O‘zbekiston xalq artisti, sevimli san’atkorimiz Ikroma Boltayeva kinofilmlarda, telepostanovkalarda va ayniqsa, teatr sahnalarida ijro etgan rollari bilan xalqimiz orasida mashhur edi. Ming afsuski, qatag‘on yillari uning umriga zavol bo‘ldi.
Zikir MUHAMMADJONOV,
O‘zbekiston Qahramoni
Qashqadaryo odamlari
O‘tgan asrning 30-yillarida Toshkentda ochilgan Abulqosim Lohutiy nomidagi teatr texnikumini tamomlab, Samarqand teatrida ishlay boshlagan Ikroma Boltayeva «Boy ila xizmatchi»dagi Jamila, «Xolisxon»dagi Xolisxon, «Tor-mor»dagi Dilbar rollari bilan keng tomoshabinlar ommasiga tanish bo‘lib qoldi.
Uning juda ko‘p ijodiy ishlari Hamza teatri bilan bog‘liq. «Otello»dagi Dezdemona, «Revizor»dagi Mariya Antonovna rollari, ayniqsa, o‘zbek dramaturgiyasidagi Abdulla Qahhorning «Tobutdan tovush» asaridagi Netayxon, «Shohi so‘zana» pyesasidagi Saltanat, Bahrom Rahmonovning «Yurak sirlari»dagi Surmaxon obrazlari hamon teatr muxlislarining yodida.
Afsus, bugun bu aktrisa oramizda yo‘q. Ammo uning san’atimiz rivojiga qo‘shgan hissasi, yaratgan o‘lmas obrazlari hali uzoq yillar yashayveradi. Men quyida u kishining o‘limiga sabab bo‘lgan voqeani hikoya qilmoqchiman.
Teatr san’atida shunday rollar bo‘ladiki, uni har kim ham ijro etavermaydi. To‘g‘rirog‘i, ijro eta olmasligi ham mumkin. Shu bois teatr jamoasida rejissorlar aktyorlarni shunday o‘rgangan bo‘ladiki, rol taqsimotida hatto pyesa qabul qilinishadayoq bosh rolni qaysi aktyor ijro eta olishi mumkinligi ma’lum bo‘lib qoladi. Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» pyesasi o‘qilganida sahnalashtiruvchi Bahodir Yo‘ldoshev asardagi bosh rol Farmonbibi obrazini ikki aktrisa – Zaynab Sadriyeva va Ikroma Boltayevaga mo‘ljallagan edi.
Ammo Ikroma Boltayeva boshqa pyesada band bo‘lganligi uchun repetitsiyalarni Zaynab Sadriyeva olib borib, spektaklda rolni muvaffaqiyat bilan bajargani hammaga ma’lum. Biroq Zaynab Sadriyevaning betob bo‘lib qolganligi tufayli yana bir bor Ikroma Boltayevaga murojaat qilishga to‘g‘ri kelgan edi. Albatta, har bir rolni tayyorlashda, uni talqin etishda aktyor uchun ham, rejissor uchun ham turli izlanishlar bo‘lishi tabiiy.
Aktrisa Ikroma Boltayeva bu rolni tayyorlashda Zaynab Sadriyeva ijro etgan Farmonbibidan o‘zgacha talqin etishi shart edi. Chunki har bir aktyorning individual xarakteri o‘sha rolni tayyorlashda ma’lum yo‘nalish tanlash va izlanishga harakat qilishini taqozo etadi. Rejissor Bahodir Yo‘ldoshev Ikroma Boltayevaning imkoniyatlaridan foydalanib, o‘zgacha talqin etishga yo‘nalish beradi va natijada uning ijrosidagi Farmonbibi obrazi Zaynab Sadriyeva yaratgan qiyofadan mutlaqo o‘zgacha bo‘lib, tomoshabinlarimizga ma’qul tushgan edi.
Odatda teatr jamoasi spektakldan so‘ng bir piyola choy ustida bir-birlarini tabriklashib, ijrochining yutuq va kamchiliklarini, kelajakda yana qanday obrazga sayqallar berilishini samimiy maslahat qiladilar. Ikroma Boltayeva bu obrazni yuzaga keltirgunicha ko‘p izlangani, nihoyatda qiynalgani va yana bunday murakkab rolni ko‘p sayqal berish orqali uzoq yillar sahnamizda yashab qoladigan obraz darajasiga ko‘tarishga quvonch bilan va’da berib turgan edi, eshikdan kirib kelgan bir odam uning qulog‘iga nimanidir pichirladi. Shunda ziyofat-ziyofatligicha qoldi-yu, Ikroma Boltayeva uni so‘rab kelgan kishi ortidan tashqariga chiqib ketdi.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, Ikroma Boltayevaning o‘g‘li Rustam Boltayevni qamoqqa olishgan ekan. O‘sha yillari xalqimiz dahshatli kunlarni boshidan kechirayotgan xavotirli zamonlar edi. Ikroma Boltayeva bu dahshatli xabarni eshitgach, yo‘l-yo‘lakay uyiga borgunicha xayolidan nimalar o‘tmagan, deysiz. Chindan ham bu aktrisamizning hayotida bunday fojiali voqealar ko‘p bo‘lgan ekan. 30-yillarda butun yer-suvlari tortib olingan otasi Zohid aka hayotdan bevaqt ko‘z yumgan va to‘rt bola bilan beva qolgan onasi o‘z bolalarini internatga topshirishga majbur bo‘lgan.
