16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Qashqadaryoda 57 ta MFY qisqartirilib, qo‘shni mahallalarga birlashtiriladi

Mahalliy Kengashlarda

Joriy yil 11-aprel kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining «Viloyatdagi ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlarini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Unga asosan mutasaddi tashkilotlarga Qashqadaryodagi 57 ta mahalla fuqarolar yig‘inini qo‘shni mahallalar bilan birlashtirish va ularning chegaralarini qayta belgilab chiqish topshirildi.

Qarorda qayd etilishicha, mazkur hujjat O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasining tegishli xati hamda viloyat hokimligi huzuridagi mahallalarni tuzish, birlashtirish, bo‘lish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va o‘zgartirish masalalari bo‘yicha idoralararo doimiy komissiyasining xulosasini inobatga olgan holda qabul qilingan. Ayni paytda unda viloyatdagi 57 ta mahallaning faoliyati tashkiliy va moliyaviy jihatdan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi va boshqaruv jihatidan o‘zini oqlamayotgani ham ta’kidlab o‘tilgan.

Qaror bilan ma’qullangan ro‘yxatga ko‘ra, Muborak tumani va Shahrisabz shahrida 2 tadan, Dehqonobod va Nishon tumanlarida 3 tadan, Qarshi shahri hamda Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Chiroqchi, Kasbi, G‘uzor, Qamashi, Koson va Qarshi tumanlarida 4 tadan, Ko‘kdala tumanida 7 ta mahalla fuqarolar yig‘ini qisqartirilib, qo‘shni mahallalarga birlashtiriladi.

Masalan, Dehqonobod tumanidagi aholisi soni 1009 nafar, xonadonlar soni 187 ta, umumiy yer maydoni 361 gektarni tashkil etadigan, o‘z binosiga ega bo‘lmagan Guliston mahallasi Oqqishloq mahallasi  bilan birlashadi va Oqqishloq MFY vujudga keladi. Huddi shunday Kitob tumanidagi Anorzor mahallasi (aholi soni – 4525 nafar, xonadonlar soni – 960 ta, yer maydoni – 1962,6 gektar, o‘z binosiga ega emas) Bog‘ibaland mahallasi bilan birlashib, Bog‘ibaland MFY tashkil etiladi. Qarshi shahrida esa Paxtazor va Paxtazor-1, Bog‘ishamol va Eski Anhor, Yangi turmush va Kat, Samarqand va Darvozatutak mahallalari birlashtiriladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan tuman va shahar hokimliklari zimmasiga ham muhim vazifalar yuklatilib, xususan, aloqador tashkilotlar bilan birgalikda birlashtiriladigan mahalla fuqarolar yig‘inlarini qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda muhr va tamg‘alarini almashtirish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Shu o‘rinda eslatish joizki, qonunchilikka muvofiq «Mahallalarni tuzish, birlashtirish, bo‘lish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va o‘zgartirish fuqarolar yig‘inlari iltimosnomasi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi».