Islohot odimlari
Qashqadaryo viloyatida 2026-yil yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2 foizga, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,6 foizga, bozor xizmatlari hajmi 15,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 5,8 foizga va qurilish 13,2 foizga o‘sishi ta’minlanadi.
Ishsizlik darajasi 3,2 foizga va kambag‘allik darajasi 3 foizga pasaytirilib, shu orqali Qarshi, Shahrisabz shaharlari va Kitob tumaniga qo‘shimcha G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlari ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.
Hududiy eksport hajmi 1,3 baravarga, investitsiyalar hajmi 1,6 baravarga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali kutiladigan 800 million kub metr suv tanqisligi ta’siri yumshatiladi.
15,8 ming gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari qayta foydalanishga kiritiladi.
Hududlar o‘rtasida transport bog‘liqligini ta’minlash orqali xorijiy va mahalliy turistlar soni 3,2 million nafarga yetkazilib, joylashtirish vositalaridagi o‘rinlar soni 1,4 baravarga oshiriladi.
Prezidentning joriy yil 13 martda Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, infratuzilma va biznes muhitini yanada yaxshilash orqali yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish, yashil tamoyilli yondashuvlarni keng joriy etish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish hamda turizmni jadal rivojlantirish maqsadida qabul qilingan «Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarorida ana shu marralar hududda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi.
Hujjatda bu natijalarga erishish uchun joylarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar manzilli va sohalar bo‘yicha batafsil keltirib o‘tilgan bo‘lib, ularni moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilgan.
Yangi yo‘llar, uy-joylar quriladi, kommunal xizmatlar sifati va infratuzilma yaxshilanadi
Qaror bilan Qashqadaryo viloyatida yangi imkoniyat va tashabbuslarni ishga solish, tadbirkorlik infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanib, unda:
(a) xalqaro ahamiyatdagi «A-378» Samarqand – G‘uzor avtomobil yo‘lining 28 kilometr, «M-39» Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining 38 kilometr, davlat ahamiyatidagi «D-150» Ko‘kdala-Qarshi shahri avtomobil yo‘lining 49 kilometr qismini qayta qurish;
(b) xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etgan holda 2026-yilda xalqaro ahamiyatdagi «M-39» Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining 1255-1315 kilometrlari qismini rekonstruksiya qilish;
Dehqonobod tumani ma’muriy markazining zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda aholi yashashi uchun qulay bo‘lgan zamonaviy massiv tashkil etish;
Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Kitob, Dehqonobod va Qamashi tumanlari markazida oqova suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va qurish;
Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yerosti suv konidan suv olish quvuriga yaqin bo‘lgan qishloq aholi punktlarining suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish;
(v) Qarshi magistral kanali bo‘ylab uning Qarshi tumani hududidan o‘tuvchi 3 kilometr qismida «Yangi Nasaf» ekomajmuasini barpo etish;
(g) elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 460 ta transformator punktlarini o‘rnatish va 1 592 kilometr elektr tarmoqlarini yangilash;
(d) aholini ichimlik va oqova suv bilan ta’minlash darajasini oshirish uchun 16 ta inshoot hamda 416 kilometr tarmoqlarni qurish va ta’mirlash nazarda tutilgan.
Misol uchun, Qarshi tumani Mirmiron, Batosh va Shoyxo‘ja mahallaridagi Qarshi magistral bosh kanali bo‘yida ishlab chiqilgan master rejaga asosan suv bo‘ylari, suv omborlari muhofaza hududlari hamda tabiiy va sun’iy ko‘l bo‘ylaridagi hududlarda xizmat ko‘rsatish va turizmni rivojlantirish orqali aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida kanalning 3 kilometri ikki yon qirg‘og‘ini betonlashtirish, piyodalar yo‘lagi va osma ko‘priklar qurish rejalashtirilayapti. Shu maqsadda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida zarur infratuzilma obyektlarini qurish uchun respublika budjetining 2026-yil birinchi chorak yakuni bilan shakllanishi kutilayotgan qo‘shimcha daromadlari hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.
Shahrisabz tumanidagi «Oqsuv» daryosi bo‘yida «KhalQ» MCHJ tomonidan 2026-2027-yillarda qurilajak quvvati 10 MVt bo‘lgan 2 ta kichik gidroelektr stansiyasi xarajatlari esa tashabbuskorning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Loyihaning dastlabki qiymati 400 milliard so‘mga baholanmoqda.
