Saralangan satrlar
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi O‘lmas Umarbekov asarlari o‘zbek adabiyotida munosib o‘rniga ega. “Odam bo‘lish qiyin”, “Fotima va Zuhra”, “Sevgim-sevgilim”, “Kimning tashvishi yo‘q”, “Urush farzandi”, “Kuzning birinchi kuni”, “Yoz yomg‘iri”, “Qizimga maktublar” asarlarini ko‘pchilik sevib mutolaa qiladi. Ayniqsa, Shukur Burhon bosh rolni ijro etgan “Qiyomat qarz” spektakli xalqimiz orasida ancha mashhur. Yozuvchi “Yigit va qiz”, “Asosiy kun”, “Ikki soldat qissasi”, “Changalzordagi ov”, “Sevgi afsonasi” kinossenariylari muallifi hamdir.
O‘lmas Umarbekov “O‘zbekfilm” kinostudiyasi direktori, Madaniyat vaziri, Yozuvchilar uyushmasi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ham samarali faoliyat olib borgan.
Ijtimoiy-siyosiy hayotda faol bo‘lgan adib asarlari janrining rang-barangligi, qahramonlar ruhiy olami teranligi bilan ajralib turadi.
Quyida adibning “Odam bo‘lish qiyin”, “Urush farzandi” hamda “Damir Usmonovning ikki bahori” asarlaridan e’tiborga molik lavhalarni saraladik.
* * *
Yog‘och shunday ingichka ediki, kimdir ozgina qimirlasa, ikkalovi ham ag‘darilib halok bo‘lardi. Shahzoda otasiga dedi:
– Ota, bu yog‘och ustida ikkalamiz jon saqlolmaymiz. Sen mening tug‘ilishimni istagan eding. Endi qo‘yib ber, men yashashim kerak.
Shunday deb shahzoda otasini suvga itarib yubordi. Shoh g‘arq bo‘ldi. Shahzoda o‘zga bir mamlakatga suzib kelib, o‘zini fir’avn e’lon qildi. Uning zulmidan, uning qahridan yarim xalq qochib qutuldi, yarim xalq o‘ldi. Mamlakatda fir’avnning o‘zidan boshqa hech kim qolmadi. U uzoq yashadi, ammo na tushida, na o‘ngida hayot lazzatini surdi. Butun umri yolg‘izlikda, azob-uqubatda o‘tdi. Aytishlaricha, bunday odamlar yuz yilda bir tug‘ilar emish…
* * *
Mingbuloqning markazidayoq tolzor takya vodiyning mashhur qiziqchilari, shoir va polvonlarini to‘plagan, qulochga sig‘maydigan tollar tagidagi supalarda oshxo‘rlar kunni kech qilishgan, shuhrati butun respublikaga tarqalgan ashulachi, cholg‘uvchilarning ashula, mashqlarini eshitishgan. Olis yo‘lga otlangan sayyohlar ham Mingbuloqda to‘xtab, devziradan bir siqim osh qilib yeb ketishmasa, ko‘ngillari joyiga tushmasdi. Mashhur Yusufjon qiziqning o‘z shogirdi Oxunjon qiziqqa yutqazgan joyi ham shu Mingbuloq bo‘lgan. Tumonat odam o‘shanda taraf taraf bo‘lib askiyani to‘polonga aylantirgan ekan.
* * *
Maktab tomondan eshitilayotgan musiqa, kulgi sadolarini hisobga olmaganda, o‘sha kuni Mingbuloq osuda tun qo‘ynida orom olardi. Osmon to‘la yulduz. Yangi yetilgan kungaboqardek sarg‘ayib turgan oyning nimrang shu’lalaridan olmazor hisobsiz kumush isirg‘a taqqan edi.
* * *
Har bir oilaning o‘ziga xos hayoti, tarixi bo‘ladi.
* * *
Shunday toifa odamlar bo‘ladiki, ular mehnat bilan bo‘lib o‘zini o‘ylamaydi.
