16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Neft-gaz sanoati tarixi bo‘yicha kamyob mutaxassis

Men tanigan birinchi olim Obod Jo‘raqulov bo‘lgan, desam ishonasizmi? Gap shundaki, bolalikda uyda «Qashqadaryo mang‘itlari» degan kitob bo‘lar, nuqul shu kitobni varaqlaganim-varaqlagan edi. Ayniqsa, suratlarning o‘zi bir olam edi. Shuncha vaqt o‘tishiga qaramay kitob va uning muallifi nomi esdan chiqmadi.

Qashqadaryoga oid

Manbalardan o‘rganib bilsam, professor Obod Jo‘raqulov 1937-yilda Chandir qishlog‘ida cho‘pon oilasida dunyoga kelgan ekan. Samarqand davlat universitetida o‘qigan. Ilmiy ishini professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Yuriy Nikolayevich Aliaskarov rahbarligida olib borib, O‘zbekiston tarixining kam o‘rganilgan yo‘nalishlaridan biri – O‘rta Osiyo neft-gaz sanoati tarixi mavzusida olib boradi.

Obod Jo‘raqulov 1967-yilda nomzodlik, 1984-yil doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qiladi hamda unga 1985-yili professor unvoni beriladi. 1971-1976-yillarda chet tillar fakulteti dekani, 1979-1981-yillarda sirtqi bo‘lim dekani o‘rinbosari, 1983-2007-yillarda kafedra mudiri lavozimlarda samarali mehnat qiladi.

Obod Jo‘raqulov O‘zbekiston neft-gaz sanoati tarixi bo‘yicha nafaqat respublikada, balki Markaziy Osiyoda taniqli olim sifatida e’tirof etiladi. Uning ushbu yo‘nalishda yaratilgan «Qudratli energiya manbai», «Razvitiye gazovoy promishlennosti Uzbekistana», «Qashqadaryo marmar sanoati», «Qashqadaryo sanoati tarixi» kabi asarlari sanoat tarixi tadqiqotchilari uchun asosiy qo‘llanma sanaladi. Shu bilan birga, olimning «Chandir turkmanlari», «Qashqadaryo mang‘itlari», «Shahrisabz yilnomasi», «Shahrisabz tarixi», «General Jo‘rabek qadriyati», «Ko‘rganlarim – anglaganlarim» asarlari ham nafaqat tarixchilar, balki keng kitobxonlar tomonidan ham yuqori baholangan.

Olimning bevosita tashabbusi bilan 1994-yilda Qarshi davlat universitetida O‘zbekiston tarixi yo‘nalishi bo‘yicha aspirantura ochilgan. Jonkuyar olimning bevosita rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari yetishib chiqqan.