16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

O‘Z DAVRINING SIYOSIY EKSPERTI

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga

Zahiriddin Muhammad Bobur otasi Umarshayx mirzoning fojiali vafotidan keyin, garchi qonuniy taxt vorisi bo‘lsa ham, hech kutilmaganda 12 yoshida podshoh bo‘lishi aqliy jihatdan erta ulg‘ayishiga, insoniy fazilatiyu e’tiqodi takomillashuviga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Bobur chigal siyosiy, ijtimoiy, tarixiy vaziyatda hokimiyatga keldi. Movarounnahr tuprog‘ida avj olgan o‘zaro janglarda u ham qatnashishga majbur edi. Muhoraba, siyosiy to‘qnashuvlar yosh hukmdorni har tomonlama chiniqtirdi.

Mazkur holatlar «Boburnoma» sahifalarida tasvir etilar ekan, muallif tarixga va yuz berayotgan hodisalarga subyektiv yondashadi, ya’ni o‘z davri tarixining eksperti sifatida tahlilga kirishadi. Boburshunos F.Talbot: «Hozirgi Hindistonni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi, ishni eng yaxshisi, Boburning xotiralarini mutolaa qilishdan boshlagani ma’qul. Chunki muallifning o‘zi asari rostbayonligi to‘g‘risida hayratomuz chin iqrorini bildirganki, juda ko‘p G‘arb va Sharq tarixchilari, boburshunoslari adibning ana shu iqroriga qarab bu asarni mutolaa qilganlar», deganida haq edi.

Ma’lumki, «Boburnoma» 3 mintaqa (Movarounnahr, Xuroson va Hindiston) tarixi hamda 2 mingdan ortiq tarixiy shaxslar hayoti odilona baholangan asardir. Ingliz tarixchisi Elfinsonning: «…bu asar Osiyoda yagona, chinakam tarixiy tasvir namunasidir. Bobur harbiy odamning tashqi ko‘rinishi, kiyimini, ta’bi va odatlarini ifoda qiladi, mamlakatlarni, ularning iqlimi, tabiati, xo‘jaligi, san’at va hunarmandchilik namunalarini tasvirlab beradi. Lekin muallifning yorqin xarakteri asarga eng ko‘p joziba bag‘ishlaydi», degan qarashlari fikrimizga oydinlik kiritadi.

Bobur bir mamlakatga ikki mirzoning hokim qilib tayinlanishi temuriylar saroyidagi noloyiq ish, deb biladi. Bu qaror temuriy shahzodalar orasida nifoqni kuchaytirishi, ularning munosabatlari buzilishi va hatto qonli janglarga ham olib kelishini o‘z davrining zukko tarixchisi sifatida bayon etadi. YA’ni, «bashirkat podshohlik qilish»ni Husayn Boyqaro davlatchiligidagi nomunosib ish, tarixning xatosi sifatida baholaydi: «…Badi’uzzamon mirzo bila Muzaffar Husayn mirzoni Hiri taxtida bashirkat podshoh qildilar… Bu g‘arib amre edi, hargiz podshohliqta shirkat eshitilgan emas. Shayx Sa’diy so‘zining mazmunining xilofi voqi’ bo‘ldi: Nechukkim, «Guliston»da kelturubtur: «Dah darvesh dar yak gileme bixusband va du podshoh dar iqlime nagunjand» (mazmuni: «O‘n darvesh bir gilamga sig‘ib yotarlar, ikki podsho bir iqlimga sig‘maydi»).

Bobur saltanatni boshqarishda har bir ishni chuqur o‘ylab, xulosa chiqarishni ta’kidlaydi. Uning bu qarashlari hayot tajribasiga asoslangan tarzda o‘z ifodasini topgan. U bir gal beklarining gapiga kirib «farmon bo‘ldukim, bizing bila bo‘lg‘onlar tanig‘on nimalarini olsunlar», deb amr berar ekan, bunday fikrga kelishi g‘alat ekanligini, biroz shoshib ish ko‘rganini xolisona bayon etadi. Tarixchi S.Jalilovning fikricha, bu jihat «Shu davrgacha boburshunoslikda «arzimas» bo‘lib ko‘ringan, ammo mohiyatan muhim bir holat»dir.