* * *
Hunarsiz odamning hassasiz ko‘rdan farqi yo‘q.
* * *
Odamga eng zarur narsa – sog‘liq.
* * *
Sershovqin shahar hayoti darhol uni quchog‘iga oldi. Yashash qanday yaxshi, tag‘in shunday katta, go‘zal shaharda! Shu daqiqada hamma narsa – shu muhtasham vokzal binosi ham, bir-birini quvib o‘tayotgan turnaqator mashinalar ham, keng vokzal maydoni o‘rtasidagi bahaybat ko‘saknusxa favvora ham, hamma-hammasi uni quvontirar, uning borlig‘idan va baxtiyorligidan darak berib turardi.
* * *
Maslahat so‘rashning o‘zi uyat. Undan rosa kulishlari mumkin. Kulishsa ham mayli, uni haqorat qilishlari mumkin. Axir birovning mol-mulki, amaliga qarab muhabbat qo‘yib bo‘ladimi? Bu sharmandalik-ku! U nima degan odam bo‘ladi? Obro‘si qoladimi o‘shanda?
* * *
Mana biz yuryapmiz. Har bir qadamimiz qandaydir bir fizik hodisa. Kaptar uchdi, olma shoxidan uzilib tushdi. Bular ham fizik hodisa. Xullas, hamma hodisa va ular asosida paydo bo‘lgan nazariyalarning tafakkurga aloqasi bor.
* * *
Falsafani o‘rganmasdan, ilmiy haqiqatlarga yetib bo‘lmaydi… Agar hamma narsa o‘sish, rivojlanishga ega ekanligini Eynshteyn bilmaganda, uning nisbat nazariyasi ham paydo bo‘lmasdi.
* * *
Qiziq, nega zontlar har xil tovush chiqaradi? Yomg‘ir hammasiga bir xil urilyapti-ku! Birovniki xuddi entikkan yurak urishidek dukillaydi, birovniki esa qizitilmagan chirmandadek takillaydi… Hammasi har xil. Bu qanday qonunga kirar ekan? Buning qonuni bormikin o‘zi?
* * *
Hamma qonunlarning asosi bor – hayot. Hayotdan yuksak qonun yo‘q. Kim shunday degan edi? Lomonosov bo‘lsa kerak?..
Ha, hayotdan yuksak qonun yo‘q. Hayot esa murakkab, unda hech narsa bir-biriga o‘xshamaydi. Hatto odam ham. Har bir odamning o‘z hayoti bor. Birov xursand, birov xafa. Birov bor istaklariga erishgan, birov endi erishyapti. Birov esa… birov esa hech narsaga yetisholmay o‘tib ketyapti.
* * *
Iste’dodsiz ijodkor bo‘lish qiyin. Buni hamma biladi. Ammo mehnat, bilim, g‘ayrat kabi qator komponentlar borki, bularsiz ijodni tasavvur qilib bo‘lmaydi.
* * *
Yosh bola yig‘laydi, katta bola tig‘laydi, deb bekorga aytishmagan ekan. Yig‘lasa, yupatasan, mana bunday yuragingni tig‘lab tursa, nima qilasan?
* * *
Hali har bitta odam g‘oz turib, dilidagini aytadigan davr kelmagan, hali yemoq-ichmoq taqchilligi tufayli, borning so‘zi so‘z edi. Borlar esa nima uchun orttirganini, orttirmoqchi bo‘lganini birov bilan bo‘lishishi kerak? Oqsoqol bu toifa xalq bilan ham chiqishib yashash kerakligini biladi. Bir kun keladi, el dardi, yurt dardi hamma manfaatlardan oldinga o‘tadi, hamma bir-biriga hurmat bilan qaraydigan bo‘ladi.
* * *
Kishi hayotida shunday voqealar bo‘ladiki, umrbod xotiridan ko‘tarilmaydi. Ularni eslaganingda dam sevinasan, dam qayg‘urasan.
