16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

KUCH BUZISHGA MOYIL, MUTLAQ KUCH ESA MUTLAQ BUZG‘UNCHI

Saralangan satrlar

Amerikalik adiba Harper Li qalamiga mansub “Mazaxchini o‘ldirish” romani “Eng yaxshi badiiy kitob uchun” Pulitser mukofoti, ВВС talqiniga ko‘ra eng yaxshi 200 kitob ro‘yxatining ilk o‘ntaligi, “The Quill Book Awards” g‘olibi, “The Guardian” nashri talqiniga ko‘ra ingliz tilida yozilgan eng yaxshi 100 kitob ro‘yxatidan joy olgani, ВВС tomonidan eng kuchli ruhlantiruvchi 100 kitob ro‘yxatiga qo‘shilgani haqida eshitgan chiqarsiz. Bu haqda gazetamizda ham aytib o‘tgandik.

Harper Li asli ko‘p asar yozmagan. “Mazaxchini o‘ldirish” bilan birga “Tasbeh daraxti soyasida” romanlari chop etilgan, xolos. Ammo shu ikki asarning o‘ziyoq muallifga olamshumul shuhrat keltirgan. Bugun ikkinchi roman haqida so‘z yuritamiz.

“Tasbeh daraxti soyasida” romani “Mazaxchini o‘ldirish”ning davomi sanaladi. Voqealar Alabama shtatining to‘qima Meykomb shaharchasida kechadi. Muallif uni o‘zi tug‘ilgan Monrovill shahri asosida yaratgan, deb qaraladi. Darhaqiqat, asarda tasvirlangan ob’yektlar va umumiy manzara Monrovilldagi bilan bir xil.

“Mazaxchini o‘ldirish”da Attikus Finch o‘ziga xos qahramon sifatida gavdalanadi: xotini yurak xastaligidan vafot etgach, yosh o‘g‘li va qiziga atroflicha g‘amxo‘rlik qiladi, ular tarbiyasiga donolarcha yondashadi va bolalariga har tomonlama o‘rnak bo‘ladi. Eng muhimi, qora tanlilarga past nazar bilan qarash avj olgan bir paytda hamshaharlarining qarshiligi va yomon ko‘rishlariga qaramay qora tanli Tom Robinsonni oqlash uchun astoydil harakat qiladi. “Tasbeh daraxti soyasida” romanida Attikus ancha keksaygan, xastalik qaddini bukkan, qolaversa, irqiy qarashlari ham ma’lum darajada o‘zgarishlarga yuz tutgan, qizi Jin Luiza Finch esa 26 yoshda, ta’til vaqtlari Nyu-Yorkdan Meykombga kelib-ketadi. Shahar bir vaqtlardagi kabi tinch va sokin, ammo voqealar rivoji u yerda mavjud chuqur ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib beradi.

Ushbu asarni bolalikdagi ishonchlardan mustaqil qarashlarga o‘tish jarayoni ifodasi sifatida baholash to‘g‘riroq bo‘ladi.

 O‘tgan yili “Akademnashr” nashriyotida chiqqan ushbu asarning yana bir e’tiborga molik jihati – kosonlik yosh tarjimon Shohruh Usmonov tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘girilganidir.

Dunyo e’tirof etgan bu asarni Siz ham o‘qib chiqing!

*  *  *

Har gal uyga kelarkanman, xuddi o‘z dunyomga qaytayotgandek his qilaman va Meykombni tark etayotganda dunyomni tashlab ketayotgandek bo‘laman. Bema’nilik. Tushuntirishga ojizman, buni battar bema’nilashtiradigan jihat shuki, Meykombda yashasam, tomim ketib qolgan bo‘lardi.

*  *  *

Og‘riqqa dosh berolmagan payting, tananing o‘zi himoyaga o‘tadi, deyishadi, hushingdan ketib, ortiq og‘riqni his qilmaysan. Yaratgan senga o‘zing ko‘tarolmaydigan azobni yubormaydi…

*  *  *

Yolg‘izlik tufayli insonlar his qiladigan tuyg‘ular aynan o‘xshash bo‘ladi.

*  *  *

Kimdir senga: “Haqiqat mana shu!” desa, sen ham unga ishonsang, keyin u aytgan narsa haqiqat emasligini payqab qolsang, xayollaring chilparchin bo‘ladi va qaytib uning tuzog‘iga tushmaslik uchun juda e’tiborli bo‘lib qolasan. Biroq o‘sha odam hayotini haqiqat yo‘lida fido qilgan bo‘lsa, sen ham u o‘zini fido qilgan narsaga ishonsang, endi sen faqatgina xayollaring chilparchin bo‘lgani uchun ko‘zlarini katta-katta ochib olgan odam bo‘lmaysan, nima qilarini bilmay muallaq qolgan odam bo‘lasan.

*  *  *

Insonning inson ekani qanchalik tayin bo‘lsa, shu narsa ham shunchalik tayinki, odamzodning saboq olish uchun qaraydigan eng oxirgi joyi tarixdir.

*  *  *

Kuch buzishga moyil, mutlaq kuch esa mutlaq buzg‘unchi.

*  *  *

Bu o‘lkada meni qo‘rqitadigan yagona narsa shuki, davlat kun kelib shunday hayvonlashadiki, eng kichik shaxslar oyoq ostida eziladi va ortiq yashashning hech qanday ma’nosi qolmaydi. Shu horigan dunyomizda Amerikaning hanuz yagona va betakror bo‘lgan jihati bu yerda bir kishi miyasi bardosh bera oladigan joygacha bora olishidir.

