16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

QALBLAR NURGA TO‘LGAN KUN

Shavkat MIRZIYOYEV:

Jamiki islom ummati uchun qadrli bo‘lgan shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Qadriyat

Bugun xalqimiz ulug‘ va mo‘tabar Qurbon hayitining birinchi kunini keng nishonlayapti. Avvalam bor, hayit nomozini ixlos bilan ado etib, bayramni  yaxshi kayfiyatda, ko‘tarinki ruhda, tinch va osoyishta yurtda kutib olganimizdan Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning markazida inson qadri, uning sha’ni va manfaatlarini ta’minlash masalasi turibdi. «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan ulug‘ g‘oya  davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani  xalqimiz hayotida katta o‘zgarishlar yasab, ezgu an’analar va yuksak ma’naviy  muhitni qaror toptirmoqda. Ana shunday  xayrli ishlar va insonparvar tamoyillarning mustahkamlanishida muqaddas Islom dinimizning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat xalqimiz, balki butun musulmon olami tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Masjidlar obod qilinmoqda, ziyoratgohlar ta’mirlanmoqda, diniy ta’lim maskanlari faoliyati kengaymoqda. Eng muhimi, yurtimizda sof Islom ta’limotlarini targ‘ib qilish, yoshlarni ma’rifat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi xalqimizning boy ma’naviy va ilmiy merosini chuqur o‘rganish hamda dunyoga keng targ‘ib qilish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi. Mazkur markaz ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy-ma’rifiy tadqiq qilish, yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Zero, yurtimiz azaldan buyuk allomalar, muhaddislar va mutafakkirlar ulg‘aygan tabarruk zamin hisoblanadi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin   Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ zotlar qoldirgan boy ilmiy meros butun insoniyat ma’naviy taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Bugun ana shu buyuk merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ma’naviy ustunlaridan biriga aylanmoqda.

Mana, muborak Qurbon hayiti yurtimizda mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik, birdamlik va hamjihatlik kabi insoniy fazilatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan ulug‘ bayram sifatida keng nishonlanmoqda. Zero, u nafaqat ibodat va shukronalik ayyomi, balki inson qalbida ezgulik tuyg‘ularini uyg‘otadigan, muhtojlarga ko‘mak berish, keksalar va bemorlar holidan xabar olish, ahillik va birodarlikni kuchaytirishga da’vat etadigan ma’naviy tarbiya maktabidir.

Har bir musulmon uchun muqaddas Haj ziyoratini ado etish ulug‘ saodat va buyuk orzudir.  Bugungi kunda davlatimiz tomonidan hojilar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ularning ibodatlarni mukammal ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik xalqimiz tomonidan yuksak qadrlanmoqda. Joriy yilda Qurbon hayiti arafasida 15 mingdan ziyod vatandoshimizning muqaddas haj safariga borishi yurtimizda diniy erkinlik va inson qadriga bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir. Bu nafaqat musulmonlarning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, balki ularning ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan insonparvar siyosat samarasidir.

Qurbon hayiti munosabati bilan davlat maqsadli jamg‘armalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan «Vaqf» xayriya jamoat fondi orqali:
og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash;
8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib berish;
500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlarini amalga oshirish;
davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozish, ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan el-yurt xizmatida samarali mehnat qilib kelayotgan, fidoyi va jonkuyar insonlardan iborat 100 nafar vatandoshimizning «Prezident hojilari» maqomida haj ziyoratiga yuborilgani xalqimiz qalbida cheksiz mamnuniyat uyg‘otdi. Bu tashabbus inson qadrini ulug‘lash, xalq xizmatida fidoyilik ko‘rsatayotgan insonlarni munosib qadrlashning yuksak namunasi bo‘ldi. Mazkur hojilarning muqaddas safar oldidan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, boy ma’naviy merosimiz bilan tanishganlari ham katta ramziy ma’noga egadir.

Ma’lumki,  hijriy-qamariy yil hisobidagi Zulhijja oyining o‘ninchi kuni  Qurbon hayiti bayram qilinadi. Bu kunda ota-ona, qarindosh va qo‘ni-qo‘shnilarni hayit bilan tabriklash ham maqtovga sazavor ishlardir.