Umuman, hujjatning 1-ilovasi 76 banddan iborat bo‘lib, unda sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish, kambag‘allik va ishsizlikni keskin qisqartirish; xizmatlar va turizmni rivojlantirish; investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar; ijtimoiy sohani rivojlantirish (sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan, sport, madaniyat va ma’naviyat, madaniy meros); transport, kommunikatsiyalar, qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish; oilani mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish; qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish; jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni oldini olish masalalariga oid juda muhim va ijrosi qashqadaryoliklar hayot sifatiga bevosita ijobiy ta’sir qiladigan chora-tadbirlar o‘rin olgan.
E’tiborli jihati, ana shu tadbirlar uchun respublika budjetining 2026-yil birinchi chorak yakuni bilan shakllanishi kutilayotgan qo‘shimcha daromadlari hisobidan 190 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Mahallalar ixtisoslashuvi chuqurlashtiriladi
Hujjat asosida ma’qullangan viloyat hokimligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida kooperatsiya tizimini keng joriy qilish bo‘yicha taklifida ham aniq tashabbuslar ilgari surilgan. Ya’ni, unda nazarda tutilganidek, Qashqadaryoda tajriba-sinov tariqasida «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari», «Saxovat va ko‘mak» hamda «Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik» jamg‘armalarida 2026-yil 1-mart hamda keyingi yillarda 1-yanvar holatiga shakllangan qoldiq mablag‘larning 50 foizgacha qismi Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi qarori asosida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratilgan infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, viloyat hokimligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mahalla ixtisoslashuvi va bandlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, unga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘m hamda mahalliy budjet daromadlarining orttirib bajarilgan qismi hisobidan resurslar yo‘naltiriladi.
Ushbu jamg‘arma mablag‘larini mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga tijorat banklari orqali Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshmagan foiz stavkasida imtiyozli resurs sifatida ajratish;
depozitga joylashtirish hisobidan mahalliy hokimliklarning foiz shaklida olinadigan daromadlarini tadbirkorlarning kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishni rag‘batlantirish, shu jumladan, umumiy foydalanishdagi infratuzilma obyektlarini barpo etish xarajatlarini subsidiyalash orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Ayrim mahalliy boshqaruv organlari ko‘chadi va ba’zi bino-inshootlar auksionga chiqariladi
Qarorning 2-ilovasida Qarshi shahridagi ma’muriy binolarda optimal joylashtiriladigan mahalliy boshqaruv organlarining ro‘yxati shakllantirilgan. Unga ko‘ra 15 ta tashkilot ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan manzilidan boshqa binolarga ko‘chiriladi. Jumladan, hozirda Qashqadaryo viloyati hokimligining 2-ma’muriy binosi joylashgan viloyat madaniyat hamda turizm boshqarmalari Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy manzili, ya’ni «Jurnalistlar uyi»ga o‘tadi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, ushbu bino davlat rahbarining 2025-yil 14-iyuldagi Pf-111-son farmoni bilan tugatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi balansidan Prezident Administratsiyasi rahbarining tegishli farmoyishiga asosan beg‘araz viloyat Axborot-kutubxona markaziga o‘tkazib berilgan edi.
Hujjatning 2a-ilovasida manzillari ko‘rsatilgan viloyat markazidagi 5 ta ma’muriy bino esa auksion savdolariga chiqarilishi belgilangan. Misol uchun, shahar obodonlashtirish boshqarmasi balansida bo‘lgan G‘ofur G‘ulom MFY, Nasaf ko‘chasi, 4/214-uy manzilidagi ma’muriy va yordamchi binolar sotiladi. Obyektning umumiy yer maydoni 0,86 gektarni, bo‘sh turgan qurilish osti maydoni esa 757,32 kvadrat metrni tashkil etadi.
Sanoat sifat jihatidan yuksaladi, mavjud imkoniyat va zaxiralar to‘liq ishga solinadi
Sanoatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish iqtisodiy barqarorlikning muhim omili sanaladi. Qashqadaryoda buning uchun mavjud imkoniyat va zaxiralarni to‘liq ishga solish yangi-yangi marralarga yo‘l ochadi.
Shunga ko‘ra, qaror bilan viloyat hokimligining Muborak tumani Konchilar mahallasi hududidagi 200 gektar yer maydonida «Muborak innovatsion sanoat zonasi» maxsus iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan. U zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi esa Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda mahalliylashtirish va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun hududdagi noruda foydali qazilma konlari va uchastkalarini belgilangan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga chiqaradi. Ular soni 18 ta bo‘lib, zaxirasi bentonit gil, qum-shag‘al aralashmasi, marmar, marmar ohaktosh, lyossimon jinslardan iborat.
Yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish modeli ishlab chiqiladi
Buning uchun viloyat hokimligiga Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan bosh rejani ishlab chiqish bo‘yicha nufuzli konsalting kompaniyasini jalb qilish topshirilgan.
Unda tuman (shahar) markazlarining viloyat markazi bilan bog‘liqligini kuchaytirish; aholi punktlarini turistik va madaniy meros obyektlari, markazlar, ijtimoiy va boshqa ko‘ngilochar obyektlar bilan qulay ravishda bog‘lash; tirbandliklarning oldini olish, piyodalar va «salomatlik yo‘laklari» uchun qulay va zamonaviy yechimlarni aniqlash nazarda tutiladi.
Shuningdek, ikki hafta muddatda viloyat aholisi mobilligini va hududlararo bog‘liqlikni oshirish maqsadida Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishida harakatlanuvchi yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini haftasiga 3 martaga yetkazish choralari ko‘riladi.
Chiroqchida «Sohil bo‘yi» majmuasi barpo etiladi
Buning uchun avvalo kommunal tizimlarni hozirlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, master reja asosida bunyod etiladigan ushbu majmua hududining elektr ta’minotini yaxshilash uchun 10 kilometr (10 KVt) yerosti tarmog‘i qurilib, Chiroqchi podstansiyasidagi T2-16000 KVtli transformator o‘rniga 25000 KVtli transformator o‘rnatiladi.
Ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 4 ta tik quduq, 1 ta (1000 kub metr hajmli) suv inshooti, 8,6 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i quriladi. 1 ta (2000 kub metr hajmli) oqova suv tozalash inshooti, 8,5 kilometr oqova suv tarmog‘ini qurish ham ko‘zda tutilgan.
Master rejaga kirgan hududning yo‘l infratuzilmasini yaxshilash uchun 8,6 kilometr asosiy va ichki yo‘llar bosqichma-bosqich quriladi va ta’mirlanadi. O‘sha yerdan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosi qirg‘oqlarining 2,5 kilometri qismi mustahkamlanib, qirg‘oqlarida 6 kilometr uzunlikdagi «salomatlik yo‘lagi» bunyod etiladi hamda atrof obodonlashtiriladi.
Qarorga asosan «Sohil bo‘yi» majmuasini rivojlantirish va boshqarish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalar viloyat hokimligi huzuridagi Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamentiga yuklanmoqda.
Majmua hududidagi bo‘sh yer maydonlarini sotishdan tushadigan tushumlar (sotish xarajatlaridan tashqari) to‘liqligicha departament ixtiyorida qoladi hamda Xalq deputatlari Chiroqchi tumani Kengashi qarori asosida master rejani amalga oshirish bilan bog‘liq tashqi-ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa zarur infratuzilmani yaratish, kommunikatsiya tarmoqlarini ko‘chirish, obodonlashtirish hamda buzilishga tushgan ko‘chmas mulk obyektlari uchun jismoniy va yuridik shaxslarga to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini qoplash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish uchun sarflanadi.
Shu joyda hujjatga ko‘ra Shahrisabz tumani Hisorak-G‘yelon-Ko‘l xo‘jaliklararo ichki avtomobil yo‘li bo‘ylaridagi tuman hokimligi zaxirasidagi 37,8 gektar yer maydonlari zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan «G‘yelon» turistik-rekreatsion zonasi direksiyasiga ajratilgan holda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi ko‘zda tutilganini ham qayd etib o‘tish o‘rinli.
Energiya samaradorligi oshiriladi
Qarorda viloyatda energiya samaradorligini oshirish borasidagi chora-tadbirlar ham alohida qayd etilgan. Unga ko‘ra viloyatdagi energiya iste’moli yuqori 1,2 mingta aholi xonadoniga energiya samarador qurilmalar o‘rnatish va ta’mirlash uchun «yashil ta’mir» va «yashil iste’mol» kreditlari ajratiladi hamda subsidiyalar beriladi.
Energiya samaradorligi bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba asosida Nishon tumanidagi 4 ta ijtimoiy soha muassasasi hamda Qamashi tumani tibbiyot birlashmasining 12 ta bino-inshooti ta’mirlanadi;
«Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomi berilgan tuman (shahar)larda 2 ta ijtimoiy soha muassasasi «Nol energiya sarfli binolar» konsepsiyasi asosida modernizatsiya qilinadi;
ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 69 ta ijtimoiy soha muassasasini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashda energiya samaradorligi bo‘yicha talablar joriy etiladi.