Ya’ni, tafsilotlarga e’tibor berilsa, Bobur Yomda turganida uning qarorgohi joylashgan maydon bozorga aylanib, barcha samarqandliklar har kuni kelishar va bu yerda oldi-sotdi ishlari qizib ketardi. O‘z-o‘zidan bu elning Boburga tomon intilishini ko‘rsatar edi. Shaharda osoyishtalik yo‘q, aka-uka mirzolar hujumidan xaloyiq bezigan, bozorini, oldi-sotdisini ham bemalol qilolmay qolgan. Ustiga-ustak, iqtisodiy tang vaqtlarda Samarqand bozori ham talon-toroj qilib turilgan. Bir kuni Yomda ham xuddi shunday hodisa bo‘ldi. Qo‘qqisdan peshin namozidan so‘ng bozorda to‘s-to‘polon boshlandi: butun bozorni askarlar talab ketishibdi. Bobur bundan voqif bo‘lgach, maxsus farmon chiqaradi. Unga ko‘ra, erta sahardayoq barcha talangan mollar – hatto «ipu igna sinig‘igacha» egalariga qaytarilgan. Bobur Mirzoning bu va shu kabi boshqa tadbirlari uning samarqandliklar orasida nufuzi ortib borishini ta’minlaydigan omillardan edi. Ikkinchi tomondan, farmon ijrosining qat’iyligi – xoh doimiy hayotda, xoh safarda bo‘lsin, Bobur qonun ustuvorligiga naqadar jiddiy ahamiyat berganiga hujjatdir.

«Boburnoma» sahifalarida muallif har bir mirzo, sulton, sarkarda, bek va ayonu ashroflarning qobiliyati, urush maydonida o‘zini tuta bilishning ijobiy va salbiy tomonlarini aniq ko‘rsatib beradi. Masalan, uning ayrim temuriyzodalarga bergan bahosi xarakterli. U Sulton Mahmudning qo‘rqoqligi bilan o‘ziga taalluqli keng hududni g‘animlaridan qanday himoya qila olishi, agar u Farg‘ona taxtiga da’vogar Ahmad Tanbal oldida qo‘rqib, qaltirab tursa, bunday qo‘rqoqlar bilan saltanatni himoya qilish mumkin emasligini ta’kidlaydi: «Sulton Mahmudxon urush kishisi emas edi. Sipohiylikdin bisyor oriy edi. Tanbal bila o‘tru (ro‘baro‘) bo‘lg‘on chog‘ xondin bedilona aqvol va af’ol zohir bo‘lur. Ahmadbek turk kishi edi, vale mardona va davlatxoh edi. G‘arib durusht aytur, derkim, bu Tanbal ne miqdor kishidurkim, muncha dag‘dag‘a va taraddud tortarsiz. Agar ko‘zungiz qo‘rqsa, ko‘zungizni bog‘lab yurub ro‘baro‘ bo‘ling».

1503-1504-yillar voqealari zikrida Bobur Husayn Boyqarodan maktub oladi. Buni «…Badi’uzzamon mirzog‘a va manga va Xisravshohg‘a va Zunnung‘a bir mazmun bila uzun-uzoq nishonlar keldi», deydi. Ushbu «uzundan-uzoq» maktub mazmunini keltirar ekan, Sulton Husayn mirzoning temuriylar orasida tajribali va qudratli bo‘lishidan qat’i nazar, davr siyosati va umumiy dushman Shayboniyxonga qarshi kurashishda Xuroson mulkiga mansub qal’alarni mustahkamlash emas, barcha temuriy shahzodalar birlashib, o‘zaro ixtiloflarga  barham berib, kasri nafs bahridan kechib ish tutishlari lozimligini ta’kidlaydi. Bundan ko‘rinadiki, o‘sha davrda barcha temuriyzodalar ichida tiniq fikrli, tarix voqealariga obyektiv baho bera oluvchi shaxs – Zahiriddin Muhammad Bobur edi.

