi.

Anton Pavlovich 24 yoshida sil kasaliga chalingan, bor-yo‘g‘i qirq to‘rt yil umr ko‘rgan va yigirma yil atrofida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullangan. Ana shu qisqa umri davomida yozgan asarlarini 1976-yilda Moskvadagi “Nauka” nashriyoti 30 tomda jamlab, chop etgan.

Lev Tolstoy “Nasrimizning Pushkini. Pushkin she’rlarini o‘qib, har bir qalb o‘zida aks sadoni his etadi, Chexov qissalarini o‘qiganda ham xuddi shunday hol yuz beradi”, deya ta’rif bergan.

Anton Chexov hamisha o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lardi. Birinchisi – to‘g‘ri kelgan kitobni o‘qib zavqlanaveradigan oddiy o‘quvchilar. Ikkinchisi – muallif bilan birga fikrlaydigan, ishora va metaforalarni tushunadigan, fikr qiladigan, muallif bilan tasavvurda bahslashadigan “hammuallif o‘quvchilar”. Chexov o‘zining asarlarini hammuallif o‘quvchilar mutolaa qilishini istardi.

O‘tgan yili “Akademnashr” nashriyotida Humoyun tarjimasida chop etilgan “Kuchuk yetaklagan xonim” to‘plamida “Qiyshiq ko‘zgu”, “Yozuvchi”, “Bebaho ko‘ppak”, “Qaltis hazil”, “Og‘u”, “Jaholat”, “Sir”, “Hakalak”, “Bir do‘kon tarixi”, “Kuchuk yetaklagan xonim” kabi yigirmadan ziyod hikoyalar hamda “Qora rohib” qissasi o‘rin olgan. Bugun jamlagan lavhalarimiz shu kitobdan.

Saralangan satrlar

***

Baxt, odatda, o‘z botinida og‘u saqlaydi yoki atrofdan kimdir uni zaharlaydi.

***

Hujjat qanchalik chigal bo‘lsa, shunchalik verguli ko‘p bo‘ladi.

*  *  *

Fan va dori-darmon yildan-yilga yangilanib boraveradi, ammo dorixona hidi materiya singari abadiydir. Uni bizning bobolarimiz hidlagan, nabiralarimiz ham bahramand bo‘lishadi.

*  *  *

Azbaroyi xudo, g‘alati odamlar! Nega endi yuziga olim qiyofasini berishadi? Aftiga qarasang, chindanam ilm fidoyisimikan deb o‘ylaysan, qilar ishi esa bor-yo‘g‘i soch o‘stiradigan malham sotish-ku. Yaqin odamidan ham uch barobar yulib qolsam deydi, lotincha yozadi, nemischa gapiradi… O‘zidan o‘zi o‘rta asrlarga xos nimalarnidir kovlab topadi… Sog‘-salomat yurganingda bu quruq, turqi sovuqlarga e’tibor bermaysan, kasalga chalinganingda ahvol shu, savobli kasb mana shunaqa hissiz, silliq jasadlar chekiga tushib qolganini ko‘rib, vahima bosadi.

*  *  *

Shunaqa bema’ni xatlar yozaversa, sud ijrochisiga qatnayversa, vaqt o‘tgani sari odamzodning fe’l-xo‘yi o‘zgarib ketar ekan…

*  *  *

Kishi o‘z joniga qasd qilishining sababini hech qachon ikir-chikirigacha anglab yetib bo‘lmaydi! Sabab qayerda? Bugun qo‘liga to‘pponcha tutishga majbur qilgan sabab ertaga tuxum po‘chog‘iga arzimay qolishi mumkin…

*  *  *

Kishiga o‘zining chekkan azoblari bosgan muhr izlari o‘chirilmas, daxlsizday tuyular ekan-da! Keyin-chi? Bu muhr izlari arzon supurgida supursang ham osongina o‘chib ketadi. Hech balo qolmaydi, koshki, bilsayding!

