Shavkat MIRZIYOYEV:
Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.
Shu ma’noda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
«Inson huquqlari – oliy qadriyat» degan tushuncha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarda, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida o‘z aksini topayotganiga bevosita guvohmiz. Xo‘sh, bu borada keyingi yillarda qanday o‘zgarishlar yuz berdi va ularning mohiyati nimadan iborat?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova bilan suhbat shu mavzuda kechdi.
– Bugun inson huquqlari himoyasi nafaqat bir davlat, balki xalqaro miqyosdagi normaga aylandi. Suhbatimizni ayni yo‘nalishdagi qonun hujjatlari va ularning ahamiyatiga to‘xtalishdan boshlasak.
– Ma’lumki, insoniyat tarixining ilk yoxud davlatchilikning ibtidoiy ko‘rinishlari shakllana boshlagan davrlardanoq vaziyat taqozosi ila ma’lum qonun-qoidalar yuzaga kelgan.
Eng qadimiy qonunlardan biri – Sharq huquqining qimmatli yodgorligi «Xammurapi qonuni», zardushtiylarning miloddan avvalgi IX-IV asrlarda yozilgan muqaddas kitobi «Avesto», Yunonistondagi «Solon demokratiyasi» (miloddan avvalgi VI asr) yuqorida aytib o‘tilgan qonun-qoidalarning eng mashhurlari va qadimgilaridir. Bundan tashqari, qonun va qoida maqomini olgan Nizomulmulkning «Siyosatnoma»si, Yaroslav Mudriyning «Rus haqiqati», Chingizxonning «Yaso»si ham o‘z davri tartibotlarini o‘zida jamlagan.
Alohida e’tirof etish kerakki, davlat, uni boshqarish va yuksaltirish borasidagi tavsiyalar holida shakllantirilgan qoidalardan iborat, o‘z davrining konstitutsiyaviy qo‘llanmasi shaksiz «Temur tuzuklari»dir.
Jamiyat rivojlangan sari qonunlar ham yanada mukammallashib borishi tabiiy. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1948-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinishi bu borada juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. «Barcha odamlar erkin, qadr-qimmat va huquqlarda teng bo‘lib tug‘iladilar. Ular oqil va vijdon sohibidirlar va bir-birlariga birodarlarcha muomala qilishi zarur», deyiladi deklaratsiya bandlarida.
Vatanimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash davlat oldidagi eng oliy maqsad qilib qo‘yildi. Buni davlatimiz qo‘shilgan birinchi xalqaro hujjat aynan Inson xuquqlari umumjahon deklaratsiyasi ekanligi bilan izohlashimiz mumkin. 1995-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti tashkil etildi.
Bugungi kunga qadar davlatimiz inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning tegishli idoralariga milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar uch baravar ko‘paydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etdi. Bosh qomusimizda inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligi tamoyillariga sodiqlik mustahkamlangan.
Shu bilan birga, birinchi marta xalqaro miqyosda tan olingan huquqshunoslik institutlari – «Miranda qoidasi» va «Xabeas korpus», shuningdek, bepul yuridik yordam ko‘rsatishni nazarda tutadigan «Pro bono» instituti ham konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi.
– So‘nggi yillarda mazkur institutlar haqida ko‘p gapirilayapti. Xo‘sh, ular qay darajada ishlaydi o‘zi?
– «Miranda qoidasi» shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va ushlanish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi, davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning o‘zboshimchaligidan himoyalaydi. O‘z huquqini bilgan insonlarga qarshi tergovda zo‘ravonlik yoki qonunga xilof ishlar qilish ehtimoli keskin kamayadi.
«Miranda qoidasi» ilk bor AQSH sud amaliyotida paydo bo‘lib, keyinchalik xalqaro huquq normasi sifatida barcha rivojlangan davlatlarda foydalanilgan. Qoidaning mazmuniga e’tibor bersak, sukut saqlash, huquqiy himoya uchun advokat xizmatidan foydalanish va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ogohlantirilish ma’nosini anglatadi.
Shuningdek, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida «Xabeas korpus» instituti kengaytirilib, tergov ustidan sud nazorati yanada kuchaytirildi. Jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek, dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi.
Shu o‘rinda, fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha bevosita va onlayn rejimda maslahatlar va tushuntirishlar berish orqali birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan «Madad» nodavlat notijorat tashkilotining ham faoliyatini e’tirof etish kerak.
Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz normalari «Inson qadri uchun» degan yagona ezgu g‘oya asosida tubdan qayta ishlab chiqilganini ko‘rish mumkin. Demak, Bosh qomusimiz inson huquqlari va erkinliklarining kafolati bo‘ladigan, inson ulug‘lanadigan huquqiy hujjat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi
– «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi yangi Qonun mohiyati va ahamiyati nimadan iborat?
– O‘ttiz yildan oshiq vaqt mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti vakolatlari, ish uslublari, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish milliy tizimidagi o‘rni va roli takomillashib bordi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida tub islohotlarning amalga oshirilishi Ombudsman institutiga ham katta mas’uliyat yukladi. Mazkur islohotlarga hamohang tarzda uning faoliyat yo‘nalishlari ham takomillashib bormoqda.
2024-yil 15-noyabrda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi yangi Qonun qabul qilindi. Qonun bilan Ombudsmanning vakolatlari kengaytirildi. Xususan, Ombudsman:
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish;
inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikning amalda ro‘yobga chiqarilishini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
ichki ishlar organlari tizimiga kiradigan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasalarda, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining garnizoni hamda qo‘shin gauptvaxtalarida, vaqtincha saqlash hibsxonalarida, tergov hibsxonalarida, jazoni ijro etish muassasalarida, intizomiy qismlarda, majburiy davolash muassasalarida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash hollarining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
aholi o‘rtasida inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi xalqaro hamda milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish;
inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vazifalar belgilandi.
Qonunga binoan Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan maxsus ma’ruzalar taqdim etish huquqiga ega bo‘ldi.
Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning Ombudsmanga murojaat qilishlari uchun u yerlarda «Ombudsman qutisi» o‘rnatildi. Bu esa ularning muassasa rahbariyatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsmanga murojaat qilishiga imkon yaratdi.
Ombudsman davlat organlari va idoralariga fuqarolarning huquqlari buzilganligi yuzasidan ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma kiritishi belgilab qo‘yildi.
Kelgusida ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti parlament nazorati instituti sifatida inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan barcha vakolat va imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, o‘z faoliyatini fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga yo‘naltiradi.
B.SAYFIYEV suhbatlashdi.

