16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Без рубрики

OCHIQLIK INDEKSI: 88,2 BALL, 16-O‘RIN

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan 2025–yil uchun ochiqlik indeksini e’lon qildi. Unda Qashqadaryo viloyati hokimligi 88,2 ball jamg‘argan holda 16-o‘rinda qayd etilgan.

Ma’lumki, ochiqlik indeksini baholash tizimi Prezidentning 2022-yil 14-iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har yili oldingi yilning 1-yanvaridan 31- dekabriga qadar bo‘lgan davrini o‘z ichiga qamrab oladi. Ochiqlik indeksi «0» balldan «100» ballgacha baholanib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati samaradorligi «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan bu yilgi baholashda 97 ta vazirlik, idora, tashkilot va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olinganini ma’lum qilib, baholash jarayoni 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirilganini qayd etgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi «yashil», 22 tasi «sariq» va 9 tasi «qizil» samaradorlik ko‘rsatkichlarini namoyon qilgan.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyati hokimligi 2023-yil uchun ochiqlik indeksi baholashida 65,4 ball jamg‘arib, «sariq» toifaga kirgan bo‘lsa, undan keyingi yilda 78,6 ball bilan «yashil»ga chiqqandi, 34-o‘rin.  2025-yil uchun ochiqlik indeksi baholashida esa avvalgi yilgiga nisbatan 9,6 ball ko‘proq jamg‘arib, jadvalda 18 pog‘onaga yuqorilagan.