Hayit namozidan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin ustozlarimizni, qarindosh-urug‘larimizni, yoru-birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etsak, ularga qo‘limizdan kelganicha hadyalar ulashsak va albatta ahli-ayollarimiz, farzandlarimizni tabriklab, sovg‘alar bilan siylasak dinimiz ko‘rsatmalarini mukammal ado etgan insonlar qatorida bo‘lamiz.

Rasululloh salallohu alayhi vasallam «Beva va miskinga g‘amxo‘rlik qiluvchi – Alloh taolo yo‘lida kurashuvchi yoki tuni bilan ibodat qilib, kuni bilan ro‘za tutuvchi kabidir» deganlar.

Uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do‘st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki insonlarga gina qilgan kishilarga fazilatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak.

Bugun bolalarga munosib hadya va sovg‘alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo‘ladi. Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo‘ladi. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg‘usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo‘lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Hayit kunlari duolar qabul qilinadigan kundir. Bu kunda ba’zi joylarda odamlar urf qilib, to‘p-to‘p bo‘lib qabristonga, azador xonadonlarga borishi, yig‘i-sig‘i qilishi durust emasdir. Bunday nojoiz amallardan qaytaylik, o‘zimizni ortiqcha bid’at amallardan saqlaylik. 

Qurbon hayitida asosiy amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ish – Alloh yo‘lida jonliq so‘yishdir. Qurbonlik qilish o‘z yurtida muqim, ayni vaqtda zakot nisobidagi mulkka ega har bir mo‘min-musulmonga vojib hisoblanadi. Uning vaqti hayit namozi o‘qilgandan so‘ng boshlanib, hayitning uchinchi kuni quyosh botishidan oldin tugaydi.

Qurbonlikka mol, tuya, qo‘y va echki so‘yilishi mumkin. Bitta mol yoki tuyani yetti kishi nomidan so‘yish sheriklarning hammasi qurbonlikni niyat qilish sharti bilan joiz. Bu hayvonlarning erkagi, urg‘ochisi, bichilgani va bichilmagani ham qurbonlikka yaraydi. Bulardan boshqa hayvonlar qurbonlikka o‘tmaydi. Shu bilan birga, qurbonlikka atalgan hayvon jiddiy aybdor bo‘lmasligi kerak, qancha sog‘lom va ko‘rkam bo‘lsa, shuncha savobi ko‘p bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtini oila a’zolariga, qarindosh-urug‘larga, qo‘ni-qo‘shnilarga, ehtiyojmand oilalarga ulashadilar. Qurbon hayiti kunlari qilinadigan ulug‘ vazifalarimizdan biri insonlarga bayram xursandchiligini, xushnudlik kayfiyatini yetkazishdan iboratdir.

Alloh taolo Qur’oni karimda: «Ularning na go‘shtlari va na qonlari Allohga yetmas. Lekin sizlardan bo‘lgan taqvo Unga yetadi»,  deb marhamat qiladi. Bu oyat qurbonlikning asl mohiyati taqvo, sidqidildan qilingan ezgu amal va inson qalbidagi pok niyat ekanini anglatadi. Shu ma’noda, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosat ham xalq manfaati, inson qadri va ijtimoiy adolat tamoyillari bilan uyg‘unlik kasb etmoqda.

Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti barchamiz uchun eng katta boylik va ne’matdir. Dunyoda turli mojarolar, ziddiyat va beqarorliklar kuchayib borayotgan bir paytda   mamlakatimizda osoyishtalik va hamjihatlik qaror topgani Yaratganning buyuk marhamati va xalqimiz birdamligining samarasidir.  Qurbon hayiti barchamizni ana shu tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetishga, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yanada birlashishga, yurtimiz ravnaqi uchun sidqidildan xizmat qilishga undaydi.

 Alloh taolodan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yanada ziyoda qilishini so‘raymiz. Muborak Qurbon hayiti barchamizga fayzu baraka, xonadonlarimizga tinchlik va qut-baraka, xalqimizga ahillik va hamjihatlik olib kelsin. Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin! Keyingi yil hayit bayramlariga ham sog‘lik-salomatlik, xursandchilikda yetishligimizni Yaratgan barchalarimizga nasib etsin! 

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili