16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Salomatlik

INSON SALOMATLIGI VA HAYOTIDAN AZIZROQ QADRIYAT YO‘Q

Ezgu tashabbus

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida nishonlik Muhriddin Boltayevda murakkab buyrak transplantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Unga o‘z akasi donorlik qildi, operatsiya xarajatlarini esa «Vaqf» xayriya jamoat fondi qoplab berdi.

Xabaringiz bor, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan davlat maqsadli jamg‘armalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratilgan 690 milliard so‘m mablag‘ «Vaqf» xayriya jamoat fondi orqali ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. Mazkur mablag‘lar hisobiga og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tekshiruv, davolash va operatsiyalar bilan qamrab olish, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini amalga oshirish xarajatlarini qoplash ham belgilangan edi.

– Farzandning og‘rig‘ini ko‘rishdan og‘ir dard yo‘q ekan, – deydi Muhriddin Boltayevning onasi Malika Safarova. – O‘g‘limning ahvoli kun sayin og‘irlashayotganidan yuragim ezilardi. Allohga shukr, amaliyot  muvaffaqiyatli o‘tdi. Buning uchun Prezidentimiz hamda farzandlarim hayoti uchun kurashgan shifokorlardan cheksiz minnatdorman.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bemorda surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligi aniqlangan bo‘lib, u uzoq vaqt davomida murakkab davolanish jarayonlarini boshdan kechirgan.

– Buyrak transplantatsiyasi tibbiyotning eng murakkab va mas’uliyatli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – deydi markazning umumiy xirurgiya bo‘limi boshlig‘i Mashrab Umirov. – Amaliyotdan oldin donor va retsipiyentda o‘nlab laborator hamda instrumental tekshiruvlar o‘tkazildi. Transplantatsiya jarayoni muvaffaqiyatli bajarildi. Ko‘chirib o‘tkazilgan buyrakning faoliyati yaxshi. Hozir bemorning ham, donorning ham ahvoli barqaror.

Muxriddin Boltayev bu kunlarni hayotining yangi bosqichi sifatida baholaydi:

– Oxirgi yillarda kunlarim asosan kasalxonada davolanish bilan o‘tdi. Har kuni ertangi kun haqida o‘ylardim. Akamning men uchun donor bo‘lishga rozi bo‘lganini eshitganimda ko‘zlarimga yosh kelgan. Bugun o‘zimni yaxshi his qilyapman. Menga ikkinchi hayot baxsh etgan akamdan, davlat rahbari va shifokorlardan umrimning oxirigacha minnatdor bo‘lib yashayman.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar Qashqadaryoda jami 1239 nafar bemorga «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan maxsus vaucherlar ajratildi. Ularning 1049 nafarini bolalar, 162 nafarini esa buyrak yetishmovchiligi, onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan fuqarolar tashkil etadi.

Bu raqamlar ushbu ezgu tashabbus ko‘lamining naqadar keng ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, har bir raqam ortida inson taqdiri, oila quvonchi va saqlab qolinayotgan hayot mujassam.

Shahrisabzlik Otabek Husanovga og‘iz bo‘shlig‘i tubi saratoni tashxisi qo‘yilgan. U Prezidentning Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand fuqarolar, og‘ir dardga chalinganlarga ko‘mak ko‘rsatish tashabbusi doirasida Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filialiga statsionar davolanish uchun yotqizilgan 15 nafar bemordan biri. Allaqachon unda murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

– Bemorda barcha zarur tekshiruvlar o‘tkazilgach, yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida o‘sma to‘qimalari to‘liq olib tashlandi, – deydi filialning bosh-bo‘yin o‘smalari bo‘limi shifokori O‘rol Jo‘rayev. – Hozir bemorning ahvoli qoniqarli, tiklanish jarayoni shifokorlar nazorati ostida davom etmoqda. Umuman, shifoxonamizga davlat rahbarining ezgu tashabbusi doirasida yotqizilgan 15 nafar bemordan 10 nafarida murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Shifokorning ta’kidlashicha, bunday kasalliklarda erta tashxis va zarur muolajalarning samarali bajarilishi bemorlarning to‘la sog‘ayib ketish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

– Tashxisni eshitgan kunimiz butun oilamiz uchun og‘ir kechdi, – deydi Otabek Husanovning turmush o‘rtog‘i Dilnora Boymatova. – Operatsiya zarurligi aytilganda esa xavotirimiz yanada ortdi. Bu sinovlar bizni iqtisodiy imkoniyatimiz sabab ham tushkunlikka tushirib qo‘ygan edi. Allohga shukur, bizga ham «Vaqf» fondi orqali ko‘mak berishdi. Bugun xo‘jayinimning ahvoli yaxshilanib borayotganini ko‘rib, qalbimga yana umid qaytdi.

Xayriya fondi vaucherlari asosida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga jarrohlik amaliyoti uchun yotqizilgan 164 nafar bolaning yaqinlari dilida ham bugun Dilnora Boymatovada bo‘lgani singari nekbin uylar uyg‘ongan. Ayni vaqtga qadar ularning 96 nafarida zarur operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

– O‘g‘lim Sunatbekda bajarilgan amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi, – deydi Shahrisabz tumanining olis tog‘li Ommag‘on qishlog‘ida yashovchi Iroda Abdurahimova. – Unda tug‘ma kriptorxizm aniqlangan edi. Hozir ahvoli yaxshi. Farzandimning salomatligi tiklanishi men uchun eng unutilmas hayitlik bo‘ldi.

Umuman, bu xayrli ishlar nafaqat jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va insonparvarlik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga, balki yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirib, ko‘plab og‘ir bemor insonlar hayoti, ularning oilalariga quvonch olib kirayotgani bilan ham ahamiyatli. Zero, inson salomatligi va hayotidan azizroq qadriyat yo‘q.

Shohista BOZOROVA