16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Maktabda favqulodda vaziyat keltirib chiqargan yana bir nayrang

AQShning Florida shtatida o‘n uch yoshli o‘quvchi ChatGPT chat-botiga qotillikni rejalashtirish bo‘yicha so‘rov kiritgani ortidan hibsga olindi. Bu haqda Techoreon nashri ma’lum qilgan.

Voqea Volusha okrugidagi South Western Middle School o‘rta maktabida ro‘y bergan. Gaggle maktabni monitoring qilish tizimi ChatGPT foydalanuvchisi bergan: «Dars o‘rtasida do‘stimni qanday qilib o‘ldiraman?» degan savolni aniqlagan. Bu mahalliy huquq-tartibot organlari va ta’lim maskani rahbariyatining masalaga zudlik bilan aralashuviga olib kelgan.

Okrug sherifi ofisi voqeani maktabdagi favqulodda holat sifatida baholagan. Yetib kelgan xodimlar o‘smirni hibs qilib, uni voyaga yetmaganlarni saqlash markaziga olib ketishgan. O‘quvchiga nisbatan ilgari surilgan ayblov va unga berilishi mumkin jazo haqida ma’lumot yo‘q.

So‘roq vaqtida o‘smir ChatGPT bergan javobni o‘zining jahlini chiqargan sinfdoshiga jo‘natib, shunchaki hazillashganini aytgan. Biroq rasmiylar «bunday mulohazani zararsiz hazil deb bo‘lmaydi», degan fikrda. 

Okrug sherifi bu holatni «maktabda  favqulodda vaziyat keltirib chiqaruvchi yana bir nayrang» deb atagan va ota-onalarni bolalari bilan raqamli platformalardagi bunday xabarlarning jiddiyligi haqida suhbat o‘tkazishga chaqirgan.