Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqoti davomida rasmiy Tehron yadro quroliga ega bo‘lishga intilmasligini ma’lum qildi, deya iqtibos keltirgan siyosatchining matbuot xizmati.
U oliy rahnamo fatvosiga tayangan holda mamlakat hech qachon yadro qurolini qo‘lga kiritishga intilmagani va buni niyat ham qilmagani hamda muloqot yordamida o‘zaro hamjihatlik va kelishuvlarga erishishga tayyorligini ta’kidlagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, dunyo kuchlari Eron dalillarini tan olish o‘rniga Yaqin Sharqda «notinchlik urug‘ini sochishga intilayotgan» davlat – Isroil pozitsiyasini qabul qilmoqda.
Mas’ud Pezeshkiyon dushman uning mamlakatiga hujum qilishni davom ettirar ekan, rasmiy Tehron muzokaralar stoliga o‘tirmasligi, shuningdek, qandaydir bosimlar ostida qaror qabul qilmasligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Isroil 13-iyun tongga yaqin Eronga nisbatan «Isyonkor sher» amaliyotini boshlab, mamlakatning yadro va harbiy obyektlariga raketa zarbalari berishni boshladi. Shu kuni tunda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham «Haqiqiy va’da-3» nomi ostida javob choralarini ko‘rishga kirishdi.

