16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Oqar suv, gullayotgan tomorqalar, mamnun aholi

Qashqadaryo iqlim sharoitida suvsiz dehqonchilik qilishning imkoni yo‘q. Ayniqsa, viloyatning cho‘l hududlarida ushbu tabiiy resursga bo‘lgan talab yuqori. Chunki bu yerlarda tuproqqa qadalib, hali o‘zini tutib olmagan har qanday ekin tez-tez sug‘orilmasa, issiq ta’sirida qurib qoladi.

Nishon tumanidagi Oq Oltin mahallasi aholisi bu yil ham tomorqa dehqonchiligini erta bahordan boshladi. Ko‘pchilik sug‘orishda foydalanadigan yer osti suvi kuchli sho‘rlangani sabab ekilgan ekinlar hosili kutilganidek bo‘lavermasdi. Yaqinda mas’ullar yordami bilan mahalladagi 220 ta xonadonni ta’minlaydigan tarmoq sozlanib, unga quvur yordamida tabiiy oqar suv tushirildi.   

– Natijada hammada tomorqa dehqonchiligini yanada yaxshiroq qilishga ishtiyoq uyg‘ondi, – deydi mahalla aholisi vakillaridan biri Obid Davlatov. – Foydalanilmay yotgan yer qolmayapti, ro‘zg‘or uchun oziq-ovqat ekinlari ekayapmiz. Hosil kutilganidek bo‘lsa,  ortganini bozorga chiqarib, qo‘shimcha daromad ham topamiz.

Bu yil hududda tomorqachilik asosida aholi bandligini ta’minlash, ularni tomorqada ishlab, avvalo o‘zini ta’minlash, qolaversa, yaxshigina foyda ko‘rishga undash barobarida «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida 17 gektar maydonda kartoshka ekildi, boshqa ekinlar ham yetishtirilmoqda. Endi oqar suv ham bor, yaxshi parvarish qilingan ekinning hosili mo‘l bo‘lishi tayin. Ana shuni anglagan odamlar oqar suv keltirishga bosh qo‘shganlardan mamnun holda tomorqasini gullatayapti.

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.