Bilasiz, viloyat markazi bo‘lgan Qarshi shahri nomi haqida turli qarashlar bor. Ko‘plab manbalarda qarshi – saroy, qasr ma’nolarini anglatadi, deyilsa, Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» asarida «Qarshi – mo‘g‘ulcha ottur, go‘rxonani mo‘g‘ul tili birla qarshi derlar», deb yozadi. Xo‘sh, Qarshi nima degani o‘zi?
Qashqadaryoga oid
«Qarshi shahri mahalla va ko‘cha nomlari» kitobida qayd etilishicha, XVII asr tarixnavisi Mahmud ibn Vali «Kepakxon mo‘g‘ul u yerda bir ko‘shk qurgan edi, mo‘g‘ul tilida ko‘shkni qarshi ataganlari uchun o‘sha vaqtdan boshlab, ul shahar Qarshi nomi bilan mashhur bo‘ldi». Kepakxon (Kebekxon) 1318-1326-yillarda hukmronlik qilgan. U mo‘g‘ul hukmdorligi markazini Qashqadaryo hududiga ko‘chirgan. Qarshini mo‘g‘ullar poytaxtga aylantirgan. Hukmdor uchun qasr, qo‘rg‘on qurilgan.
XIV asr va undan oldingi davr mo‘g‘ul tilida xon ko‘shki, ya’ni qarorgohi Qarshi deb yuritilgan. XI asrning buyuk yodgorligi «Qutadg‘u bilig»da beklar yashaydigan va faoliyat ko‘rsatadigan qarorgoh «qarshi» so‘zi bilan yuritilgan:
Bu beklar evi odi qarshi turur,
Bu qarshi ichingdagi qarshi turur.
Misradagi bek – yurt boshlig‘i, ev – uy, qarorgoh, qarshi – qasr.
O‘z davrining buyuk tilshunosi, turkiy xalqlar tillarining teran bilimdoni Mahmud Koshg‘ariy «qarshi»ni – shoh qasri, deb izohlagan. XIV asr tarixchisi Hofizi Abru «Turkiy tilda podshohning qasrini qarshi deydilar» deb yozib qoldirgan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa Qarshi – go‘rxona, deb ta’riflagan. Bunga sabab shuki, Kepakxon qurdirgan qasrda xon avlodi, ulug‘ ruhoniy va mo‘tabar shaxslar qabri bo‘lgan, mo‘g‘ullardan keyingi hukmdorlar bu qasrda yashamagan va qasr qarorgohlik maqomini yo‘qotgan. Bobur bu qasrda bo‘lgan vaqtda Kepakxon qurdirgan muhtasham qal’a maqbaraga aylangan.
Umuman, qarshi so‘zining qaysi tilga mansubligi borasida turlicha qarashlar bor. Ayrimlar uning mo‘g‘ul tiliga, boshqalar turkiy tilga mansubligini, yana ba’zilar uyg‘ur tiliga oidligini aytishadi. Binobarin, ayni so‘z atrofida lug‘atshunosu tilshunoslar ko‘p o‘rganishlar olib borsa, arziydi.

