AQSH va Janubiy Koreyadan 9 milliondan ortiq katta yoshli inson ishtirok etgan keng ko‘lamli tadqiqot yurak xuruji, insult va yurak yetishmovchiligi holatlarining 99 foizidan oldin to‘rtta klassik xavf omillaridan kamida bittasi yuzaga kelishini tasdiqladi. Ilmiy ish xulosalari Journal of the American College of Cardiology jurnalida chop etilgan.
Ushbu to‘rt omil – yuqori qon bosimi (gipertoniya), qonda xolesterin, qand miqdorining yuqoriligi va chekish asoratlaridir. Ular barcha yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq og‘ir holatlarning 99 foizidan oldin kuzatilgan. Hatto xavf eng past guruh – 60 yoshgacha bo‘lgan ayollar orasida ham bu ko‘rsatkich 95 foizdan oshgan.
Eng keng tarqalgan omil – gipertoniya. AQShda ham, Janubiy Koreyada ham yurak-qon tomir tizimida og‘ir holatni boshdan kechirgan bemorlarning 93 foizidan ko‘prog‘i avval yuqori qon bosimidan aziyat chekkan.
Tadqiqot mualliflari hech narsadan hech narsa yo‘q yuz beruvchi «tushuntirib bo‘lmaydigan» infarktlar tobora ko‘payayotgani haqidagi keng tarqalgan gaplarni rad etadi. Ular fikricha, ishning asosiy xulosasi shuki, e’tiborni yangi sabablarni izlashga emas, balki boshqarish mumkin bo‘lgan xavf omillariga qaratish lozim.

