16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Hazor buqo yodgorligi haqida bilasizmi?

Qashqadaryoga oid

Qashqadaryo tarixini ochilmagan qo‘riqqa o‘xshatish mumkin. Kengliklaru adirliklar, tog‘laru sahrolar bag‘rida necha ming yillik tarixning ko‘plab sinoatlari yashirin. Ularni o‘rganish, tadqiq etish orqali ota-bobolarimizning bunyodkorlik madaniyati, jangu jadallari, ba’zan g‘olib, ba’zan mag‘lub kechmishiga guvoh bo‘lamiz. Ayrim tarixiy yodgorliklar esa arxeolog olimlar tomonidan o‘rganilganu, oddiy kishilar u haqda yetarli ma’lumotlarga ega emas. Binobarin,  quyida havola etilayotgan lavhalar bu borada asqatishiga ishonamiz.

Qarshi shahridan 46 kilometr shimoli-  sharqda, Ko‘kdalaning Taloqtepa  qishlog‘idan sharq tomonda,  qadimgi Nasaf-Samarqand yo‘li ustida, Eski anhor arig‘idan 5 kilometr sharqda Hazor Buqo yodgorliklar majmuasi joylashgan. Taniqli arxeolog olim Abdisabur Raimqulovning ma’lum  qilishicha, Hazor Buqo umumiy maydoni 20 gektardan ortiq, o‘rta asrlar davriga oid shahar xarobasi bo‘lib, mo‘g‘ullar istilosi davrida vayronaga aylangan. Chig‘atoy ulusi davrida uning atrofida mo‘g‘ul aslzodalarining kvadrat va to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi bir nechta  qal’alari paydo bo‘lgan.

Hazor Buqo yodgorliklari joylashgan hududda X-XIII asr boshlariga oid kulolchilik buyumlari, kulolchilik xumdonlari  qoldiqlari, pishiq g‘isht parchalari ko‘p miqdorda uchraydi va ular orasida XIII-XIV asrlarga oid sopol buyumlar ham mavjud.

V.V.Bartoldning ma’lumotiga ko‘ra, Hazor Buqo tarixiy shaxs nomi bo‘lib, u Chingizxonning o‘g‘li Ugedey hukmronligi davrida Qarshi shahrida dorug‘achi, ya’ni shahar hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.  Hazor Buqo Naxshabda yashagan, asli kirmonlik Qutbiddin Kirmoniyning singlisiga uylangan. 

Kelib chiqishi ko‘chmanchi bo‘lgan Hazor Buqo shaharda emas, cho‘lda bunyod etilgan  qarorgohida yashagan va uning nomi bilan atalgan yodgorliklar bizning kunlargacha saqlanib  qolgan.

Qal’a kvadrat shaklda  qurilgani haqida aytdik. E’tiborlisi, Qarshi, Zanjir Saroy va Zanjir Dumaloq kabi yodgorliklarning tarhi ham bir xil. Kvadrat shaklga ega, to‘rtta  qarama- qarshi tomonida to‘rtta darvozasi bo‘lgan ushbu  qal’a-shaharlar xunnlar davridan, miloddan avvalgi I ming yillik oxirlaridan boshlab Mo‘g‘uliston va Janubiy Sibir o‘lkalari hududlarida keng tarqalgan usulda qurilgan.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, Mo‘g‘uliston va Janubiy Sibir o‘lkalari hududida kvadrat va to‘g‘ri to‘rtburchak tarhga ega shaharlarning paydo bo‘lishi, bevosita sug‘d  mustamlakachiligi bilan bog‘liq. Ayrim mutaxassislar fikriga ko‘ra, sug‘diylar Aleksandr Makedonskiy boshliq greklar istilosi sabab o‘z yurtlarini tashlab bu hududlarga kirib borganlar. Mo‘g‘uliston va Janubiy Sibirda ilk shaharlar xunnlar davrida paydo bo‘lgan. N.Y.Bichurinning ma’lumotiga ko‘ra, xunnlar miloddan avvalgi 81 yilda bug‘doy saqlash uchun shahar barpo etishga kirishganlar.