*  *  *

Kattalar har doim eng yomoniga ishonishadi.

*  *  *

Odam qandaydir nojo‘ya ishga aralashgandek ko‘rinishi mumkin, lekin uning maqsadini, shu ishga sabab bo‘lgan turtkini anglamay turib uni yomonotliqqa chiqarishga shoshilma. Kishi ichidan yonib ketayotgan bo‘lishi mumkin, muloyim javob qahrini namoyon etishdan ko‘proq ish berishini biladi. Kishi dushmanlarini qo‘lga olishi mumkin, lekin ularni yaqindan bilish donoroq qaror hisoblanadi.

*  *  *

Hech o‘ylab ko‘rganmisan insonlar o‘zi yashab kelayotgan jamiyatga foyda bera olishi uchun uning ma’lum bir talablariga mos kelishga majburligini.

*  *  *

Bozorlik pulidan ayolini chuv tushiradigan ba’zi erkaklar sotuvchini chuv tushirishni hatto xayoliga ham keltirmaydi. Erkaklar vijdonini pochta qutilarida saqlashga moyil bo‘lishadi. Ya’ni, bir tomondan, tovonigacha rostgo‘y bo‘lsa, boshqa tomondan, hatto o‘zlarini ham aldashadi.

*  *  *

Federal hukumat men uchun, ya’ni oddiy fuqaro uchun ko‘proq diqqinafas yo‘laklar-u uzoq kutishdan boshqa narsa emasligini bilaman. Ehtiyojlarimiz qancha ortsa, kutishlarimiz ham shuncha ko‘payadi, charchog‘imiz ham shuncha ko‘payadi.

*  *  *

Bir shior eshitgandim, haligacha miyamga muhrlanib qolgan: “Teng huquqlar hammaga, maxsus imtiyoz hech kimga!” deyilgandi o‘sha shiorda va men uchun bu so‘zma-so‘z nima deyotgan bo‘lsa, ayni o‘sha ma’noni bildirardi. Lekin u yerda barcha salmoqli qartalar oq tanliga, qolgan raqamli qartalar esa qora tanliga deyilmagandi…

*  *  *

“Ispan-Amerika urushidan reportaj tayyorlash uchun gazeta rassomini yuborgan haligi keksa noshirga o‘xshayapsiz. “Sen rasmlarni chiz. Urushni menga qo‘yib ber”.

*  *  *

Jeffersonning fikriga ko‘ra, butun fuqarolik jamiyati shunchaki osongina berilib, yana osongina qaytarib olinadigan emas, har bir kishi kurashib oladigan imtiyoz edi. Uning fikricha, inson shunchaki inson bo‘lgani uchun ovoz bera olmasdi. Mas’uliyatli shaxs bo‘lishi kerak edi. Jeffersonning nazdida ovoz, shaxsning “men ham yashay, ular ham yashasin” qabilidagi iqtisodida peshona teri bilan topilgan qadrli imtiyoz edi.

*  *  *

Gitler va Rossiyadagi ma’lum guruhlar o‘z mamlakatlari uchun ba’zi yaxshiliklarni qilishdi, ammo buni qilish barobarida millionlab insonlarni qatl etishdi.

*  *  *

O‘ylashimcha, kishi qalbi yaralanganda, eng birinchi ishi boshqa birovdan alamini olish bo‘ladi.

*  *  *

Har bir inson o‘z ongi va vijdoniga o‘zi egalik qiladi. Ommaviy vijdon tushunchasi mavjud emas.

*  *  *

Mutaassib kimsa o‘z qarashlariga qarshi bo‘lgan, ularni noma’qulga chiqargan odamga duch kelganida nima qiladi? Past ketmaydi. Chiranadi, mahkam turib oladi. Eshitishni ham istamaydi, faqatgina g‘alayon qiladi.

*  *  *

Advokat zotining terisi qalin bo‘ladi.

*  *  *

Ortga nazar tashlab, kechaga, o‘n yil avvalga qarab o‘sha paytdagi holimizni ko‘rish har doim oson. Ayni mahaldagi o‘zimizni ko‘ra olishimiz qiyin. Buning uddasidan chiqsang, hammasi yaxshi bo‘ladi.

*  *  *

Jirkanch so‘z hisoblangan “xurofot” bilan pokiza kalima bo‘lgan “e’tiqod”ning umumiy bir jihati bor, ikkisi ham mantiq tugagan joyda boshlanadi.

*  *  *

Men haqimda istalgancha gapirishlari mumkin, toki yolg‘on ekan, bunga parvo qilmayman.

*  *  *

O‘z dunyom ostin-ustun bo‘lishini xohlamadim, biroq dunyomni men uchun qo‘riqlashga harakat qilgan odamni ezib tashlamoqchi bo‘ldim. Unga o‘xshagan barcha odamlarni yo‘q qilishni xohlardim. Menimcha, bu xuddi samolyotga o‘xshaydi: ular havoning aerodinamik qarshiligi, biz esa itarish kuchimiz – birgalikda narsalarni uchira olamiz. Agar biz ko‘payib ketsak, old qism og‘irlashadi, agar ular ko‘payib ketsa, ort qism og‘irlashib ketadi – bu yog‘i endi muvozanat masalasi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.