viloyat markazini kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi
Yaqinda hukumat qarori bilan tasdiqlangan Qarshi shahrining yangi bosh rejasiga ko‘ra, viloyatimiz markazi keyingi 18 yil ichida Koson, Qarshi va Ko‘kdala tumanlari hududiga qarab 7 ming 767 gektarga, ya’ni qariyb ikki baravar kengayadi.
Taraqqiyot strategiyasi
Qarshi shahrining hududi hozirgi paytda 8 ming 308,9 gektarni tashkil etsa, 2030-yilning oxiriga qadar (birinchi navbatda) 11 ming 26,8 gektar, 2042-yil yakunigacha (hisob davrida) esa 16 ming 73,6 gektargacha o‘zgaradi.
Shu yillarda shahar aholisi soni 300 ming kishidan mos ravishda 400 ming va 470 ming kishigacha ko‘payishi kutilmoqda, uy-joy fondi esa bugungi 3 million 992,27 ming kvadrat metrdan birinchi navbatda 7 million 200 ming kvadrat metr, hisob davrida 10 million 810 ming kvadrat metrgacha oshishi reja qilingan. Shunda uy-joy bilan ta’minlanish darajasi bir kishiga o‘rtacha 14,1 kvadrat metrdan 2030-yilda 18 kvadrat metr, 2042-yilda 23 kvadrat metrgacha ko‘tariladi. E’tiborlisi, shahar uy-joy fondining umumiy maydonida 2-3 va 4-5 qavatli uylarning hissasi keskin kamayib, 7, 12, 14 va 16 qavatli uylarning hissasi esa, aksincha, ortadi, 9 va 20 qavatli uylar barpo etiladi.
Qarshi shahrining bosh rejasiga muvofiq, aholining ijtimoiy soha obyektlariga bo‘lgan talabini amaldagi meyorlarga moslashtirish asnosida soha ko‘rsatkichlari jadal sur’atlarda o‘zgaradi. Masalan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining quvvati hozirgi 11,8 ming o‘rindan birinchi navbatda 22 ming, hisob davrida 29 ming 140 o‘ringacha, umumta’lim maktablari quvvati esa mos ravishda 38 ming o‘rindan 64 ming va 74 ming 260 o‘ringacha oshadi. Xuddi shu tarzda shahardagi shifoxona va poliklinikalar, do‘konlar va umumiy ovqatlanish korxonalari, klublar va madaniyat saroylari, teatr va kinoteatrlar, mehmonxonalar va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalarining ham xizmat qamrovi kengayadi.
Shaharda magistral ko‘chalarning uzunligi (hozir – 88 kilometr) 2030-yil oxirida 155,35 kilometr, 2042-yil yakunida 291,33 kilometrni tashkil qilib, yiliga tashiladigan yo‘lovchilar soni (hozir 96 million nafar) yaqin 6 yil ichida 160 million, 18 yildan keyin esa 235 million nafargacha ko‘payadi. Muhandislik va texnik infratuzilma sohalari (ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya) bo‘yicha ham jadal rivojlanish nazarda tutilgan.
Qarshida ekologik muhitni yaxshilash, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatish omillarini kamaytirish maqsadida ekologik talablarga mos ravishda umumiy foydalanishdagi ko‘kalamzor hududlar, maydoni hisob davrida 423 gektar, kishi boshiga 9 kvadrat metr (hozirgi holati – 178,4 gektar va 6,3 kvadrat metr), sanitar-himoya hududlar maydoni 586,7 gektar, kishi boshiga 12,48 kvadrat metrga (hozirgi holati – 166,5 gektar va 5,88 kvadrat metr) yetkaziladi.
Respublika hukumatining joriy yil 24 fevraldagi qarorida ko‘rsatib o‘tilganidek, Qarshi shahri bosh rejasining loyihasi «O‘zshaharsozlikLITI» bosh loyiha instituti davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan. Mazkur hujjatga asosan Qarshi shahrining bosh rejasi, uning asosiy yechimlari va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlanib, viloyatimiz hokimligi zimmasiga qator muhim vazifalar, jumladan, uch oy muddatda Qarshi shahrining bosh reja loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuklatildi.
T.NIZOMOV