Mo‘g‘uliston hududidagi xunnlar davriga oid Xaralchi Xeremgiyn balg‘as (200×200 metr), Uyg‘ur hoqonligi davridagi Xaruxain balg‘as (500×500 metr) kabi shaharlarning barchasi kvadrat shaklda  qurilgan, to‘rt tomonida to‘rtta darvozasi bo‘lgan.

Mo‘g‘ullar o‘zlari hukmronlik  qilgan davrda bu an’anaviy usulda  qurilgan  shaharlardan ham foydalanganlar. Chingizxon  qarorgohi hisoblangan Xara-xorin (xitoychada «Xolin», bizning ota-bobolarimiz bu shaharni yomon ko‘rishib uni «Qora qurum» deb atashgan) shahri ham kvadrat shaklda  qurilgan to‘lib, uning tomonlari 400×400 merni tashkil etgan, to‘rt tomonida darvozalari bo‘lgan. Xara-xorin ichida joylashgan yuzlab hovlilar kvadrat shaklga ega bo‘lgan. Manbalarda aytilishicha, Qora qurumda ikkita – savdogarlar va hunarmandlar kvartali    faoliyat ko‘rsatgan. Savdo ishlari bilan musulmonlar, hunarmandchilik bilan esa xitoylar shug‘ullanganlar.

Shaharda o‘n ikkita buddaviylik va daosiylik ibodatxonalari, ikkita masjid va bitta nestorianlik cherkovi bo‘lgan. Chingizxon ko‘proq buddaviylikka xayrixoh bo‘lgan, uning  qo‘li ostidagi keraitlar va naymanlar esa xristianlikning nestorian mazhabida bo‘lganlar. Marko Polo, Plano Karpini va Vilgelm Rubruk Qorqurumni dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri sifatida ta’riflashgan.

Mo‘g‘uliston hududidagi XIII-XIV asrlarga oid Xir-Xira shahri ham kvadrat shaklda  qurilgan yuzlab turlicha me’moriy inshootlar va shaharliklar hovlilarning jamlanmasidan tashkil topgan. Xara-xorin va Xir-Xira shaharlaridagi kvadrat shaklida  qurilgan hovlilar namunalarini Qashqadaryo vohasidagi Hazor Buqo yodgorliklari kvadrat shaklidagi tarhlarida yaqqol ko‘rish mumkin.

Chingizxon boshliq mo‘g‘ullarning g‘arbga  qilgan istilochilik yurishlari davomida ular hukmronlik  qilgan hududlarda  qadimdan keng tarqalgan ushbu an’anaviy shahar va xususiy uy-joylar  qurilishi usuli u yerlarda ham yoyilgan. Oltin O‘rdaning birinchi poytaxti Saroy (Saroy al-Maxrus) ham shunday usulda barpo etilgan. Undan tash qari, mo‘g‘ul aslzodalarning Volga   daryosi bo‘yida qurilgan alohida keng hovli-joylari ham mana shunday tarhga ega bo‘lgan. Bu hovlilarning aksariyatida mo‘g‘ullarning chodirlari tikilgan bo‘lib, ular ko‘proq mana shu chodirlarda yashaganlar.

Qarshi, Zanjir Saroy, Zanjir Dumaloq kabi yodgorliklarning original xususiyatlari va o‘ziga xosligi shundaki, Mo‘g‘uliston va Janubiy Sibirda keng tarqalgan shaharsozlik madaniyati an’analari asosida  qurilgan kvadrat tarhli shaharlar O‘rta Osiyo hududida, Qashqadaryo vohasidan boshqa biron joyda uchramaydi. Yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, mo‘g‘ullar hukmronligi davrida, Mas’udbek tomonidan ko‘plab shaharlarda  qurilish ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, O‘rta Osiyoda yangidan bir-ikkita shahar  qurilgan, xolos. Mana shunday shaharlardan biri Tuvaxon (hukmronligi 1282-1306 yillar) tomonidan  qurilgan Andijon shahri bo‘lib, u qadimgi shahar xarobalari ustida bunyod etilgan. Bu shahar xarobalari saqlanmaganligi sababli, uning Tuvaxon davridagi tarhi qanday bo‘lganligi noma’lum.