Boburning Husayn Boyqaro siyosatiga bergan bahosi, qarashlaridan anglashiladiki, Amir Temur saltanatini aslicha saqlab qolish, Xuroson va Movarounnahrda bu saltanatni davom ettirish imkoniyati hali bor edi. Sulton Husayn maktubidagi «Tirmiz va Kilif va Karki guzarlarida kema muncha yasang, ko‘pruk asbobi bu miqdor tayyor qiling, yuqori To‘qquz o‘lum guzarlarni yaxshi ehtiyot qiling» mazmunidagi maslahatlari va farmon qabilidagi ko‘rsatmalari Boburning uzoqni ko‘zlagan strategik siyosatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasdi. Unga ko‘ra, bu muddatda vaqtni boy bermasdan, barcha temuriyzodalar kuchni birlashtirib, Shayboniyxon qo‘shiniga qarshi kurashga otlanmog‘i zarur edi. Afsuski, Husayn Boyqaro boshliq barcha temuriyzodalar o‘z mulklarinigina asrash payiga tushdilar va Shayboniyxon ularni birma-bir mahv etib, g‘alabaga erishdi: «Sulton Husayn mirzoning bu xatlari mujibi noumidliq bo‘ldi. Ne uchunkim, Temurbekning yurtida bu tarixda andin ulug‘roq podshoh ham yosh va ham viloyat va ham cherik bila yo‘q edi… Sulton Husayn mirzodek Temurbek o‘runig‘a o‘lturg‘on ulug‘ podshoh g‘animning ustiga yurumakni demay, yer berkitmakni desa, el va ulusqa ne umidvorliq qolg‘ay?!».

«Boburnoma»da Boburning ilk davlat boshqaruvini qo‘lga kiritgan yillarida unga davlat ishlarini yo‘lga qo‘yish va hukmfarmolikni qo‘lga olishda xalal bergan, ko‘pincha raqibi Ahmad Tanbal tarafiga o‘tib, unga qarshi kurashgan o‘gay ukasi Jahongir mirzo haqida ham fikrlar ko‘zga tashlanadi. Bobur uning qondoshligini inobatga olib, xatolarini kechirar, imkon qadar marhamatini darig‘ tutmas edi. Lekin shunga qaramasdan, ukasining o‘zgaruvchan xarakteri borasida asarida ochiq-oydin o‘z fikrini bildirib, temuriylar orasida shunday irodasiz, saltanatga xiyonat qiluvchi kimsalar borligini ta’kidlaydi. Jahongir mirzo kabilar jamiyatda xavfli shaxslar bo‘lib, saltanat inqirozga yuz tutishiga, kurashlarda raqib qo‘li baland kelishiga sabab bo‘lardi. Unga o‘xshaganlar jang maydonida raqib tomonga o‘tib ketishi bilan ham harbiy intizom jihatidan, ham qarindoshlik yuzasidan, ham ma’naviy jihatdan zararli edi.

Biroq, hatto eng og‘ir paytlarda ham Bobur o‘z jigargo‘shasiga nisbatan qaltis muomalada bo‘lmagan, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, temuriyzodaligini e’tiborga olib, izzat-nafsi sinishiga qaramasdan, uning insofga kelishiga ishonch bildirib keladi. «Boburnoma»da keyingi yillar voqealari tasvirini kuzatsak, Jahongir mirzo akasining harakatlariga qo‘shilib ish tutadigan, biroq shunda ham «eski odatlari»ni gohida namoyon etib turadigan kishiga aylangan edi. Bunda Bobur raqiblarining rejasi shundan iborat ediki, Jahongir mirzoni undan ajratib, Xuroson sari borishiga ruxsat olish, uning kuchini susaytirish, jigargo‘shalarni bir-biridan ajratish, shu bilan temuriylar xonadoni birligiga raxna solish edi.

