27–iyun – nafaqat matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari mehnatini e’tirof etish, rag‘batlantirish, balki soha rivoji yo‘lida xizmat qilgan marhum ijodkorlarga ehtirom ko‘rsatish, yod etish fursati hamdir. Ruknimiz mezonlaridan kelib chiqib, Qashqadaryo viloyatidan chiqqan, xalqqa manfaatli ishlar qilgan marhum jurnalistlarni yodga olamiz.
Madrasada «start» olgan radio

Qashqadaryo viloyatida radio sohasi rivoji haqida so‘z borarkan, Qurbon Egamberdiyevni eslamaslikning imkoni yo‘q. U 1933-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. O‘rta ma’lumotni Qarshi shahridagi 2-maktabda olgan. 1956-yili Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1956-yilda Qarshi shahridagi 2-maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan. 1957-1964-yillarda Qashqadaryo viloyati radioeshittirish qo‘mitasida muxbir, bosh muharrir vazifalarida ishlagan. 1964-1994-yillarda Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
1964-yilda Qashqadaryo viloyati Surxondaryodan alohida ajralib chiqqanidan so‘ng vohada yangidan radioeshittirishlarni yo‘lga qo‘yishda Qurbon Egamberdiyev xizmatlari katta bo‘ldi. Dastlab Qarshi shahrining Eski shahar hududida joylashgan Bekmir qozoq madrasasida tashkil etilgan viloyat radiosi uning sa’y-harakatlari bilan 1981 yilda yangi binoda o‘z faoliyatini davom ettirdi. Qurbon Egamberdiyev Qashqadaryo televideniyesining tamal toshini qo‘ygan rahbar sifatida ham e’tirof etiladi. Ko‘plab jurnalistlarga ustozlik qilgan.
Qurbon Egamberdiyev «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni, «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan taqdirlangan.
Prokuraturadan jurnalistikaga
Adolat posbonlari va ommaviy axborot vositalari yaxshi taniydigan, hurmat qiladigan kishilirdan biri Dovud Madiyevdir. U 1952-yilda Kasbi tumanida tug‘ilgan. O‘rta ma’lumotni tumandagi 2-maktabda olgan. 1975-yilda Rossiya Federatsiyasidagi Oryol davlat pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. 1986-yilda Rossiya davlat butunittifoq yuridik institutining huquqshunoslik fakultetida sirtdan o‘qigan.

Mehnat faoliyatini 1975-yilda Kasbi tumanidagi 1-o‘rta umumta’lim maktabida o‘qituvchilikdan boshlagan. Faoliyatini 1976-1980-yillarda Qarshi davlat pedagogika institutida davom ettirgan.
Dovud Madiyev 1980-1987-yillarda Kasbi tumani ijroiya qo‘mitasida tashkiliy bo‘lim yo‘riqchisi, 1987-1988-yillarda Qashqadaryo viloyat prokurorining kadrlar bo‘yicha katta yordamchisi, 1988-1992-yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Qarshi shahar qo‘mitasi yo‘riqchisi, umumiy bo‘lim boshlig‘i, 1992-1996-yillarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashida deputatlar bilan ishlash bo‘limida tashkilotchi-maslahatchi, tashkilotchi, bo‘lim mudiri o‘rinbosari vazifalarida faoliyat olib bordi.
Dovud Madiyev 1996-2005-yillarda Qashqadaryo viloyati prokurorining qonunlarni mujassamlashtirish va huquq tartiboti bo‘yicha katta yordamchisi, qonunchilik targ‘iboti bo‘yicha katta yordamchisi, xalqaro-huquqiy masalalar bo‘yicha katta yordamchisi, 2005-2006-yillarda Qarshi tumani prokurori yordamchisi, katta yordamchisi vazifalarida samarali mehnat qildi. Prokuratura muassisligida chop etilgan «Adolat kuchi» gazetasining tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatdi.
Dovud Madiyevning keyingi faoliyati jurnalistika sohasi bilan bog‘liq. 2006-2012-yillarda «Ishonch» gazetasida huquq va xalqaro hayot bo‘limi muharriri, «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari (ruscha nashr bo‘yicha) lavozimida ishladi. «Qatradagi qalb» nomli she’riy to‘plami nashr qilingan.
Dovud Madiyev 2011-yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
BEKZOD tayyorladi.

