16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

O‘ZBEKMAN DEB YURISHDAN MUROD BOSHGA DO‘PPI KIYISH-U NAHORGI OSHGA BORISHDANGINA IBORAT EMAS

Saralangan satrlar

So‘zlarning ma’nosi qiziq. Hozir aytilayotgan har bir kalom o‘ziga xos kelib chiqish tarixiga ega. Ularning ma’nosini anglash asnosida ming yillik ta’rix qa’riga sayohat qilasiz, topganingiz esa bebaho ma’naviy duru javohirlar bo‘ladi.

Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Alisher Navoiy qalamiga mansub “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarlarida turkiy so‘zlar tarixi haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar jamlanganki, ba’zi so‘zlar o‘zgarib butunlay boshqa ma’noda qo‘llansa, ba’zilari esa o‘zgarishsiz bizgacha yetib kelgan.

Bu borada Erkin Vohidovning “So‘z latofati”, Eshqobil Shukurning “Boboso‘z izidan” kitoblari ham noyob ma’naviy xazina sanaladi. So‘zlarni o‘rganib, o‘zlikni tanish borasida bulardan yaxshi qo‘llanma yo‘q aslida.

Xuddi shunday, taniqli publisist Zuhriddin Isomiddinovning “So‘z qismati” kitobida ona tilimizdagi so‘zlarning bosib o‘tgan yo‘li, boshidan kechirganlari, zafar va mag‘lubiyatlari, goh shuhrat topib, goh unut bo‘lishi haqida fikr yuritiladi.

So‘z – inson topgan eng bebaho kashfiyot. Uning sirini izlab, tagiga yetib bo‘lmaydi. Zero, fransuz faylasufi Mishel Fuko aytganidek, “voqelik degani aslida yo‘q narsa, nimaiki bor bo‘ladigan bo‘lsa, bu – so‘z, hatto so‘z haqida gapirganda ham so‘zning o‘zidan foydalanishga majbur bo‘lamiz”. Postmodernchilar esa yanada g‘uluga ketib, “reallik – moddiy mavjudlik emas, balki so‘zdan iborat”, deb aytishadi. So‘z shunday narsa.

*  *  *

O‘zbeklarda salomlashish va ko‘rishish bir lahzada o‘tib ketadigan shunchaki muloqotoldi bir narsa emas. Unda kishilarning o‘zaro munosabatlari, muomala odobi, yoshi, hattoki mavqei aks etadi. Zahiriddin Muhammad Bobur kimning kim bilan qanday tarzda ko‘rishganiga sinchiklab e’tibor berib (otdan tushib yo tushmasdan, necha marta yukunib yo yukunmay, yer o‘pib, necha bor ta’zim qilib…), “Boburnoma”da bularni ta’kidlab ko‘rsatgan. Albatta, hozirgi hurlik, teng huquqlilik zamonida yer o‘pib yo yukunib ko‘rishishga ehtiyoj yo‘q, ammo lozim o‘rinlarda ta’zim bilan, o‘zi va o‘zganing izzatini joyiga qo‘yib ko‘rishish hamisha qadrlanadi.

“O‘tkan kunlar”da Kumushning Yusufbek hoji xonadoniga kelganidagi ko‘rishuv marosimini eslang. Kumush qayin onasi O‘zbek oyim bilan ko‘rishganida paranjisini yerga tashlab, yugurib borib o‘zini O‘zbek oyimning quchog‘iga tashlaydi, qayin otasi Yusufbek hojiga esa uyalibgina salom beradi (Yusufbek hoji esa uning manglayiga tekizib olgan o‘z qo‘lini o‘padi), Zaynab ikkovlari ozorsizgina ko‘rishadilar…

Bu ko‘rishishlarning har biri alohida va o‘ziga xos, ularning har birida Sharqimizning bir dunyo ma’no anglatishga qodir etiketi mujassamlashgan.

*  *  *

“Sosial zakaz” deganimiz shuki, xalqimiz asrlar davomida qo‘llab kelgan, ayrim mumtoz maqol, matal va idiomalar zamona zayliga moslab qayta bichiladi, butkul boshqa muddaoni ko‘zda tutib aytilgan quyma shakldagi biron maqol, matal yoki hikmatli jumla gazetchining maqsadidan kelib chiqib yangilanadi.

Sovet davrida bunday bedodlik istagancha qilib ko‘rildi, hatto “diniy” deb tamg‘a bosilgan har qanday maqol-matallargacha sho‘rolashtirildi, chunonchi, “Yomg‘ir bilan yer ko‘karar” maqoli “tuzatilib”, el mehnat bilan ko‘karadigan bo‘lgan edi.