Burgut asoli Zevs, ajdaho ustidagi hukmdor…

Ma’lumki, miloddan avvalgi IV asrda O‘rta Osiyo hududi Aleksandr Makedonskiy boshliq yunon-makedonlar tomonidan bosib olingan. Natijada Yerqo‘rg‘on o‘rnida mavjud  qadimgi shahar arxeologik topilmalari ham turli o‘zgarishlarga yuz tutgan. Jumladan, sopol buyumlarning shakli o‘zgarib, nafis jomlar, ovqat solinadigan idishlar, laganlarda yangi uslub ta’siri sezila boshlagan. Ayni shu davrda vohada koroplastika (loydan haykallar ishlash) san’ati vujudga keladi. Bu davrdagi noyob terrakota rasmlar va bezaklar ellincha usulda ishlangan.

Qazilmalar mobaynida yunonlarning momaqaldiroq xudosi Zevs tasviri tushirilgan gemma-intaliya ham topilgan. Bu – tekis yuzaga o‘yib ishlangan tasvir bo‘lib, unda Zevs burgut  qo‘ngan hassani ushlab turgani aks ettirilgan. Mazkur ashyo etrusk muhrsozlik san’atining noyob namunalaridan sanaladi.

Umuman, Yerqo‘rg‘ondan skif  qiyofasidagi ma’bud haykalchasi, yunoncha uslubdagi niqob, sopoldan ishlangan Nika (qadimgi yunonlarda zafar ma’budasi) qiyofasi, ko‘zgu tutgan ma’buda kabi topilmalar ham qazib olinganki, ularning har biri alohida tadqiqotga arziydi.

Qayd etish joiz, ko‘zgu tutgan ma’budaning eng  qadimgi namunalari Xorazm, Baqtriyada ham uchraydi, biroq asosan Marvda keng tarqalgan. Bu haykalchalarda ma’buda oyoqlari ostida ilon yoki ajdaholar bilan tasvirlanadi.

Qolaversa, feruza tosh bilan bezalgan, orqasiga yaltiroq chig‘anoq o‘rnatilgan tipratikan shaklidagi tilla taqinchoq, Dionisiyga oid iloh – Silenning  qorni shishgan, echki quloq shaklidagi miniatyura tasvirlari, aqiqdan yo‘nilgan  qurbaqa, ochiq rangli  qorishmadan yasalgan ilon haykalchasi ham e’tiborga molik.

Yerqo‘rg‘on kulollar mavzesidan topilgan va III asrga oid deb hisoblanuvchi noyob buyumlardan biri – bulla (hukmdor muhri izi)dir. Muhrda hukmdor ajdahoning ustida o‘tirgan holda tasvirlangan, uning qo‘lida  qadimiy hukmdorlik ramzi bo‘lmish qamchi bor. Hukmdor chavandoz oldida burmali ko‘ylak kiygan ma’buda turibdi. Bir  qo‘li bilan chavandozga jom uzatmoqda, ikkinchi  qo‘li bilan esa ajdaho bo‘ynidagi yuganini ushlab turibdi. Hukmdor yelkasi ortida bahorgi tengkunlik – Navro‘z ramzi hisoblangan yarim oy va yulduzlar tasviri bor.

Qadimgi jamoalarda hukmdorning o‘zi bosh kohin va iloh xizmatchisi vazifalarini bajargan. Shahar, mamlakat yoki urug‘ ilohi ayol ma’buda bo‘lgan taqdirda, hukmdor ilohaning afsonaviy eri o‘rnida sanalgan va muqaddas nikoh orqali ilohiy mavjudotlar  qatoriga kiritilgan.

Binobarin, hukmdor shahar va mamlakat ilohi hisoblangan ma’budaning muqaddas jonzoti – ajdaho ustida o‘tirishidan nikoh orqali ilohlarga yaqinlashish sahnasini ko‘rish mumkin. Chavandoz qo‘lidagi qamchi uning ayni paytda ma’buda kohini ekanini ham ko‘rsatadi.

Ma’buda qo‘lidan jomni qabul qilib olish sahnasi  qadimgi sharq va skiflar san’ati bilan bog‘liq bo‘lib,  qasam ichishni anglatadi. Qadimda sud paytida, xudolar oldida  qasamyod  qilish chog‘ida muqaddas ichimlikni ichish keng tarqalganki,  qasam ichish bilan bog‘liq unsurlar hozir ham turli shakllarda uchraydi.

BEKZOD tayyorladi.