16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Ko‘kdala tumani Arabbandi tashlamasida mikroGES quriladi

«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Ko‘kdala tumanida Eski Anhor kanalining Arabbandi tashlamasida barpo etiladigan mikroGESning quvvati soatiga 380 kilovattni tashkil etib, unda bir yilda o‘rtacha 1,6 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

«Yashil» iqtisodiyot

Xabaringiz bor: kichik va mikrogidroelektr stansiyalari butun dunyoda qayta tiklanadigan elektr energiyasining eng arzon manbalaridan hisoblanadi va ularning yetarlicha gidravlik energiya resurslari (tez oqayotgan daryo va kanallar yoki yuqoridan tushayotgan suvlar) bor joylarda o‘rnatilishi hududlarda juda tejamkor usulda elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shu bois jahonda va xususan, yurtimizda ham qishloq joylaridagi energiya tanqisligi muammosining yechimlaridan biri sifatida kichik va mikrogidroenergetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada viloyatimizda ham diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilib, joriy yilning yanvar oyida «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan Shahrisabz tumanidagi Hisorak suv ombori qoshida energetik quvvati 3,5 megavattga teng, yiliga o‘rtacha 17,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Hisorak kichik GES foydalanishga topshirildi. Ayni paytda mazkur tumanda umumiy quvvati 24 megavattdan iborat gidroelektr stansiyalari – Oqsu daryosidagi Rabat GES (6,2 MVt) va Chappasuy GES (7,5 MVt) hamda Oqdaryo-Oqsu daryosida Tamshush GES (10,3 MVt) qurilishi davom ettirilmoqda.

Yaqinda esa davlat xaridlari elektron tizimining maxsus platformasida «Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida Arabbandi tashlamasida mikroGES qurilishi» loti bo‘yicha eng yaxshi taklifni tanlash yuzasidan xarid komissiyasi bayonnomasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, ikkita ishtirokchi qatnashgan mazkur tanlovda Samarqand viloyatidagi «Sogda qurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyatining «Sogda Zarafshonsuv qurilish» shu’ba korxonasi g‘olib deb e’lon qilindi va «Gidroqurilish buyurtmachi xizmati» MCHJ buyurtmachiligida «O‘zgidroenergo» AJning o‘z mablag‘i hisobidan mikroGES qurish huquqini qo‘lga kiritdi. Bitim summasi 9 milliard 345,6 million so‘m (shundan 1 milliard so‘mdan ortig‘i – qo‘shilgan qiymat solig‘i) etib belgilandi. Tanlovda raqibidan atigi 0,0061 ballga ortda qolgan Samarqand viloyatidagi «Tolib bobo AKT» MCHJ mazkur lot bo‘yicha zaxiradagi ijrochi sifatida e’tirof etildi. Buyurtmachi talabiga ko‘ra, Arabbandi tashlamasidagi mikroGES qurilishi shartnoma imzolanganidan so‘ng 6 oy ichida yakunlanishi lozim.

«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati rasmiy saytida ma’lum qilinganidek, mamlakat Prezidentining «Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan 2024-2028-yillarda gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish dasturiga muvofiq, 2028-yilga borib sohada mavjud 2,3 GVt quvvatlarni 2,5 barobarga oshirgan holda 5,9 GVtdan ortiq (qo‘shimcha 3,6 GVt), yillik ekologik toza elektr energiya ishlab chiqarish hajmini esa 16-17 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan. Dasturning amalga oshirilishi natijasida mazkur jamiyat tarkibidagi gidroelektr stansiyalari soni 2 barobarga oshib, 120 taga yetkaziladi, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, 4,2 milliard kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

T.NIZOMOV