*  *  *

Hozir “ustoz” degan so‘z juda bolalab ketdi. O‘ttiz yilcha avval ham maktab muallimlari, institut o‘qituvchilari hurmat bilan “muallim”, “domla” deb atalar edi. Bilmadim, kimdan chiqqan tashabbus ekan, hammasini “ustoz” deyish urf bo‘ldi. Qo‘yib bersang, maktab zavxozi ham ustoz deb ataladi.

Xo‘sh, buning nimasi ma’qul emas, qolaversa, oson emas-ku?

Noma’qulligi shundaki, tilimiz, so‘zlarimiz ana shunaqa tarzda qadrini yo‘qotadi. Chunki ustoz deganda el otadan ham ulug‘, tabarruk zotni tushunadi. Kishining ustozi bitta bo‘ladi va butun umr ustoz maqomida qoladi. Duch kelgan maktab o‘qituvchisi (u hatto shu o‘quvchiga dars bermagan bo‘lishi ham mumkin) ustoz deb atalaversa, uning boyagi yuksak maqomi, viqoriyu salobati qayoqda qoladi? Shuning uchun, hali ham bo‘lsa, oylik olib maktabda, institutda dars beradigan o‘qituvchilarni soxta e’zozlashdan ko‘ra, “muallim”, “domla” degan eski va qadrdon so‘zlarimizga qaytganimiz durust.

Ana shunda ustoz – ustoz bo‘ladi.

*  *  *

Bu dunyoda o‘zbekman deb yurishdan murod boshga do‘ppi kiyishu nahorgi oshga borishdangina iborat emas, axir. Ulug‘ onamiz – ona tilimizni e’zozlay olmasak, boshqasidan murod nima, kimmiz biz o‘zi?

Tafakkur tilda aks etadi va til orqali rivojlanadi. Shuning uchun ular chambarchas bog‘liq. O‘zbek tili – o‘zbek tafakkuri demak. Shunday ekan, o‘zbek tilini davlat idoralarida ishlatmaslik – o‘zbek tafakkuriga yo‘l bermaslik, qo‘polroq aytganda, o‘zbek tafakkuri bilan shu sohani boshqarib bo‘lmaydi, deb hisoblashdir.

*  *  *

Bayroq dastlab janglarda qo‘llangan – urush mahalida to‘zib ketgan askarlar uning tevaragida to‘planishgan. Ammo bayroq dastasi ham oddiy kaltak emas, qadimda nayzaning o‘zi bo‘lgan, bayroqni biron jangchi nayzasiga ilib yuqori ko‘targan. Jangda shoh yo sarkarda o‘lsa, nayza uchi yerga qaratib olib yurilgan, hozir butun dunyoda motam e’lon qilinganda bayroqlarning quyi tushirilishi, bayroq ilingan kaltakning tik emas, quyi qaratib o‘rnatilishi o‘shandan qolgan.

*  *  *

Alla degani qo‘shiq, onaning qo‘shig‘i. Ammo ashula emas. Binobarin, uning mukammal qofiyalangan, bir tekis vaznga tushadigan “adabiy” matni bo‘lishi shart emas. Muhimi, uning joni bo‘lsin. Joni esa ona yuragidan oqib chiqadigan ohang, mung, hasrat, umidvorlik va iltijo… Deyarli, so‘zsiz qo‘shiq.

*  *  *

Talaba edik. “XX asr o‘zbek adabiyoti” kursini boshqarayotgan Abdug‘afur Rasulov ilk darsida, “Qani kim “O‘tkan kunlar” romanini o‘qigan bo‘lsa, qo‘l ko‘tarsin”, deb murojaat qildi. Ajab, hamsaboq do‘stlarimizning qariyb yarmi bu asarni mutolaa qilmagan ekan. Shundan so‘ng domla bir talabaga yuzlanib: “Mana, siz o‘qiganman, deyapsiz. Unda, ayting-chi, Kumush bilan Zaynab orasidagi kelishmovchilik qaysi voqeadan boshlanadi?” deb so‘rab qoldi. “Ha, o‘sha, – deya kursdoshimiz javob bera boshladi: – Kumush bilan Otabek ot choptirib toqqa sayilga ketishadi, Zaynabni obketishmaydi, shundan uning jahli chiqadi…”

Abdirash shu joyga kelganida auditoriya derazalari kulgidan zirillab ketdi. Chunki Abdulla Qodiriyning asarida Kumush ot minmaydi, bu sahna “O‘tkan kunlar”ni kino qilgan ssenariyachi yo rejissyorning fantaziyasi mahsuli edi, “o‘qigan” talabaning o‘qimagani bilinib qoldi.

*  *  *

Amir Temur tavalludining 660 yilligiga atab olingan kinoning bir joyida mahalliy aholi bosqinchi mo‘g‘ullar boshiga olov yog‘diradi – bir eski “KamAZ” ballonini yoqib, adir pastida ot choptirib yurgan “mo‘g‘ullar” ustiga dumalatib yuborishadi. Tasavvur qiling: olti-yetti asr burun – “KamAZ” shinasi!