* * *
Bolgariya ajoyib mamlakat. Bir borgan kishi uning maftuni bo‘lib qoladi. Ko‘ko‘par tog‘lar, qishin-yozin zumrad o‘rmonlar, goh birlashib, goh ajralib oqadigan kumush daryolar bu o‘lkaning husni, g‘ururi. Uning qishloqlari, yo‘llarini aytmaysizmi? Ikki yoqasi olma-gilos yoxud olxo‘ri, bu yo‘llardan o‘tganda, o‘zingizni cheksiz mevazor ichida borayotgandek sezasiz. Hech kutilmaganda qishloq ustidan chiqib qolasiz. Qishloqlar bir-biriga o‘xshamaydi, hammasining o‘ziga xos arxitekturasi bor. Bir qishloq ikki qavatli jimjimador uylardan iborat bo‘lsa, ikkinchisi uning teskarisi – uylarning yarmi yo‘lning pastida, keng ayvonli, yassi, aylanma zinalardan tushiladi. Ba’zi uylarning tomiga garaj qurilgan. Hammasiga odamning havasi keladi, hammasi bejirim, chiroyli. Shaharlari ham xuddi shunday. Butun Bolgariyani aylanib, bir-biriga o‘xshagan ikkita binoni topish qiyin.
* * *
Bolgarlarning mehnatsevarligiga qoyil qoldim. Oddiy materiallardan ham shunday ajoyib sayilgoh, mehmonxona, restoranlar qurib tashlashganki, ko‘rib to‘ymaysiz. “Lo‘lilar chodiri”da bironta stol yoki stul yo‘q. Stol o‘rnida arava, stullar esa egarlardan iborat. Tabiiy bo‘lishi uchun bir-ikkita aravaga ot, eshak bog‘lab qo‘yilibdi. “Kulibi” degan restoran esa faqat qamishdan, o‘zimizning oddiy qamishdan bo‘lib, to‘rt kishilik, olti kishilik, ikki kishilik chaylalardan tashkil topgan. Chaylalar shunday chiroyli to‘qilganki, odamlar hashamatli restoranlarga borishdan ko‘ra, shu yerni afzal ko‘rishadi. Ikki-uch kun avval joyni band qilib qo‘yishadi.
* * *
Tun qanchalik qorong‘i bo‘lsa, kunni shunchalik ravshan his qilging keladi.
* * *
Xalqimizda yaxshi maqol bor: it hurar, karvon o‘tar. O‘zingizga puxta bo‘ling. Toymaslikka harakat qiling. Toydingizmi, tamom, ustingizga chiqib olishadi.
* * *
Hozir davr boshqacha. Odamlar ma’lumotli. Texnika yuksak. Baqirish bilan, urish-so‘kish bilan hech narsa qilib bo‘lmaydi. Planni bajarish burch ekanligini hamma biladi hozir. Faqat qanday bajarish kerak? Ana shuni o‘rgatish kerak. Talab qilish oson, amalga oshirish qiyin.
* * *
Odamlarni o‘ylash, ularning g‘amini yeyish, bugunini kechagisidan, ertasini bugunidan to‘q, farovon qilishdan sharafli ish bormi?
* * *
Odamning har bir ishiga guvoh talab qilinadigan bo‘lsa, unda hayotda siljish bo‘larmidi?! Umuman, kimga ishonib bo‘lardi?.. To‘g‘ri, asirlik jiddiy masala. Xoinlar, nomardlar ham urushdan so‘ng guvoh yo‘qligidan foydalanib, o‘zlarini qahramon qilib ko‘rsatishgan. Yuzta nomardning ichidan bitta mardni topish qiyin. Lekin begunoh odam umr bo‘yi jabr tortib o‘tishi mumkin emas-ku?
* * *
San’atdagi hamma odamlar haqiqiy san’atkor bo‘lavermaydi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