Bundan tashqari, viloyatdagi 311 ta ijtimoiy soha muassasasini issiq suv bilan ta’minlash maqsadida ularga 623 ta geliokollektor o‘rnatiladi.
Yana bir o‘rinbosar va tajriba-sinov
Qashqadaryo agrar viloyat. Dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik kabi yumushlar ortidan kun ko‘radigan aholisi ham talaygina. Hududda yangi yerlarni va qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, suv xo‘jaligida resurslardan samarali foydalanish singari dolzarb masalalar iqlim o‘zgarishi sharoitida hamisha kun tartibida turibdi.
Qarorda ana shularga yechim bo‘ladigan qator tadbirlarni amalga oshirish ham ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, Shahrisabz tumanida «Quva agrostar», Qamashi tumanida «Yangiyo‘l agrostar», Ko‘kdala tumanida «Mirzacho‘l agrostar», G‘uzor tumanida «Navoiy agrostar» MCHJlarning loyiha ofislari tashkil qilinadi.
Viloyatda 15 ming gektar, shundan 2026-yilda o‘zlashtiriladigan 5,2 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtirish hamda kooperatsiya asosida rivojlantirish uchun Muborak tumanida «Qashqadaryo agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, Nishon, G‘uzor, Dehqonobod hamda Qamashi tumanlari unga biriktiriladi.
Shuningdek, 2026-yil yakuniga qadar Osiyo taraqqiyot bankining chorvachilik va yaylovlarni rivojlantirish loyihasi doirasida jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan tajriba-sinov tariqasida Nishon tumanidagi 1 ming gektar maydonda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni boshqarish modeli yaratiladi. Bunda Yaponiyaning Tottori universiteti ekspertlarini jalb qilgan holda «Urug‘chilik oroli» texnologiyasi asosida yangi urug‘ maydonchalari, Mo‘g‘uliston tajribasi asosida maxsus himoyalangan hududlarda chorva uchun ozuqa bazasi va suvlarni yig‘ish hamda samarali boshqarish uchun 6 ta tik quduq va mini-rezervuarlar tashkil etiladi.
Kasbi, Nishon, Koson va Mirishkor tumanlarida yirik va mayda shoxli qoramollarni boqishga ixtisoslashgan 20 ta mahalladagi mavjud 44 ming bosh qoramolning naslini yaxshilash uchun xorijiy va mahalliy veterinarlar jalb qilinadi.
Ma’lumki, Qashqadaryoda qishloq xo‘jaligi yerlarining katta qismi cho‘l hududlarida joylashgan. Ulardan foydalanish samaradorligini oshirish va buning uchun zamonaviy tajriba va ilm-fan yechimlarini qo‘llash, hamkorlar jalb qilish juda muhim. Qarorga asosan viloyat hokimligining tashkiliy tuzilmasiga amaldagi shtat birliklari doirasida viloyat hokimining cho‘l hududlari va agrar sohaga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritilib, uning 3 nafar shtat birligidan iborat kotibiyati tashkil etilishi ana shu kabi masalalar yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Yangi jamg‘arma va 5 ming yevro ssuda
Shu yil davomida viloyatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan 12 ta tumanda 350 ta nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi. 120 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Xuddi shu tadbirlar qarorda o‘z aksini topgani holda hujjatda mahalliy yoshlarni nemis tili va kasbga o‘qitish orqali Yevropa davlatlariga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish dasturini amalga oshirish bo‘yicha ham alohida vazifalar belgilangan. Xususan, uch oy muddatda Qarshi shahridagi texnikum qoshida Ta’lim va texnologiyalar markazi tashkil etilib, unda yoshlarni xalqaro standartlar asosida xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Yoshlarni xalqaro standartlar asosida xorijiy tillar va kasb-hunarga tayyorlash hamda ularni rivojlangan davlatlarga tartibli mehnat migratsiyasiga yuborishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida Kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Germaniya Federativ Respublikasi va Yevropa mamlakatlariga tartibli mehnat migratsiyasiga chiqish istagida bo‘lgan fuqarolarga mazkur jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 5 ming yevro miqdorida qaytarish sharti bilan bir yil muddatga ssuda ajratilishi nazarda tutilgani esa muhim yangilik.
Umuman, Prezidentning «Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi hudud rivoji va unda yashovchi aholi turmushi farovonligiga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz. Buning uchun yana Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi viloyat hokimligiga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi milliy valyutada foizsiz kredit mablag‘lari ajratishi belgilangani ham kutilayotgan natijalar salmog‘idan darak beradi. Demak, Qashqadaryoda yangi ulkan o‘zgarishlar davri boshlandi.
O‘z muxbirimiz

