Hindistonda Uttarakxand shtatidan bo‘lgan korrupsioner amaldor olgan porasini yutib yuborib, noodatiy usulda dalillarni yo‘q qilishga urindi. Bu haqda News9Live manbasi ma’lum qilgan.
Dexradun okrugi ma’muriyati xodimi G‘ulom Hayder mahalliy fuqaroga yashash joyi va toifasiga oid ma’lumotnoma rasmiylashtirib berish uchun «pullik xizmat» taklif etgan. Murojaatchi bu haqda darhol politsiyaga xabar qilgan va mansabdor ikki ming rupiyani (299 500 so‘m atrofida) pora sifatida olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Qizig‘i, politsiya poraxo‘rning xonasiga kirib kelganida u dalillarni yashirishga urinib, tezkor xodimlar ko‘z o‘ngida to‘rtta 500 rupiyalik qog‘oz pulni og‘ziga tiqqan va yutib yuborgan. Uni shifoxonaga olib borishgan, biroq shifokorlar qimmatli qog‘ozlarni chiqarib olishning uddasidan chiqmagan.
Sud amaldorni 14 kunga hibsda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan. Dalillar yo‘q qilinganiga qaramay, ish yakunlanmagan. Tergovchilar qo‘lida erkakning aybini isbotlovchi boshqa materiallar qolgan.

