Yangi 2026–yil kirib kelishiga sanoqli kunlar qolgan shu damlarda yakunlanayotan yilda viloyatimiz hayotida ro‘y bergan eng muhim voqea va jarayonlarni yana bir bor esga olib, ularning Qashqadaryo va qashqadaryoliklar kelajagi uchun ahamiyati haqida obdan o‘ylab ko‘rsak arziydi…
Amir Temur jangovar bayrog‘i – Qashqadaryoda
2025–yilning dastlabki oyida chuqur ramziy ma’noga ega voqea sodir bo‘ldi – vohamizga Sohibqiron Amir Temurning jangovar bayrog‘i olib kelindi va bu qashqadaryoliklar qalblarini faxr va iftixorga to‘ldirib, ularni yangi zafarlar sari chorladi.

Ma’lumki, Amir Temur jangovar bayrog‘i mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan armiya tizimida ta’sis etilgan yuksak mukofot bo‘lib, unga erishish uchun o‘tkazilgan nufuzli musobaqada bu yil Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi g‘alaba qozondi. Poytaxtda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida Amir Temur jangovar bayrog‘i mazkur okrug qo‘shinlari qo‘mondoniga topshirildi. Ertasi kuni esa bu yuksak mukofot harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirokida Qarshi temir yo‘l shohbekatida tantanali ravishda kutib olindi.
Dastlab viloyatimiz markazi, so‘ngra Shahrisabz shahrida keng jamoatchilikka taqdim etilgan jangovar bayroqda Sohibqiron tuzuklaridan biri, ya’ni «Davlat lashkaru fuqarolarning sadoqati va fidoyiligi ila qudratlidir» degan so‘zlari yozilgan.
Yuqori iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratildi
Joriy yil 7–fevral kuni mamlakatimiz Prezidenti tomonidan «Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Ilovalari bilan umumiy hajmi qariyb 100 betdan iborat ushbu muhim hujjatda viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish, infratuzilma va biznes muhitini yanada yaxshilash, «o‘sish nuqtalari»ga turtki berish, «yashil» tamoyilli yondashuvlarni keng joriy etish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish hamda turizmni jadal rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Mutasaddilar qisqacha «PQ-44-sonli» deb ataydigan bu qarorga muvofiq viloyatimizda ro‘yobga chiqarilishi nazarda tutilgan barcha tashabbus va loyihalarni ta’riflab o‘tish mushkuldir, ammo misol tariqasida 2025-2026-yillarda Qashqadaryo viloyatida amalga oshiriladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatiga nazar tashlasak, birgina unga asosan vohada umumiy qiymati 435,5 million dollardan iborat 31 ta loyiha ro‘yobga chiqarilishi ayon bo‘ladi.
Qarshi shahrining 2042–yilgacha bosh rejasi tasdiqlandi
2025–yil 24–fevralda respublika hukumati o‘z qarori bilan Qarshi shahri bosh rejasini tasdiqlab, viloyatimiz markazini kompleks rivojlantirish, uning me’moriy-rejalashtirish qiyofasi va infratuzilmasini yanada yaxshilash uchun qulay zamin yaratdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qarshi shahrining yangi bosh rejasi loyihasi «O‘zshaharsozlikLITI» bosh loyiha instituti tomonidan ishlab chiqilgan va Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan. Unda 2042-yilgacha bo‘lgan davrda viloyatimiz markazining Koson, Qarshi va Ko‘kdala tumanlari hududiga qarab 7 ming 767 gektarga, ya’ni qariyb 2 baravar kengayishi hisobga olingan.
Shuningdek, bosh rejada shahar aholisi sonining hozirgi 300 ming kishidan 2030 yilning oxirida (birinchi navbatda) 400 ming kishigacha, 2042-yil yakunida (hisob davrida) 470 ming kishigacha ko‘payishi, uy-joy fondi esa bugungi 3 million 992,27 ming kvadrat metrdan birinchi navbatda 7 million 200 ming kvadrat metr, hisob davrida 10 million 810 ming kvadrat metrgacha kengayishi nazarda tutilgan. Shunda uy-joy bilan ta’minlanish darajasi bir kishiga o‘rtacha 14,1 kvadrat metrdan 2030- yilda 18 kvadrat metr, 2042-yilda 23 kvadrat metrgacha oshishi, shaharda 2-3 va 4-5 qavatli uylarning hissasi keskin kamayishi, 7, 12, 14 va 16 qavatli uylarning hissasi esa, aksincha, ortishi, 9 va 20 qavatli uylar bunyod etilishi reja qilingan.
Milliy libos kiyish yana urfga kirmoqda
2025–yil davomida O‘zbekistonning barcha hududlari qatorida Qashqadaryoda ham milliy liboslardan keng foydalanish trendi kuzatilmoqda.

