Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-may oylarida Qashqadaryodan xorijga umumiy qiymati 26,5 million AQSH dollariga teng 4 ming 301,6 tonna loviya eksport qilingan.
Dolzarb statistika
Mamlakatlar kesimida oladigan bo‘lsak, bu dukkakli mahsulot eksportining asosiy qismi (hajmi bo‘yicha qariyb 80 foizi) Pokiston (2 ming 380,4 tonna) va Afg‘oniston (1 ming 13,2 tonna) hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Qashqadaryo dehqonlari yetishtirgan loviya shu yilning dastlabki besh oyi davomida Eron (809 tonna), Gruziya (88 tonna) va Qozog‘iston (11 tonna) kabi mamlakatlarga ham yetkazib berilgan.
Joriy yilda viloyatimizga loviya eksportidan kelib tushayotgan valyuta miqdorini o‘tgan yilning mos davridagi tegishli raqam bilan taqqoslasak, mazkur yo‘nalish bo‘yicha yuqori sur’atdagi (qariyb 6,5 baravar) o‘sish qayd etilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Zero, viloyat statistika boshqarmasi e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yilning dastlabki besh oyi davomida viloyatimizdan turli xorijiy mamlakatlarga 1,1 ming tonna loviya eksport qilingan, uning umumiy qiymati esa 4,1 million dollarni tashkil etgan.
Qashqadaryo zaminida yetishtirilayotgan mahsulotlardan nafaqat loviya, balki turli xil meva va sabzavotlarning ham chet el mamlakatlarida bozori chaqqon. Misol uchun, shu yilning besh oyida vohamizdan xorijga qiymati 2,5 million dollarga teng 6,7 ming tonna karam eksport qilingan bo‘lsa, uning eng ko‘p qismini Qozog‘iston (4,4 ming tonna), qolganini esa Rossiya Federatsiyasi (2,2 ming tonna) va Qirg‘iz Respublikasi (0,1 ming tonna) tadbirkorlari sotib olishgan. Shu yil yanvar-may oylarida Qashqadaryodan chet ellik hamkorlarga yetkazib berilgan jami qiymati 1,9 million dollarlik 4 ming 213,4 tonna sabzi ham asosan Qozog‘iston (2 ming 354,2 tonna) va Rossiya (1 ming 789,7 tonna), shuningdek, Tojikiston (59,8 tonna) va Qirg‘iz Respublikasi (9,7 tonna) ishbilarmonlari tomonidan xarid qilingan.
Umuman olganda, joriy yil 20-iyun kuni davlatimiz rahbari ishtirokida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilinganidek, viloyatda yil boshidan buyon meva-sabzavot eksporti 2 karra oshib, 62 million dollarga yetgan.
O‘z muxbirimiz