*  *  *

Baribir ona tabiatni sharaflayman, uni moddalar almashinuvini ta’minlagani uchun alqayman. Agar har birimizni boshimizdan kechirgan tish og‘rig‘i yoki o‘shandagi qo‘rquvning azobli xotiralari abadiy unutmaslikka buyursa bormi – bu olamda allaqachon odamzodning kuni bitgan bo‘lardi!

*  *  *

Ehtimol, mehmonni qarshi olishdan ko‘ra uni kuzatganda odamlar anchayin samimiy, olijanob bo‘lib qolsa kerak.

*  *  *

Suv qayoqqa, nima sababli oqadi, noma’lum…  U o‘sha may oyidagi singari besabab chopardi; anhor katta daryoga, daryo dengizga qo‘shiladi, keyin bug‘lanadi, yomg‘irga aylanadi va, balki, Ryabovichning poyida yana o‘sha avvalgi suvlar chopib o‘tayotgandir… Nega? Nechun?

Ryabovichga butun olam, butun hayot tushuniksiz, maqsadsiz, hazilday tuyuldi… Nigohini suvdan olib, osmonga qaradi, taqdir uni sirli qiz qiyofasida siylaganini o‘yladi, yozdagi orzulari, timsollarini esladi va o‘z hayoti g‘ayritabiiy ravishda zerikarli, g‘arib, tussiz tuyuldi…

***

Baxtiyorlik intiho nimaligini bilmaydi!

*  *  *

Na Yalta, na Oreanda bo‘lmagan zamonlarda ham to‘lqinlar shunday shovullagan, hozir ham bezovta, bizdan keyin ham o‘shanday bo‘g‘iq, beparvo shovullayveradi. Hayot-mamotga parvosiz bu barqaror muntazamlik zamirida har birimiz botinmiz, balki, unda bizga mangu najot garovi ham, yer yuzidagi hayotning uzluksiz harakati ham, mangu mukammallik ham mujassamdir. Tong chog‘ida ertakdagi singari jozibali sokin dengiz, tog‘lar, bulutlar, poyonsiz osmon bag‘rida xotirjam va sirli sohibjamol yonida o‘tirgan Gurov, aslida, o‘ylab ko‘rilsa, inson qadri, turmushning muqaddas burch-u mas’uliyatini batamom unutib o‘ylaganlarimiz va qilgan ishlarimizdan tashqari barchasi bu olamda go‘zal ekani haqidagi xayollarga berildi.

*  *  *

Birinchi qor yog‘ganda, birinchi chana uchgan kunlarda yer yuzi-yu tomlar oppoq, chiroyli ko‘rinadi, bahri diling ochiladi, shu lahzalarda yoshliging yodingga tushadi. Sarv-u palmadan ko‘ra qirov qoplagan ko‘hna oq qayin va jo‘kalar dilga yaqinroq tuyuladi, ularni ko‘rib, tog‘-u dengizlarni xayolingga keltirmaysan, xohlamaysan ham.

*  *  *

Qanchalar yovvoyi axloq, qanaqa odamlar o‘zi bular? Tunlar naqadar telba-teskari kechadi, kunlar o‘ta zerikarli, nursiz! Jazavali karta o‘yini, yebto‘ymaslik, ichkilikbozlik, almisoqdan qolgan gaplarni aytib chaynalish… Benaf ovoragarchilik, ma’nisiz suhbatlar bebaho umrning go‘zal davrini, butun kuch-quvvatini so‘rib olyapti, oxir-oqibat undan qolari shu – o‘lda-jo‘lda, tutqunlikdagi hayot, quruq safsatalar; boshini olib bir taraflarga ketolmaydi yoki qochib qutulolmaydi, amrimahol, xuddi jinnixonada yoki aristonlar rotasida yurganga o‘xshaydi!

