16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Misr sultonini sulhga ko‘ndirgan elchi

Qashqadaryoga oid

Manbalarda Amir Temur har qanday muammoga yechim topa oladigan ustomon diplomat sifatida namoyon bo‘ladi. «Temur tuzuklari»da «Qaysi ishni chorayu tadbir bilan bitirishning iloji bo‘lsa, unda qilich ishlatmadim. Tajribamdan shuni bildimki, yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin» deya ta’kidlangani bejiz emas.

Amir Temurga xos ana shu diplomatiya, uning dushmanlari ustidan qozonilgan g‘alabalarda, ayrim o‘lkalar hukmdorlarining unga urushsiz tobe bo‘lishida eng qulay, betalafot vosita bo‘lgan.

Sohibqiron chet ellarga borib keladigan diplomatik mutaxassislar – elchilarni tanlashga katta e’tibor bergan. U elchilar aqlli, dono, farosatli, so‘zamol, hozirjavob bo‘lishini talab qilib, ularni eng ko‘zga ko‘ringan akobirlar va fuzalolar orasidan tanlar edi. Ana shunday elchilardan biri Mavlono Abdulloh Keshiydir.

Mavlono Abdulloh Amir Temur davrida Misrga elchi qilib yuborilgan.

Misr sultoni Barquq Amir Temurga hamisha dushmanlik ko‘zi bilan qaragan, bir necha bor uning elchilarini qatl etgan. Sohibqironning ishonchli odamlaridan biri – Amir Otlamishni qamoqqa tashlagan. Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Otlamish Qohirada tijorat bilan shug‘ullangan, ammo Amir Temurga Misrdagi ichki vaziyat, fuqarolarning ahvoli haqida muntazam ma’lumotlar yuborib turgan. Shu sababli Ibn Arabshoh Mavlono Abdulloh Keshiyni ham Amir Temurning xufiyalaridan biri edi, deydi. Sohibqiron uni qutqarish uchun Misrga to‘xtovsiz elchilar yuboradi. Xatlarda dushmanlikdan voz kechish, dastlabki qadam sifatida Amir Otlamishni ozod etish talab etilgan edi.

Ammo Sulton Barquq Amir Temurga qarshi kurashish uchun Oltin O‘rda va Usmonli davlati bilan yashirin ittifoq tuzadi. Bundan xabar topgan Sohibqiron raqiblarining rejalarini chippakka chiqaradi. 1395-yili Oltin O‘rdaga yurish qilib, To‘xtamishxonni tor-mor qiladi. 1399-yili esa Sulton Barquq to‘satdan vafot etadi. Endi Yildirim Boyazid Amir Temur bilan yuzma-yuz qolgan edi, ikki davlat elchilarining sa’y-harakatlari va o‘zaro munosabatlarni yaxshilash yo‘lidagi barcha urinishlarga qaramay, nizo 1402-yili Anqara jangi bilan yakunlanadi.

Ammo Sohibqiron Misr davlati bilan nizoni tinch yo‘l bilan bartaraf etish fikridan qaytmaydi. Shu maqsadda Mavlono Abdulloh Keshiy Misrning yangi sultoni Faraj huzuriga elchilikka yuboriladi. U sultonni sulh shartnomasi tuzishga ko‘ndirishi kerak edi.

XIV asr oxiri va XV asr boshida yashab, ushbu voqealarning bevosita shohidi bo‘lgan taniqli Misr tarixchisi Ibn Do‘qmoqning guvohlik berishicha, bunday sulh haqiqatdan ham imzolangan. Misr sultoni o‘zini Amir Temur bilan sulh tuzganligini e’tirof etgan. Bu murakkab vaziyatdagi ikki davlat o‘rtasidagi aloqani tiklash elchi Mavlono Abdulloh Keshiyga topshirilgan va elchi bu vazifani ko‘ngildagidek uddalagan.