Xitoyning Uxan shahrida covid-19 pandemiyasi dastlabki bosqichlarini yoritgani uchun ilgari to‘rt yilga qamoqqa tashlangan inson huquqlari bo‘yicha jurnalist Chjan Chjan yana xuddi shuncha muddatga kesildi. Bu haqda Reuters manbasi xabar bergan.
Materialda qayd etilishicha, jurnalist ayol «nizo qo‘zg‘atish va tartibsizliklarga undash» haqidagi modda bo‘yicha hukm qilingan. U 2020-yil dekabrda ham xuddi shu ayblov bilan muddat olgan edi. Bu gal uning inson huquqlari buzilishlari to‘g‘risidagi chiqishlari va xorij internet manbalaridagi sharhlari jinoiy javobgarlik uchun sabab bo‘lgan.
Chjan Chjan birinchi bor pandemiya avvalida Uxandan shahar ko‘chalaridagi holatni aks ettirgan videolar va reportajlarni e’lon qilgani ortidan hibsga olingan. U 2024-yil mayda ozod qilinib, oradan uch oy o‘tgach yana qo‘lga olingan.
Xabarda aytilishicha, jurnalistga nisbatan hukm chiqarilishidan bir hafta oldin Xitoy oliy qonun chiqaruvchi organi sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarda javob choralarini tezlashtirish haqidagi qonun loyihasini qabul qilgan.