Yetimlik bilan qashshoq hayot kechirgan, o‘qishni bitirib, Samarqand teatrida ish boshlagan Ikroma sevgan yigiti Rizo aka bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan kuni uydan kuyovning otasi «xalq dushmani» sifatida olib chiqib ketilgan. Undan keyin oilaga ketma-ket qaqshatqich zarbalar tushgani, hatto birinchi go‘dagi shu qo‘rquvlarda nobud bo‘lgani va bugun esa ko‘z qorachig‘idan ayrilish xavfi uning ko‘z oldidan birma-bir o‘tar edi…
Ular eshik oldiga yetib kelishganida bir necha odam Ikroma Boltayeva yashaydigan uyni qurshab turishgan ekan. Mashina chirog‘i nurida ostona hatlashlari bilan haligi turgan odamlardan uch kishi yopirilib uyga kirdilar. Ikroma opani bir chekkaga o‘tqazib qo‘yib, so‘ramay-netmay uydagi narsalarni ostin-ustun qilib, nimanidir izlashardi. Bu aktrisamiz unaqa boy oilalardan emasdi, ular qulf solingan sandiqchani ochishni buyurishadi. Uning ichida esa Ikroma opaning barcha taqinchoqlari saqlanar edi. Ikroma Boltayeva bunday tintuvlarni ko‘p ko‘rgan ekan. Hali go‘dakligida uylaridagi namatu ko‘rpachalar deysizmi, qozon-tovoqlargacha olib chiqib ketilganiga guvoh bo‘lgan.
Qaynotasi qamalgandagi tintuvda ko‘proq kitoblarni, yozuvlarni qidirishgan edi. Bu gal endi qimmatbaho buyumlarni izlashardi. Qimmatbaho toshlar yoki oltindan yasalgan buyumlar emas, spektakllarda foydalaniladigan zebu ziynatlarni opa sandiqchasida saqlar ekan. Ular sandiqchani ochishi bilan go‘yo hamma qidirgan boyliklarini topib olgandek ko‘zlari chaqnab ketadi. Ochko‘zlar hali bularning hammasi sahna uchun tayyorlangan yasama nusxalar ekanini bilishmaydi. Opa «ularga tegmang», deyishi bilan bittasi hammasini hovuchlab oladi-yu, sumkaga solib mashinaga olib chiqib ketadi. Ular shunday qimmatbaho buyumlarni topganidan quvonchlari ichlariga sig‘may opani ham mashinaga o‘tkazib olib ketadilar. Albatta, ertasigayoq ekspertizada buyumlarning nusxa ekanligi aniq bo‘lgach, taqinchoqlar bilan birga opani ham uyiga olib kelib qo‘yishadi.
Ammo Ikroma Boltayeva o‘g‘li qayerda ekanligini surishtirib, hech narsa aniqlay olmagach, nima qilishini bilmay, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kitobga yo‘l oladi. Kitob tumaniga kirib borganida odamlarning ruhi tushkun, qavmu qarindoshlarning deyarli hammasi tashvishli ko‘rinar edi. Toshkentga qaytib kelib, o‘g‘lining qayerda ekanligini bilmoq uchun bormagan joyi qolmadi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha hibsga olinganlarning bir nechtasi Moskvaga olib ketilgan ekan. U Moskvada to‘rt yarim yil qatnaydi.
Shunisi og‘ir bo‘ldiki, shu yillar ichida bitta qamoqxonada asrab turish mumkin bo‘lmaganligidan (Sud qilinib, jazosini olmagan kimsaning joyini har 9 oyda almashtirib turishgan) Ikroma Boltayeva farzandini qidirib, ba’zan Moskvaga, ba’zan Kuybishevga, ba’zan Gorkiyga, xullas Rossiya hududidagi barcha qamoqxonalarga bir-bir bosh suqib chiqadi.
Teatr jamoasi Ikroma Boltayevaning boshiga tushgan qayg‘uli kunlarda uning dardiga davo bo‘lmoq uchun nelar qilmadi, deysiz. U zamonlarda biron joyga borib shikoyat qilgan bilan oqibatsiz qolaverardi. Ammo Ikroma Boltayeva o‘sha besh yilcha vaqt davomida Moskvadagi bormagan idorasi, shikoyat qilmagan joyi qolmadi. Hatto o‘sha vaqtdagi bosh sekretarga ham shikoyat yozgan edi. Ammo birortasidan natija chiqmagach, kundan-kun ich-ichidan zil ketib, so‘lib borardi.
Xayriyatki, O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi-yu, «paxta ishi», «o‘zbek ishi» yuzasidan hibsga olinganlar haqiqat qaror topib, ozod bo‘lishiga yo‘l ochildi. O‘g‘li Rustamni Namanganda sud qilishganda opa o‘sha yerda hozir bo‘lgan edi. Sudda prokuror Rustam Boltayevda hech qanday ayb yo‘qligi, asossiz «o‘tirgani» haqida gapirganida opa titroqdan o‘zini tashlab yuborgan.
Bu uning bardoshi shuncha vaqt ko‘rgan azoblariga yengilib, vujudidagi horg‘inlik, betoblik yuzaga chiqqan kun edi…