Mamnuniyat bilan e’tirof etish joizki, shu yildan boshlab viloyatimizda o‘zbek xalqining boy milliy-madaniy merosini targ‘ib qilishga har doimgidan-da ko‘proq e’tibor qaratilayapti. «Milliy libos barchaga yarashadi» shiori ostida festivallar, viktorina va chellenjlar o‘tkazilayapti.
Har haftaning jumasi «Milliy liboslar kuni» deb belgilangan va shu kuni ko‘pgina davlat organlari va muassasalari xodimlari ishga milliy liboslar kiyib kelishadi. Ta’lim maskanlarida milliy liboslar tarixi va milliy hunarmandchilik bo‘yicha seminarlar va ko‘rgazmalar uyushtirilmoqda. Qashqadaryoga kelgan sayyohlar uchun turistik marshrutlarga milliy uslubda bezatilgan joylar kiritilib, u yerda o‘zbek xalqi madaniyatiga oid tadbirlar tashkil etilmoqda.
115 yoshli faxriyning bir umrlik orzusi ushaldi
2025-yilning eng muhim sanalaridan biri – fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaning 80 yilligi nishonlangan kunlarda Ikkinchi jahon urushining eng keksa qatnashchisi 115 yoshli Ro‘ziboy bobo Sattorovning asriy orzusi ro‘yobga chiqarildi.

Tafsilotlarni esga olsak, bayram arafasida viloyat hokimi Murotjon Azimov Qamashi tumanida istiqomat qilayotgan faxriyning xonadoniga borib, unga Prezidentning Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi hamda pul mukofoti va esdalik sovg‘asini topshirdi. Samimiy suhbat chog‘ida Ro‘ziboy bobo harbiy samolyotda parvoz qilish bir umrlik orzusi ekanligini aytdi.
Davlatimiz rahbari otaxonning ushbu orzusi ushalishi uchun alohida harbiy samolyot ajratib, Ro‘ziboy boboga osmon uzra parvoz qilish imkonini yaratib berdi. Bu parvoz otaxon hayotidagi eng yorqin lahzalarga aylanib, yurtimizda «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi faoliyat asosi ekanini yana bir bor isbotladi.
Davlat rahbari qashqadaryoliklar barcha islohotlarning oldingi safida bo‘lishiga ishonch bildirdi
Shu yil 19-20-iyun kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, islohotlar natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari Qarshi shahrida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan «Alp texno servis» eksportchi korxonasi, Shahrisabz shahrida yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilgan «Oq saroy» innovatsion klinikasi, Yakkabog‘ tumanidagi zamonaviy arxitekturasi va aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ajralib turadigan «Yangi O‘zbekiston» massivi, Shahrisabz tumanidagi tog‘li-rekreatsion hududda qad rostlagan «Miraki» xalqaro turizm markazi, «Hisorak» suv ombori yaqinida ishga tushirilgan kichik gidro elektr stansiyasi, 520 gektar maydonda joylashgan zamonaviy agroturizm majmuasini borib ko‘rdi hamda Ko‘kdala tumani ma’muriy markazidagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridan Shahrisabzga ketayotib, poyezdda qashqadaryolik faollar bilan samimiy muloqotda bo‘ldi. Ko‘kdala tumanida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
– Ko‘rib turganingizdek, Qashqadaryoda rejalashtirgan ishlarimiz ko‘p. Amir Temurdek buyuk ajdodimizdan jasorat, matonat, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni meros qilib olgan mehnatsevar, samimiy va oliyjanob viloyat ahli bilan oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga albatta erishamiz. Aminmanki, qashqadaryoliklar barcha islohotlarimizning oldingi safida bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Miraki» dor yo‘li – noyob texnologiyalar va go‘zal manzaralar
Shahrisabz tumanidagi «Miraki» xalqaro turizm markazida shu yil iyul oyi oxirida viloyatimizdagi birinchi dor yo‘li ishga tushirilgach, Qashqadaryoda turizm sohasi ham to‘g‘ri, ham majoziy ma’noda yuksak pog‘onaga ko‘tarildi.
Ushbu dor yo‘li Avstriyaning mashhur «Doppelmayr Seibahnen GmbH» kompaniyasida eng zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilib, juda go‘zal joy – Hisorak suv ombori yaqinida bunyod etilgani bilan sayyohlar e’tiborini tortadi. Uning uzunligi 2 ming 84 metrga, eng past (dengiz sathidan 997 metr) va eng yuqori (dengiz sathidan 1 ming 349 metr) nuqtalarining balandligi o‘rtasidagi farq 352 metrni tashkil etadi. Har biri 8 o‘rinli 20 ta Carvatech kabinasi mavjud, ular yordamida soatiga 660 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatilishi mumkin.