Bobur jamiyatdagi ayirmachilar va saltanatni ichidan kemiruvchi toifaga mansub kishilarga murosasiz bo‘lgan: «…Tengri taolo davlati berdi, mehmon va g‘arib beklarni va yigitlarni boyrilardin va andijoniylardin ortuqroq va yaxshiroq ko‘rdum. Bovujud bu ajab baloyedurkim, hamisha el meni g‘iybat qilurlarkim, boyridin va andijoniydin o‘zgani rioyat qilmas. Masal borkim, «dushman ne demas, tushga ne kirmas». «Darvozai shahrro tavon bast, natvon dahani muxolifon bast» (mazmuni: «Shahar darvozasini yopib bo‘ladi-yu, dushman og‘zini yopib bo‘lmaydi»).

Bobur tarixiy vaziyatni yaxshi bilish bilan birga, Shayboniyxonning fe’li hamda harbiy qudratini ham real baholay olgan. Masalan, Qandahordan alamzada bo‘lgan Shayboniyxon Kobulga ham hujum qilishi, Bobur saltanatiga tahdid solishi aniq edi. Ana shu boisdan Bobur shunday qarorga keladi: «Bir men Kobulda qolib edim. Dushman bisyor qaviy, biz ko‘p zaif, ne maslahat qilmoqqa ehtimol, ne muqovamat qilmoqqa majol. Muncha quvvat va qudrat. O‘zumizga bir yer fikrini qilg‘uluqdur va bu miqdor furja va fursatta qaviy dushmandin yiroqroq ayrilg‘uluqtur, yo Badaxshon jonibi, yo Hinduston sari jazm qilmoq kerak…. Men va ba’zi ichki beklar Hinduston tarafi bormoqni tarjih qilib, Lamg‘ong‘a mutavajjih bo‘lduk».

Bobur bu davrdagi Hind saltanat boshliqlarining dunyoqarashi, siyosat yuritishiga ham alohida baho beradi. Ularning o‘sha paytda mavjud diplomatik tartibni bilmasligi yoki pisand qilmasliklarini ham oshkora bayon etadi: «Davlatxong‘a bitilgan xatlarni va Sulton Ibrohimg‘a bitilgan xatlarni topshurub, og‘iz so‘zlarni dog‘i aytib, Mullo Murshidg‘a ruxsat berildi. Bu Hinduston eli, alalxusus afg‘onlar ajab hush va xiraddin yiroq va ra’y va tadbirdin qiroq ellar bo‘lur ermish, ne yog‘iyliq yurush va turushin qila oldilar, ne do‘stluq roh va ravishin bila oldilar. Borg‘on kishimizni Davlatxon necha kun Laho‘rda saxlatib, ne o‘zi ko‘rdi va ne kitobatni Ibrohimg‘a yibordi. Necha oydin so‘ng borg‘on kishimiz hech javob topmay Kobulg‘a keldi».

Bobur yuborgan elchi bir necha oy Ibrohimning e’tiboridan qolib ketadi, unga na «ha» va na «yo‘q» javobi beriladi. Shuning o‘zidan ham anglash mumkinki, hindlar juda uzoq muddat Bobur taklifini muhokama qilganlar va oxiri u yuborgan elchiga hech narsa demay ruxsat berganlar. Albatta, bunday munosabatdan keyin Bobur bor kuchi bilan Ibrohim Lo‘diy ustiga qo‘shin tortgan.

Umuman, «Boburnoma»da o‘z davri tarixiy hodisalariga xolis qarovchi, tarixni yorqin va aniq bayon etuvchi ekspert-taftishchi bo‘lgan hukmdor siymosiga yuzlanamiz.

Isroil SULAYMONOV,

filologiya fanlari doktori, professor