16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

Qashqadaryoning qadimiy shaharlari haqidagi muhim kitob taqdimoti o‘tkazildi

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Qarshi davlat universitetida arxeolog olim, tarix fanlari doktori Abdisabur Raimqulovning “Qashqadaryo vohasining  VIII-XIV asrlar davri shaharlari va tarixiy topografiyasi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda professor olimlar, keng jamoatchilik vakillari, tarix ixlosmandlari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Ma’lumki, dunyoning eng qadimiy sivilizatsiyalari – Misr, Ikki daryo oralig‘i, Xitoy va Hind tamaddunlari qatorida Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon va Qashqadaryo havzalarida shakllangan O‘rta Osiyo sivilizatsiyasi ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Qayd etilishicha, o‘rta asrlarda Qashqadaryo vohasida kamida 30 ta shahar faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, monografiyada ularning shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari, o‘ziga xos xususiyatlari, turlari, shaharlar rivojidagi asosiy omillar, Buyuk Ipak yo‘lining Qashqadaryodan o‘tgan tarmoqlari, xalqaro va mahalliy savdo yo‘llari, vohaning o‘rta asrlardagi tarixiy geografiyasi keng ko‘lamli o‘rganishlar va manbalar asosida bayon qilingan.

Kitob Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi mablag‘i hisobidan Toshkent shahridagi “Ochun” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi. Kitob muallifi Abdisabur Raimqulov nomi ilmiy doiralarda ancha mashhur. Olim 1958-yil Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan. Uning ilmiy faoliyati tarix va arxeologiya fanining bir necha yo‘nalishlarini qamrab olgan. Olim ayni paytda Samarqand arxeologiya institutida faoliyat ko‘rsatadi.

Taqdimotda Markaz viloyat bo‘limi rahbari Komila Karomova, taniqli olim Abduraim Erkayev, mehnat faxriysi Mamatqul Rajabov, Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori Dilnavoz Rahmatova, Shahrisabz pedagogika instituti professori Nabi Xushvaqtov, viloyat tarix va madaniyat davlat muzeyi direktori Bahodir Mamadiyev va boshqalarning mavzuga oid ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilarga kitoblar ulashildi.

B.SAYFIYEV

Suratlarda: taqdimotdan lavhalar.