Loyiha qiymati 160 milliard so‘mga teng majmuaning pastki bekatida harakatlantiruvchi mexanizm, lift, sovg‘abop buyumlar do‘koni, kafe, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, avtoturargoh, elektromobillarni quvvatlash stansiyasi joylashgan. Yuqori bekatda esa mehmonlar uchun umumiy ovqatlanish shoxobchasi, bolalar o‘yin maydonchasi, tomosha zonalari, selfi uchun maxsus maskanlar tashkil etilgan.
Darvoqe, zamonaviy turizm obyektlari birgina Mirakida emas, balki vohamizdagi yana bir qator qishloq va hududlarda bunyod etilmoqda. Masalan, Qamashi tumanidagi «Maydanak balandtog‘» turizm markazida tayyor biznes shaklida kapsula uylar, avtomobillar turar joylari, vertolyotlar qo‘nish maydonchalari va restoranlar qurilmoqda.
«Qashqadaryo tajribasi»ni o‘rganish uchun butun O‘zbekistondan mutasaddilar xizmat safariga kelishmoqda
Joriy yilda «Qashqadaryo tajribasi» so‘z birikmasi butun respublikada eng ko‘p takrorlanadigan iboralardan biriga aylandi.
Zero, Prezidentning «…Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar «Islohotlar shtabi»ga tayyor andoza. Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin, o‘zida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin», degan gaplaridan so‘ng Qashqadaryoga sanoat, tibbiyot, turizm, energetika, bunyodkorlik kabi sohalarda tajriba o‘rganish uchun turli viloyatlar va hatto poytaxtdan ham yuzlab mutasaddilar xizmat safariga kela boshlashdi. Shu tariqa vohadoshlarimiz nafaqat Qashqadaryo, balki boshqa hududlar taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shishmoqda.
Darvoqe, bugun «Qashqadaryo tajribasi» iborasi nafaqat yuqorida sanab o‘tilgan sohalar, balki viloyatimizda tobora rivojlanib borayotgan yana ko‘plab jabhalarga bog‘liq hollarda ham bot-bot takrorlanayapti. Eng muhimi, «Qashqadaryo tajribasi»ni o‘rganishga intilayotgan mutaxassislar soni kundan-kunga ko‘payib borayapti.
Shinjon agrotexnologiyasi – yuqori hosil garovi
Joriy yilda Qashqadaryoda paxtachilik sohasida Shinjon agrotexnologiyasi keng qo‘llanilib, yuqori hosil olishga erishilgan.

Xitoyning tegishli hududida uzoq yillar davomida takomillashtirilib, samarasini isbotlagan Shinjon agrotexnologiyasi yerni lazerli tekislab, ko‘sak qurti va gerbitsidlarga chidamli chigitni plyonka ostiga 76 santimetr qator oralig‘ida, qo‘shqator ekish orqali gektariga 220-240 ming tup ko‘chat joylashtirish, ularni tomchilatib sug‘orish va mexanizatsiyalashgan ishlov berishni nazarda tutadi. Bunday yondashuv resurs tejash imkonini berib, pirovardida an’anaviy usulga nisbatan yancha yuqori daromad olish uchun zamin yaratadi.
Viloyat hokimi Murotjon Azimovning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan bayram tabrigida qayd etilganidek, paxtachilikda bu yil 27 ming gektar yerda xorijiy navdagi chigit ekilganligi va Shinjon texnologiyasi qo‘llanilganligi natijasida yuqori hosil olishga erishilgan. 2026- yilda mazkur texnologiya 70 ming gektarda joriy qilinadi.
Yangi bug‘-gaz qurilmalarida yiliga 8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi
Joriy yil 5-dekabrda Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda 42 ta yangi energetika quvvati va infratuzilma obyekti ishga tushirilib, navbatdagi 21 tasining qurilishiga start berildi. Shu kuni viloyatimizdagi Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida quvvati 1065 megavatt bo‘lgan ikkita yangi bug‘-gaz qurilmasi ham elektr energiyasi ishlab chiqarishni boshladi.

Bug‘-gaz qurilmalari umumiy qiymati 944,87 million dollarni tashkil qiladigan yirik investitsiya loyihasi doirasida bunyod etilgan bo‘lib, ularni barpo qilishga 2023- yilning iyul oyida kirishilgan. Qurilish ishlari Ispaniyaning «Intecsa Ingeniera Industrial S.A.» va Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari konsorsiumi hamda Turkiyaning «Çalık Enerji» kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarilgan, o‘rnatilgan asbob-uskunalar Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va AQShda ishlab chiqarilgan. Energobloklarning ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 300 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

