16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

O‘n to‘rt yil tutqunlikda

Sobiq tuzum davrida qatag‘onga uchragan qashqadaryoliklar haqida gap borarkan, dastavval xayolga Habib Fayzullayev nomi keladi. Albatta, uning mashhur shoir Musa Jalil bilan birga hibsda bo‘lgani nomini mashhurlikka duch qilgani aniq, ammo uning bekorga qatag‘on qilinmagani-da ayon haqiqat.

Qashqadaryoga oid

«Qashqadaryo vohasi tarixidan lavhalar» kitobida bu borada ko‘plab muhim ma’lumotlar jamlangan. Qayd etilishicha, Habib Fayzullayev 1919-yili Qarshi shahrida tug‘ilgan. 1923-yilda 34 yoshida gul umri xazonga aylangan onasi 4 o‘g‘il bilan beva qolgan. O‘shanda kenja farzandi Habib endigina 4 yoshda edi.

Habib Fayzullayev 1939-yilda harbiy xizmatga ketadi. 1941-yil yoz fasli boshida harbiy xizmatni tamomlab, ne-ne orzu-umidlar bilan yashayotgan edi. Boshlangan urush bu orzularini chilparchin qilib yuboradi. Boshqa safdoshlari qatori u ham birinchilardan bo‘lib jangga kiradi. Dahshatli janglarning birida qurshovda o‘ng oyog‘idan og‘ir yarador bo‘lib fashistlar qo‘liga asir tushadi. U ham boshqalar qatori Lvov shahridagi «O‘lim lageri»iga keltiriladi. Bu lagerda, Habib Fayzullayevning aytishi bo‘yicha, qirq ming kishi bo‘lgan. Lagerda ochlik va turli kasalliklar tufayli o‘lim avjiga chiqib, olti oy ichida to‘rt ming kishi qoladi, xolos.

1943-yilning yanvarida mahbuslarni Berlindan 60 kilometr uzoqlikdagi Vustrau  lageriga keltiradilar. O‘sha lagerda adabiyot darsliklaridan bizga yaxshi ma’lum, Sovet ittifoqi Qahramoni, tatar shoiri, «Moabit daftari» she’riy to‘plamining muallifi Musa Jalil ham bo‘lgan. Tutqunlikning ilk kunlaridanoq ular qalin do‘stlashadi. Hatto Musa  Jalil Habib Fayzullayevni inim deb chaqiradi. Havaskorlik bilan yozgan ba’zi she’riy  mashqlariga ustozlik qiladi.

1943-yil fevralda Musa Jalilni konslagerdan olib ketishgach, Habib Fayzullayevning yagona do‘sti va sirdoshi qog‘oz va qalam bo‘ladi.

Fashistlar lagerdagi barcha mahbuslarni yo‘q qilishga ulgura olmaydilar. AQSH qurolli kuchlari mahbuslarni ozod qilishadi. Ammo o‘z yurtida ularni gullar bilan quchoq ochib emas, balki tavqi la’nat va kishan bilan qarshi olishadi. 1945-yilning may oyida amerikaliklar Frankfurt shahrida tashkil etilgan punktda ularni saralab «Smersh» (smert shpionam) deb atalgan maxsus bo‘lim xodimlariga topshirishadi. «Smersh»chilar to‘rt mingdan oshiq mahbusni to‘plab qizil vagonlarga joylashtiradilar. Uzoq Komi ASSRning Kochlis degan posyolkasiga bir oy yo‘l yurib yetib borishadi.

Habib Fayzullayev uch yil davomida tergov qilinadi. Tergov jarayonida biror jinoyat alomatini topa olmaydilar. Shunga qaramay, uch yillik tergovdan so‘ng, 1948-yilning 17-iyulida harbiy tribunal Habib Fayzullayevni 25 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqaradi. Shundan keyin uch oy umumiy turmada saqlashadi. So‘ngra Inta shahriga maxsus og‘ir rejimli lagerga yuborishadi. U yerda Habib Fayzullayevga o‘xshash besh mingga yaqin mahbus bor edi. O‘sha vaqtda NKVD rahbari Beriyaning buyrug‘i bilan lager katorga rejimiga o‘tkaziladi. Mahbuslarni 250 metr chuqurlikdagi ko‘mir konida ishlatishadi.

1955-yil 30-iyundagi 947-raqamli xat Habib Fayzullayevga erkin yashash huquqini beradi. 14 yillik ayriliq azobi tugagandek edi. Tutqunlikdan xalos bo‘lib, o‘z vataniga qaytadi, biroq endi onasi yo‘q edi.

Vatanida hayotini yangiday boshlaydi. U «Muborakgaz ishlab chiqarish» boshqarmasi ishchilar ta’minoti bo‘limi boshlig‘i bo‘ladi, benuqson, halol ishlagani bois nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham Qarshi shahridagi katta savdo majmualaridan biri – «Ming xil mayda-chuyda» («Tisyacha melochey») savdo markaziga direktor etib tayinlanadi. U yerda sakkiz yil ishlaydi. So‘ngra mahalladoshlarining qo‘llab-quvvatlovi bilan Chaqar mahallasi oqsoqoli etib saylanadi. Shu vazifada umrining oxirigacha xizmat qiladi.

Habib Fayzullayev 2007-yil mayida  88 yoshida olamdan o‘tgan. Mahallaning har bir a’zosi uni cheksiz mehr va hurmat bilan yodga oladi. Habib Fayzullayev hayot yo‘li yoshlar uchun katta maktab bo‘la oladi.