16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Iqtisodiyot

MIRISHKORDA ITALIYA BOZORI UCHUN POMIDOR QOQISI TAYYORLANMOQDA

Eksport imkoniyatlari

Zamonaviy iqtisodiyotda tabiiy resurs yoki xom ashyoga boy bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Asl yutuq – ularni ilg‘or texnologiyalar asosida qayta ishlab, xalqaro standartlarga mos tayyor mahsulot sifatida tashqi bozorlarga olib chiqishda namoyon bo‘ladi. Ana shunda eksportdan olinadigan daromad ortib, mamlakat iqtisodiyoti mustahkamlanadi.

Bizdagi qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, yetishtirilgan mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, eksportbop ishlab chiqarishlarni qo‘llab-quvvatlash va fermerlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar aynan shunday ko‘rsatkichga erishish yo‘lini keng ochayapti. Natijada hududlarda amalga oshirilayotgan eksport loyihalari iqtisodiy samara berib, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, mahalliy brendlarning xalqaro maydonda tanilishiga zamin yaratmoqda.

Mirishkor tumanidagi «Amir Oqmachit chorvadori» fermer xo‘jaligida qo‘l urilgan yangi tashabbus ortidan ham istiqbolda ana shunday yuqori natija kutilayapti. Subyekt pomidorni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatga ega eksportbop mahsulot tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. YA’ni Italiya tadbirkorlari bilan tuzilgan umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollariga teng eksport shartnomasi doirasida ushbu mamlakat bozori uchun 60 tonna hajmda yuqori sifatli pomidor qoqisi tayyorlanmoqda.

– Joriy mavsumda 15 gektar maydonga pomidorning serhosil «Rio Grande» navini ekib, yetishtirilgan xom ashyoni eksportga mo‘ljallab qayta ishlayapmiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Zafar Ravshanov. – Ma’lumki, tashqi bozorda xaridor eng avvalo mahsulot sifatiga baho beradi. Shuning uchun biz qo‘shimcha qiymat yaratishning har bir bosqichini xalqaro standartlar asosida tashkil etishga e’tibor qaratganmiz. Yetishtirilgan hosilni saralashdan tortib, quritish, qadoqlash va eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan barcha jarayon qat’iy nazorat qilinadi. Maqsadimiz nafaqat xorijlik hamkorlarimiz buyurtmasini muvaffaqiyatli bajarish, balki o‘z mahsulotimiz bilan Italiya bozoridan mustahkam o‘rin egallashdir.

Darhaqiqat, bugun Yevropa bozoriga chiqish uchun sifat bilan birga mahsulotning tashqi ko‘rinishi, ta’mi, saqlanish muddati va qadoqlash madaniyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois fermer xo‘jaligi Turkiyadan ushbu sohada katta tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilgan. Ular mahalliy ishchilarga mahsulotni saralash, ta’mi va rangiga qarab tanlash, quritish texnologiyasini to‘g‘ri qo‘llash, zamonaviy qadoqlash va saqlash jarayonlari bo‘yicha amaliy ko‘mak bermoqda.

– Bugungi kunda 40 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlaganmiz, – deydi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Hakim Saidov. – Ular har kuni o‘rtacha 4 tonnadan ziyod pomidor terib, ularni saralaydi, maxsus uskunalarda bo‘laklarga ajratib, quritish uchun maxsus setkalarga joylashtiradi. Mehnat jarayonining har bir bosqichi sifat va sanitariya talablari asosida tashkil etilmoqda.

Bu kabi loyihalarning yana bir muhim jihati shundaki, ular qishloq aholisi, ayniqsa xotin-qizlar uchun doimiy ish o‘rinlari yaratib, oilalar daromadining oshishiga xizmat qilmoqda. Bu esa iqtisodiy barqarorlik bilan bir qatorda ijtimoiy farovonlikni ta’minlashda ham muhim omil hisoblanadi.

– Xorijlik hamkorlar bilan erishilgan eksport kelishuvi biz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, – deydi Zafar Ravshanov. – Agar birinchi ishimiz muvaffaqiyatli yakunlansa, kelgusi yilda eksport hajmini oshirish, ekin maydonlarini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish va yana ko‘proq mahalliy aholini, ayniqsa xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz. Bu orqali nafaqat fermer xo‘jaligimiz, balki tumanning eksport salohiyati, aholi bandligi ko‘rsatkichlari ham yanada yuksaladi.

Bugun dunyo bozorida raqobat nafaqat narx, balki ishonch uchun ham kechmoqda. Bir marta yuqori sifatli mahsulot yetkazib bergan ishlab chiqaruvchi keyingi yillarda ham ishonchli hamkor sifatida e’tirof etiladi. Shu ma’noda ikki milliard so‘m foyda keltirishi kutilayotgan Mirishkordagi mazkur loyiha kelgusida nafaqat Italiya, balki Yevropaning boshqa mamlakatlari bozorlariga ham yo‘l ochishi mumkin.

Eng muhimi, bunday tashabbuslar o‘zida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning hayotiy natijasini yaqqol namoyon etadi. Binobarin, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, eksport geografiyasini kengaytirish, yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va milliy mahsulotlarni jahon bozorlarida munosib o‘ringa olib chiqish – mamlakat taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Shohista BOZOROVA