*  *  *

Har bir kishining niqobi ortida xuddi tun pardasi qoplaganday asrori bor, ularning ham haqiqiy, qiziqarli hayoti yo‘q emas degan fikrda edi. Har bir shaxs yaralibdiki, kimningdir siriga aylangan, ehtimol, shuning uchun ham madaniyatli kishilarning ayrimlari o‘z siriga nisbatan hurmat saqlashga qayg‘uradi.

*  *  *

Modomiki, muhabbatda shaxsiy baxt muhim ekan – qolgan barchasi mavhum, istaganday talqin qilishing mumkin. Hozirgacha sevgi haqida faqat birgina muhokamaga muhtoj bo‘lmagan haqiqat aytilgan, aynan “bu buyuk tilsimdir”, qolgan barchasi, sevgi haqida nimaiki so‘zlangan, yozilgan bo‘lsa, xulosasiz, hanuz to‘laqonli hal etilmagan masalaning o‘rtaga tashlanishi, xolos. Bir hodisa uchun maqbulday tuyulgan asosni qolgan o‘nlab holatlar inkor etadi, eng yaxshisi, menimcha – umumiy xulosa chiqarishga shoshilmay, har bir hodisani ayrim-ayrim holicha sharhlagan ma’qul. Shifokorlar aytganday, har bir masalaga alohida, maxsus yondashuv joiz.

*  *  *

Odatda, sevgini shoirona tasvirlaydilar, gullarga burkaydilar, bulbullarni sayratadilar, biz – ruslar esa muhabbatimizni shunday og‘ir savollar bilan bezaymizki, ustiga-ustak, ular orasidan eng zerikarlisini tanlab olamiz.

*  *  *

Yolg‘iz yashaydigan odamlar yuragining tub-tubida qandaydir hasrat bo‘ladi, istalgan payti dardini doston qilgisi keladi.

*  *  *

Hamma yerda maslagi bor kishilar o‘zining asabiyligi, ta’sirchanligi bilan ajralib turadi.

*  *  *

Kitobda yozilgan fikrlar uni qoniqtirmas, ko‘ngli qandaydir ulkan, aql bovar etmas, hayratlarga chulg‘aguvchi boshqa nimanidir xohlardi.

*  *  *

Ongli va ozod kishilarsiz insoniyat notavon bo‘lib qolur edi; u tabiiy tamaddunga asoslansa, o‘zining yer yuzidagi tarixining intihosini juda uzoq kutishga majbur bo‘lardi.

*  *  *

Baxtiyorlik odamning tabiiy holati bo‘lishi kerak emasmi? Odamzod aqliy-axloqiy jihatdan yuksalgan sari yanada erkinroq yashab, hayoti huzur-halovatga to‘lib boraveradi.

*  *  *

Hayot insonga berishi mumkin bo‘lgan arzimas ne’mat evaziga qanchalar katta tovon talab qilishini o‘ylab ketdi. Masalan, qirq yoshni qoralay deganda mustaqil kafedra ochish, oddiy professor bo‘lishi uchun lanj, zerikarli, og‘ir, sodda tilda, ustiga-ustak, o‘zgalar fikrini bayon qilish – bir so‘z bilan aytganda, o‘rtamiyona olim darajasiga yetish uchun u – Kovrin o‘n besh yil tinimsiz o‘qib-o‘rgandi, tun-u kun ishladi, og‘ir ruhiy xastalikka chalindi, tolesiz oila qurishiga to‘g‘ri keldi va o‘zi eslashni istamaydigan qancha nohaqlik, telbaliklarni yengib o‘tdi. Oxir-oqibatda anglab yetdiki, u o‘rtamiyona kishilardan biri ekan, xolos va bunga bajonidil rozi bo‘ldi, shukrona keltirdi, uning fikricha, har bir kishi, kim bo‘lsa ham, taqdir izmiga bo‘ysunishi, peshonada borini ko‘rishi lozim ekan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.