16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

“Media haftalik” – Qashqadaryoda

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi asosida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda respublika hududlarida o‘tkazilayotgan «Media haftalik» Qashqadaryoda davom etmoqda.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot kotiblari va axborot xizmati rahbarlari, blogerlar, media mutaxassislar hamda sohaga ishtiyoqmand yoshlarni jam qilgan haftalik doirasida bugungi medianing dolzarb masalalariga oid turli davra suhbatlari, master-klasslar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar, media-loyihalar taqdimoti va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Ularda «Prezident faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritishning asosiy yo‘nalishlari», «Yirik siyosiy tadbirlarni yoritish: muhim nuqtalar va jarayonlar tahlili», «Korrupsiyaga qarshi kurashishda OAVning roli», «So‘nggi o‘n yillikdagi o‘zgarishlar dinamikasi: yutuqlar, hududiy o‘zgarishlar va muvaffaqiyatli loyihalarni xolis yoritish», «Ijtimoiy mas’uliyat, kasb etikasi va media qonunchiligi: risk, reputatsiya va strategik qarorlar», «Davlat dasturlari va «O‘zbekiston-2030″ strategiyasini yoritish: eng muhim nuqtalar», «Jurnalistlar uchun huquqiy xavf zonalari», «Strategik kommunikatsiya: tashkilot imijini shakllantirish, proaktiv yondashuv va raqamli PR strategiyasi» singari dolzarb mavzularda muloqotlar kechayapti, amaliy ko‘nikmalar hosil qilinmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalarini OAVda qo‘llash, ijtimoiy tarmoqlarda kontent yaratish va samarali kommunikatsiya strategiyalarini ishlab chiqish kabi muhim yo‘nalishlar ham qamrab olingan.

Qashqadaryoda dushanba kuni boshlanib, besh kun davom etishi belgilangan «Media haftalik» ishtirokchilarda nazariy va amaliy bilimlarni boyitish, ularni uyg‘unlashtirgan holda ishlash ko‘nikmasini o‘stirish, o‘zaro tajriba almashish uchun muhim maydonga aylangani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.

Ushbu yirik tadbir so‘nggida mediaforum tashkil etilishi va uning doirasida «Media haftalik» yakuni tahlili, Kontent markazi loyihalari, Jurnalistlar uyushmasi faoliyati, hududiy hokimlik matbuot kotibi taqdimoti, turli savol-javoblar o‘tkazilishi hamda ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.