16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Faoliyat

O‘ZGARAYOTGAN ODAMLAR

nafaqat o‘z oilasi farovonligi, balki yurtimiz rivojiga ham hissa qo‘shadi

Kambag‘allikdan farovonlik sari

Odamzod yaxshi yashashga intiladi, bu yo‘lda mehnat qiladi, izlanadi. Ammo «besh qo‘l barobar emas» deganlaricha bor. Hammaning ham ro‘zg‘ori to‘kis bo‘lmaydi. Kimdir kambag‘al, yana birovda buning aksi bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 23 sentabrdagi «Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida»gi farmoni bilan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlanib, kambag‘allikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va to‘plangan milliy tajriba hamda ilg‘or xalqaro amaliyot asosida har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagiga mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlar yanada rivoj topdi.

Avval reja, keyin harakat

Dastur «Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat» tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Bu nima degani?

Sodda tilda aytganda, tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatildi, 2024-2025 yillarda kambag‘al oilalar farzandlarini  xorijiy tillarga, kasb-hunarga yoki mutaxassislikka o‘qitish uchun sharoit yaratildi. Kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari oshirildi. Kambag‘al oilalarning yashash sharoitlari yaxshilanmoqda. Davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasi rivojlantirilmoqda. Bundan tashqari, davlat organlari va rahbarlar kambag‘al oilalarga, qoloq mahallalarga biriktirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Paxtakor, Sardoba, Yashnaobod va Qoraqum mahallalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mas’ul etib belgilandi.

Ma’lumki, Muborak tumanida 25 ta mahalla mavjud bo‘lib, aholining umumiy soni 94 ming 722 nafar. Og‘ir  toifaga kiritilgan 4 hududda, ya’ni Paxtakor, Sardoba, Yashnaobod va Qoraqum mahallalarida jami 14 ming 576 kishi istiqomat qiladi. Shundan ishsizlar 75 nafar, nogironligi bor kishilar 199 nafar.

Mazkur hududlarda aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun ham xonadonlardagi tomorqalarning katta qismida beda ekiladi. Ushbu hududlarda jami 38 ta issiqxona mavjud. Bog‘dorchilik ham ancha rivojlangan. Mas’ullar ana shularni hisobga olgan holda aniq reja asosida ishga kirishdi.

Xayrli maqsad va hamkorlik

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Muborak tumani hokimligi tomonidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

– Chora-tadbirlar rejasida «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi ijrosini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va ishsizlar sonini kamaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish, tomorqa madaniyatini yuksaltirish belgilangan, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti prorektori G‘ulom Uzoqov. – Mahallalarning iqlim va tuproq xususiyatlarini o‘rgangan holda «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyilini yo‘lga qo‘yishga doir asosli takliflar berish, Muborak tumani misolida mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimi bo‘yicha ishlarga viloyatdagi olimlarning ilmiy salohiyatini yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Shu bois Qashqadaryodagi davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bu ishlarga jalb etildi.

Rejaga ko‘ra, viloyatdagi oliy ta’lim tashkilotlarining vazifalari belgilab olindi. Masalan, aholining bandligi, ishsizlar soni, hududlarning muammolari o‘rganildi. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan fuqarolar uchun seminar-treninglar tashkil etildi. Muloqotlar davomida tomorqa madaniyatini yuksaltirish, yerdan unumli foydalanish bo‘yicha tushunchalar berildi.  

Birinchi navbatda, Muborak tumani tuproqlarining nisbatan sho‘rxok ekanligi hisobga olindi. Shundan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilar sho‘rni yuvish va shunday tuproqda yetishtiriladigan ekinlar, ularni parvarishlash, kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha aholiga keng tushuncha bermoqdalar. Ko‘plab ilmiy ishlanmalar mahallalarda joriy qilinmoqda.

Qarshi davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Yashnaobod va Qoraqum mahallalaridagi sho‘rlanish yuqori bo‘lgan hududlarda shirinmiya, qizilmiya, lavlagi, oshqovoq, baqlajon, karam kabi ekinlarni ekish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu haqda seminarlar o‘tkazildi, ko‘plab shunga oid foydali materiallar aholi xonadonlariga tarqatildi.

Ishsiz ayollar uchun tadbirkorlik bo‘yicha seminarlar, mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Bu o‘quv mashg‘ulotlariga har bir mahalladan o‘nlab xotin-qizlar jalb etilgan. Tez orada xorijiy tillarni o‘rgatish, oliy ta’lim muassasalariga tayyorlov kurslari ham tashkil qilinadi. Tuman tibbiyot birlashmasi va Muborak jamoat salomatligi texnikumi hamkorligida mahallalarda tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, shu oyda Muborak tumani maktab o‘quvchilari va yoshlari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy  muammolar yechimiga qaratilgan startap loyihalar tanlovini tashkil qilish belgilangan.

