Bugunning gapi
Hozirgi axborot texnologiyalari asrida jismoniy shaxslarga masofadan turib ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar bo‘yicha qanchalik qulayliklar yaratilayotgan bo‘lmasin, hech birimiz onlayn firibgarliklardan, kiberxujumlardan xolimiz, deb ayta olmaymiz. Ba’zan ishonuvchanlik, ba’zan ozgina e’tiborsizlik ommalashgan xavflardan biri bo‘lgan onlayn kredit to‘riga tushib qolishingizga sabab bo‘lishi mumkin. Onlayn kredit xavfi – bu shaxsiy ma’lumotlarning firibgarlar qo‘liga tushishi, noqonuniy kreditlar rasmiylashtirilishi va yuqori foizli qarzdorlikni keltirib chiqaruvchi moliyaviy xavfdir.
KAFOLAT VA HIMOYA
Onlayn kreditlar mashmashasi to‘g‘risida ham har kuni eshitib, ko‘rib, hattoki guvohi bo‘lib turibmiz. Bu esa barchamiz uchun manfaatli bo‘lgan moddiy xavfsizligimizning, kiberxavfsizligimizning ta’minlanishida kafolat va himoya bo‘ladigan norma ishlab chiqilishini taqozo etardi.
Xuddi shunday muhim hujjat joriy yilning 21-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va 22-aprel kuni kuchga kirgan «Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risida»gi nizomdir.
Mazkur hujjatda kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar belgilangan.
Tushuncha berilishicha, onlayn kredit (mikroqarz) – kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga to‘lovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida masofadan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi axborot tizimlari orqali beriladigan pul mablag‘laridir. Shuningdek, frod holatlari deganda, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik va (yoki) o‘g‘rilik holatlari tushuniladi.
Nizomda foydalanuvchini, ya’ni kredit oluvchini bir necha bosqichli identifikatsiya va autentifikatsiya qilish tartibi belgilandi. Kredit va to‘lov tashkilotlari uchun ham masofadan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi axborot tizimlari, mobil ilovalar va ularning veb-talqinidan foydalanuvchilarning qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va monitoring qilishda qator talablarga rioya etishlari shart qilib qo‘yildi.
XAVFSIZLIK VA DAXLSIZLIK
Endilikda mobil qurilmaning texnik identifikatsiya va dasturiy parametrlari avtomatik tarzda aniqlanishi va ma’lumotlar bazasida saqlanishi ta’minlanadi. Foydalanuvchining hisobga olish yozuviga (akkauntga) ro‘yxatdan o‘tmagan qurilmadan kirishga urinish holati aniqlanganda, u to‘g‘risida akkaunt egasiga qurilmaning texnik parametrlarini (qurilma nomi, modeli, operatsion tizimi, IP-manzili) ko‘rsatgan holda SMS-xabarnoma orqali ogohlantirish yuboriladi. Unda ushbu harakatlar hisobga olish yozuvi (akkaunt) egasi tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, zudlik bilan akkauntga kirish parolini o‘zgartirish lozimligi haqida xabar beriladi. Yangi qurilmadan mavjud akkauntga kirishga faqatgina autentifikatsiya jarayoni yakunlanib, foydalanuvchi biometrik identifikatsiyadan o‘tganidan so‘ng ruxsat beriladi.
Foydalanuvchi mobil ilova yoki uning veb-talqinida hech qanday harakatni amalga oshirmaganda, ushbu sessiyaning amal qilish vaqti 3 daqiqadan oshmasligi kerak. Bunda belgilangan vaqt tugaganidan keyin sessiya avtomatik tarzda tugatilishi va qayta autentifikatsiya talab qilinishi lozim.
Nizomda onlayn kredit (mikroqarz) ajratishda sodir etilgan frod holatlari natijasida foydalanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash tartibi ham belgilandi. Unga ko‘ra, masofadan turib onlayn kredit (mikroqarz) ajratish jarayonida sodir etilgan frod holati natijasida foydalanuvchi nomiga onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirilgan taqdirda foydalanuvchi mazkur holat bo‘yicha ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qiladi.
Ichki ishlar organlari fuqaro (foydalanuvchi) tomonidan berilgan ariza asosida sodir etilgan frod holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov harakatlarini amalga oshiradi. Jarayonda onlayn kredit (mikroqarz) frod holati natijasida rasmiylashtirilganligi aniqlanganda, fuqaroning jabrlanuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sudning ajrimi onlayn kredit (mikroqarz)ni rasmiylashtirgan axborot tizimi (mobil ilova, veb-talqin va boshqalar) egasi bo‘lgan kredit tashkilotiga yuboriladi.
Kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirilgan fuqaroning jabrlanuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim kelib tushgan kundan boshlab mazkur onlayn kredit (mikroqarz) va u bilan bog‘liq foizlar, neustoyka, jarimalarni hisoblashni hamda jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan shaxsdan undirishni to‘xtatadi.
Kredit tashkiloti tomonidan onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirilishi va u bilan bog‘liq boshqa to‘lovlar jabrlanuvchidan undirilgan holatlarda ushbu to‘lovlar kredit tashkiloti tomonidan jabrlanuvchining bank kartasiga yoki u ko‘rsatgan hisobvarag‘iga sudning qarori yoki ajrimi asosida qaytariladi.
Mazkur to‘lovlar sudning qarori yoki ajrimi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab o‘n besh kun muddatda amalga oshiriladi.
MUROJAAT VA MUAMMO
Hozirgi kunda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga aynan onlayn firibgarlik qurbonlari bo‘lgan fuqarolar tomonidan o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida huquqlarini tiklashni so‘rab ko‘plab murojaatlar qilinmoqda. Misol uchun, fuqaro D.P. Koson tumanida yashovchi bir guruh fuqarolar u faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotiga kelib, o‘zlarini hozirda mashhur bo‘lgan kompaniyaning savdo vakillari deb tanishtirgan holda chegirma narxlarda tovar olishini tashkil etib berishini va’da qilib, telefon orqali identifikatsiyadan o‘tkazish orqali uning nomiga yigirma bir million so‘m onlayn kredit olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganligi uchun murojaat etgan.
Boshqa bir holatda Z.R ismli fuqaro chuv tushgan. «Hojatbaror» go‘yoki uning bank tizimlarida qora ro‘yxatda turmasligini aniqlab berishini aytib, telefon orqali identifikatsiyadan o‘tkazgan va nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib, o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olgan.
Bunday holatlar esa fuqarolarimizdan yanada sergak va hushyor bo‘lishni, shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik, ularni har kimga taqdim etmaslikni taqozo etadi.
Risolat ABDULLAYEVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining sudyasi