Ha, mayli, bu endi texnik xarakterdagi bir kamchilik ekan, deylik. Ammo kinoning bir joyida Sohibqiron safdoshlariga murojaat qilib nutq so‘zlaydi va maqsadini ochiq aytib, “Men markazlashgan davlat barpo etmoqchiman”, deb bayonot beradi.

Ajoyib g‘oya. Ammo… tarqoq knyazliklarni birlashtirgan Yuriy Dolgorukiyning “Sentralizovannoye gosudarstvo” degan andazasi bo‘lmasa, bu kalimaning hijjama-hijja o‘girmasini – “markaz+lash+gan” (sentral+izovan+noye)ni aktyor yigitning tiliga solib qo‘yish ssenariyachilar va rejissyorlarning tushiga ham kirmasdi. Axir, bu sun’iy so‘z o‘zbek tiliga Amir Temur davrida emas, XX asr o‘rtalarida tarjima tufayli kirib kelgan-ku.

*  *  *

Keksa odamlar yaxshi xotirlaydi – avtobus qatnovi yirik shaharlarda endigina yo‘lga qo‘yilgan davrda u madaniy ulov turi, sivilizatsiyaning zo‘r yutug‘i sanalgan. Xuddi samolyot yo‘lovchilari singari, hamma chiptasida ko‘rsatilgan joyda o‘tirgan, ortiqcha bilet sotilmagan. Salonda hozirgiday baqirib-chaqirishlar, “Hoy sho‘pir, to‘xtat, tushaman!” deb ayyuhannos solishlar mumkin bo‘lmagan. Kimdir tushmoqchi bo‘lsa, avtobus salonining ikki tomoniga derazalar ustidan tortilgan simning o‘zi o‘tirgan tomondagisini qoqar, shunda simning kabinadagi uchiga osilgan qo‘ng‘iroq jaranglab, haydovchini ogoh etardi (u zamonda salon elektrlashtirilgan emas, knopka qo‘yish ilojsiz edi). O‘rtaroqdagi odamlar esa yonidagilardan “simni qoqib yuboring, men tushmoqchi edim”, deb iltimos qilgan. Sim qoqish xabar berishni anglatgan.

O‘shandan sal keyinroq O‘zbekistonda telefon ommalasha boshladi. Bunda ham avval qo‘ng‘iroq jaranglagani va odamlar sim orqali aloqa qilgani bois, analogiya usulida “sim qoqish” deb atalib ketgan.

*  *  *

Amerika hindulari va Markaziy Osiyo xalqlarini faqat til sohasida emas, shomoniylik dini, ruhlarning qo‘llashi, burgutga, otga ishqibozlik, nog‘ora, to‘y-hashamlardagi o‘xshashlik kabi omillar ham o‘zaro bog‘lab turadi.

2018-yilda arxeologlar G’arbiy Mo‘g‘ulistonning Uzuulg‘ulan degan tog‘li joyida, dengiz sathidan 2800 metr balandlikdagi qadimgi qabrdan ayol kishining mumiyolangan jasadini topishdi. Uning oyog‘iga mahsi kiydirilgan ekan.

Ekspertiza natijasi ushbu qabr IX-X asrlarga mansubligini ko‘rsatdi. Demak, Osiyo qit’asining juda ulkan hududida, xususan, turkiy xalqlar va mo‘g‘ullar – Oltoy xalqlari yashagan barcha joylarda mahsi kiyilgan ekan… Amerika hindulari antropologik jihatlarga ko‘ra ham, lisoniy jihatdan ham – Oltoy xalqlariga yaqin.

*  *  *

1990-yili Bishkekda – To‘qtag‘ul yubileyida Moldaviyadan kelgan bir gagauz shoiri o‘z tilida nutq so‘zlagan, ajabki, ahli majlis – qozoqlar, qirg‘izu o‘zbeklar… uning gapini to‘liq tushungan edik. Bo‘lmasa, gagauzlar, eh-he… Yevropada yashaydi, oradagi masofa qancha olis!

Abituriyent chog‘imda esa Toshkentda o‘qishni havas qilib kelgan bir yoqut bola bilan yotoqxonaning bir xonasiga joylashgan edik. Undan, qani, senlarning tilingda “eta komnata bolshaya” degani qanday bo‘ladi, deb so‘raganimda, “bu uy ulxo‘n” (ulkan) deb javob qilgani yodimda. Qarang, bu bola necha ming chaqirim naridan, bir necha boshqa xalqlar yashaydigan hududlar osha kelgan, ammo qayerda tarqalganidan qat’i nazar, tillar (ozar, qirg‘iz, qozoq, tatar, gagauz, qo‘miq, uyg‘ur…) bir-biriga o‘ta yaqin ekan-da.

B.SAYFIYEV tayyorladi.