Yangi texnologiyalar samarasi

Qoraqum mahallasida yashovchi Azamat Jumayevning oila xo‘jaligi misolida to‘liq avtonom elektr ta’minotini yaratish, tizim tarmoqdan uzilgan holatda ham ishlashini ta’minlash va maishiy ehtiyojlar uchun issiq suv ta’minotini tashkil etishga xizmat qiladigan, ekologik toza, quyosh energiyasiga asoslangan «Yashil xonadon» loyihasi amalga oshirildi.

Yashnaobod mahallasida yashovchi Eldor Elmanovning xonadoniga universal quyosh qurilmasi o‘rnatib berildi. Bu qurilma bir vaqtning o‘zida inkubator, quritkich, suv isitkich va elektr bilan ta’minlash vazifalarini bajaradi. Bir kishi ishli bo‘ldi.

– Inkubatorni ishga tushirish natijasida quyoshli kunlarda 100 foiz, o‘rtacha 50-60 foiz elektr energiyasini iqtisod qilish mumkin, – deydi mazkur loyihaning rahbari, doktorant Olmos Qo‘ziyev. – Mavsum davomida inkubator qurilmasining o‘zidan o‘rtacha 15-20 million so‘m foyda olish imkoniyati bor. Shuningdek, ushbu qurilma meva-sabzavotlarni saqlash va quritish maqsadida ham ishlatiladi. Xonadonni qo‘shimcha ravishda sutkasiga 50 litr issiq suv bilan ta’minlaydi hamda 5-7 kilovatt-soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Mustaqil tadqiqotchi Ozod Yo‘lliyev Yashnaobod mahallasidagi Saydulla bobo Elmanov xonadonida o‘rnatilgan tomorqa uchun biogumus va biogaz ishlab chiqariladigan qurilma asosida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, biogumus o‘g‘itidan tomorqada foydalanish natijasida yerning unumdorligi 50 foizgacha ortadi. Poliz ekinlari hosildorligi birinchi yilda 30-40 foiz oshadi. Xonadon ehtiyojidan   ortgan biogumusni sotish orqali    oyiga 5 million so‘mgacha foyda olish mumkin.

«Bersang, yeyman…» demasliklari uchun

Odamlar bilan muloqot jarayonida ayrim kishilarning dunyoqarashi, yerga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish uchun hali ko‘p ishlash kerakligi haqida o‘ylab qolaman. Insonlarning o‘zi o‘zgarishi lozim. Bugun dunyoda yuz berayotgan voqealar, siyosiy bo‘hronlar, jangu jadallar, avvalo, tinchlik atalmish ne’matning qadriga yetishga undaydi. Shukronalik hissini oshiradi. Har bir kun g‘animat ekanini, undan unumli foydalanish kerakligini  anglatadi.

Bugun olimlar Yashnaobod va Qoraqum mahallalaridagi qaysi bir xonadonga yordam ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqalar uning samarasini ko‘zi bilan ko‘rib, o‘zining oilasiga joriy qilsin, ro‘zg‘ori obod bo‘lsin, degan maqsadni ilgari surishgan. «Qo‘shnimga berishibdi, menga ham berishadi», degan fikrdan yiroq bo‘lish lozim. Zero, oliy ta’lim tashkilotlarining asosiy vazifasi muammolarga ilmiy yechim berish, taklif kiritish, yangi rejalarni ishlab chiqishdan iborat.

Bundan keyin oliy ta’lim tashkilotlarining yosh olimlari va magistrantlarning ilmiy tadqiqot ishlari mavzusi tumandagi qoloq mahallalar muammolari asosida shakllantiriladi. Tajribalar o‘tkaziladi, ilmiy xulosalar va amaliy takliflar beriladi. Bu ham «Kambag‘allikdan farovonlik sari» umummilliy harakatini hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutadi.

Imkoniyat bor, intilish-chi?!

Muborak tumanida azaldan chorvachilik yaxshi rivojlangan. Shunday ekan, hududda junni va terini qayta ishlash korxonalariga ehtiyoj bor.

– Hududning tabiiy iqlim sharoitini inobatga olib, Qarshi-Buxoro avtomagistral yo‘li bo‘ylab turli yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini, «Gastronomik turizm» sohasini rivojlantirish (tuya suti va ayroni kabi mahsulotlar asosida), mehmon uylarini barpo etish mumkin, – deydi professor Muabara Hakimova. – Mahallalardagi foydalanilmayotgan sho‘r yerlarda tutzorlar, jiydazor va boshqa sho‘rga chidamli daraxtzorlar tashkil qilish, chorva uchun ozuqabop ekinlar ekish uchun izlanishlar olib borilayapti. Tuman markazidagi Abdulloh bin al-Muborak al-Marvaziy qadamjosini keng targ‘ib qilish orqali ziyorat turizmini rivojlantirsa bo‘ladi.

Xullas, hali oldinda qilinadigan ishlar, vazifalar, maqsadlar anchagina. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Muborak tumani hokimligi, yirik sanoat korxonalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari hamfikr bo‘lsa, bir yoqadan bosh chiqarib ishlasa, ko‘plab muammolarga yechim topiladi. Taraqqiyotga erishiladi. Ishimizdan odamlar ham rozi bo‘ladi.

Abdurazzoq MURODOV