16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Sport

OMMAVIY SPORTDAN – OLIMPIYA CHO‘QQILARIGACHA

Ma’lumki, o‘tgan haftada mamlakatimiz Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi.

Qaror va mohiyat

Viloyat hokimi Murotjon Azimov tomonidan qabul qilingan tegishli qaror ham aynan shu jabhadagi muhim maqsadlar – aholini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish orqali nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimizning har tomonlama muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlashga qaratildi.

Bir yilda 80 ta xususiy sport klubini ochish reja qilingan

Qarorga muvofiq, xususan, Olimpiya va Paralimpiya harakati, sport ta’limi va seleksiya hamda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish va aholi jismoniy faolligini oshirish yuzasidan Qashqadaryo viloyatida 2025-yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha «yo‘l xaritasi» hamda vohamizda joriy yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Ularga ko‘ra, viloyatimizda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilingan aholi ulushini 2024-yildagi 33 foizdan 38 foizgacha oshirib, ommaviy sport musobaqalari bilan qamrovni 1 million 188 ming kishidan 1 million 357 ming kishigacha kengaytirish mo‘ljallanmoqda.

Ayni paytda yil davomida 4 ming 250 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni adaptiv (imkoniyati cheklangan kishilar uchun maxsus ishlab chiqilgan) sport turlari bo‘yicha ommaviy sportga jalb qilib, olis va chekka hududlardagi mahallalarda qo‘shimcha ravishda 16 ta namunaviy tipdagi sport maydonchalarini barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2025-yilda viloyatimizda turli musobaqalarda yaxshi natija ko‘rsatgan 10 ming nafar iqtidorli yoshni sport maktablariga seleksiyalash, 30 nafar sport ustasi va xalqaro toifadagi sport ustasini tayyorlash, 80 ta yangi xususiy sport klubini tashkil etish ham maqsad qilingan.

Viloyat hokimining qaroriga asosan vohamizda joriy yilda mahalliy hokimliklar, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalar huzurida jami 40 ta, oliy ta’lim muassasalari huzurida esa kamida bittadan jamoaviy sport turlari bo‘yicha sport klublari ham tashkil etiladi. Ayni paytda bunday sport turlari bo‘yicha «Hokim (rahbar, rektor) kubogi» musobaqalari o‘tkazib boriladi.

Nishon tumanida eshkak eshish sport bazasi qurilmoqda

Jahondagi eng nufuzli sport turnirlariga terma jamoalar zaxirasini kuchaytirish maqsadida joriy yilda viloyatimizda Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida 170 ta musobaqa o‘tkaziladi.

Bu boradagi eng muhim yangiliklardan biri – mamlakatda Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha uch bosqichli «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Videoselektor yig‘ilishida aytilganidek, ushbu musobaqaning tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar rag‘batlantirib boradi. Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan «Prezident Olimpiadasi»da ishtirok etadi. Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda, 1-2 kurs o‘quvchilariga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

2025-yilda viloyatimizda terma jamoalar tayyorgarlik olib boradigan 7 ta sport inshootining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ham nazarda tutilgan. Shulardan biri Nishon tumanidagi Solyanka ko‘lida tashkil etilayotgan akademik hamda baydarka va kanoeda eshkak eshish sport bazasi bo‘lib, uni barpo qilishga mahalliy budjet va homiylik mablag‘lari hisobidan 4,5 milliard so‘m, zarur sport anjomlari va uskunalari, qayiqlar bilan ta’minlashga Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan 1,5 milliard so‘m ajratilishi «yo‘l xaritasi»da ko‘rsatib o‘tilgan. Ma’lum qilinishicha, hozir yangi sport bazasini tashkil etish maqsadida mavjud suv havzasi eshkak eshish mashg‘ulotlarini o‘tkazishga mo‘ljallab obodonlashtirilmoqda. Keyinchalik esa u yerda yengil konstruksiyali inshootlar – o‘quv treninglari va jismoniy mashg‘ulotlar uchun zallar, qayiqlarni saqlash omborlari, oshxona va dam olish xonalarini qurish rejalashtirilgan.

Barcha sport maktablarida paralimpiya sport guruhlari tashkil etiladi

Sportda seleksiya va ta’lim tizimini rivojlantirish doirasida joriy yilda viloyatimizdagi to‘rtta – Qarshi shahar (yunon-rum kurashi va og‘ir atletika), G‘uzor tumani (gandbol va kurash), Shahrisabz tumani (yengil atletika va dzyudo) va Koson tumani 2-son (dzyudo va futbol) sport maktablari tajriba tariqasida ikkitadan sport turiga ixtisoslashtiriladi.

Ayni paytda ayrim tumanlarda sport maktablarini paralimpiya sport turlariga, xususan, Muborakda para taekvondo va para golbol, Qarshi tumanida para stol tennisi va para dzyudo, Nishonda para voleybol va para yengil atletikaga ixtisoslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Bunda ixtisoslashtirilayotgan barcha sport maktablari uchun ko‘rsatib o‘tilgan sport turlari bilan shug‘ullanadigan sportchilar sonini ko‘paytirish, razryadli va unvonli sportchilarni tayyorlash, trenerlar sifat tarkibi va sonini oshirish, hududiy va milliy terma jamoalar uchun sportchilarni tayyorlab berish bo‘yicha aniq maqsad va rejalar belgilanmoqda.

Joriy yilda yana bir muhim maqsadli ko‘rsatkichga erishib, viloyatimiz sport ta’lim muassasalarida adaptiv sport turlari bilan shug‘ullanuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar qamrovini kamida 35 foizga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun har bir sport maktabida kamida bittadan adaptiv sport turi bo‘yicha trenerlar o‘qitilib, ular orqali tegishli guruhlarga nogironligi bo‘lgan shaxslar qamrab olinadi, barcha sport maktablarida paralimpiya sport guruhlari tashkil etiladi va ular zarur sport inventarlari bilan ta’minlanadi.

Prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda viloyatimizda Olimpiya sport turlari bo‘yicha hududiy sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, ularni yirik tashkilotlarga biriktirish va qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarurat tug‘ilganda rahbarligiga munosib nomzodlarni taklif etish, joylashuvi bo‘yicha zarur choralarini ko‘rish ham ko‘zda tutilmoqda.

Qarorga asosan viloyat hokimi tomonidan 2025-yilda olimpiya harakatini rivojlantirish yuzasidan «sport qabullari»ni o‘tkazish reja-jadvali ham tasdiqlanib, unda viloyatimizdagi sport sohasi mutasaddilari, sport federatsiyalari va sport maktablari hamda biriktirilgan homiy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Temur NIZOMOV tayyorladi.