Qariyb ikki yildan buyon Isroil armiyasi bosqini va qamali ostida qolayotgan G‘azo mintaqasida ilk bor halokatli ocharchilik holati e’lon qilindi. Bu haqda BMT tizimidagi agentliklar va gumanitar tashkilotlarning qo‘shma bayonotida gapirilgan.
«Yarim milliondan ortiq odam umumiy to‘yib ovqatlanmaslik, qashshoqlik bilan tavsiflanuvchi ocharchilik qopqoniga tushib qolgan», deyiladi unda.
G‘azoda ocharchilikning yoyilishi inson tomonidan uyushtirilgan fojia. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning xalqaro tashkilot saytida e’lon qilingan bayonotida holatga ana shunday baho berilgan.
«Mintaqadagi jahannamni tasvirlashga so‘z qolmagandek tuyulganda yangisi qo‘shildi: «ocharchilik». Bu jumboq emas – inson qo‘li bilan uyushtirilgan halokat, axloqiy hukm va insoniyatning o‘z muvaffaqiyatsizligi», degan u.
BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tom Fletcher qayd etganidek: «Bu unumdor yerlardagi oziq-ovqat manbalaridan bir necha yuz metr narida kuzatilayotgan ocharchilik. Agar gumanitar tashkilotlar hudud aholisiga oziq-ovqat va boshqa yordamlarni yetkazib berishda davom etganida halokatning oldini olish mumkin bo‘lardi».

