Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1937-1939–yillarda O‘zbekistonda Ichki ishlar xalq komissarligi «uchligi» tomonidan 41 mingdan oshiq odam qamoqqa olinib, javobgarlikka tortilgan, shundan 6 ming 920 kishi otib tashlangan.
80-yillardagi «paxta ishi» bo‘yicha esa 22 mingga yaqin kishi hibsga olingan. Paxta tozalash sanoati vaziri Usmonov otilgan, Buxoro viloyati firqa qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi Karimov oliy jazoga hukm qilinib, keyinchalik uzoq muddatli qamoq jazosi bilan almashtirilgan. Qashqadaryo viloyati firqa qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi G‘oipov, Ichki ishlar vaziri Ergashev, uning o‘rinbosari Davidov, jumhuriyat, viloyat, nohiya darajasidagi yana bir necha rahbar xodimlar o‘z joniga qasd qilishgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilganlar orasida 442 nafar jamoa xo‘jaligi raisi, davlat xo‘jaligi direktori, 94 nafar paxta zavodi direktori, 37 nafar firqa va sho‘ro xodimi bor edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi muzey tomonidan chop etilgan «Qashqadaryo vohasi tarixidan lavhalar (istiqlol uchun kurashganlar va qatag‘on qurbonlari)» kitobida mustabid tuzumdan o‘nglanmas jabr ko‘rgan ko‘plab kishilar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
31–avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni

Ulardan biri – boshqaruv ishida qatnashgan va keyinchalik nohaq jazoga tortilgan Inoyat Qudratovdir. U 1902-yili Shahrisabzning Novqat qishlog‘ida mehnatkash o‘zbek xonadonida dunyoga kelgan. Otasi kichik yerga ega bo‘lib, oilasini asosan yeri katta insonlarning qo‘lida ishlab chorikorlik bilan tebratar edi. Inoyat ham bolaligidan ko‘zi mehnatda pishadi. 1925-yilgacha chorikorlik qilib kun kechirgan Inoyat Qudratov el orasida obro‘ topadi. 1930-yili Shahrisabzdan Samarqandga borib, ikki yillik kursni bitiradi.
Shundan so‘ng u hukumat ishiga jalb etilib, tez orada o‘zining mehnatkashligi va adolatparvarligi bilan ko‘pchilikning nazariga tushadi. Bir necha yil davomida Qarshi tumani ijroqo‘mi raisi o‘rinbosari sifatida ish olib boradi. Yoshligidan mehnat qilib yaxshi-yomonni ajrata oladigan Inoyat sovetlarning kollektivlashtirish siyosati oqibatida ko‘plab ishbilarmon, halol insonlarning nohaq jabr ko‘rishiga qarshi chiqadi.
Natijada ayrim g‘arazli kimsalar uning ustidan turli idoralarga chaquvlar tashkil etadi. 1938-yil 10-fevral kuni u aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib, O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksi 60-, 67-moddalariga asosan qamoqqa olinadi. 1938-yil 25-fevral kuni berilgan order asosida uning uyi tintuv qilinadi.
Inoyat Qudratov 1938-yil 26-fevral kungi so‘roqda o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan. Shunga qaramay, uni sobiq boylar, bosmachilar bilan aloqada bo‘lgan, Qashqadaryo viloyatidagi aksilinqilobiy o‘ng trotskiychi tashkilotning a’zosi deb ayblashadi.
1938-yil 14-oktabr kuni soat 21:00 dan 21:20 gacha davom etgan «uchlik» sudi Inoyat Qudratovni otuvga hukm qiladi. U 1989-yil 29-avgust kuni O‘zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan oqlangan.
«Paxta ishi» deb nomlangan sovet tuzumining xunrezliklari jabrdiydalaridan biri esa To‘ra Shodiyevdir. U 1935-yilda Qarshi tumani Qoraqo‘ng‘irot qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelgan.

To‘ra Shodiyev mehnat faoliyatini 1956-yilda xo‘jalikda tabelchilikdan boshlagan. 1958-yilda Samarqand hisobchilar texnikumini bitirgan, oliy ma’lumotli bo‘lish istagida 1964-yilda sirtdan Toshkent xalq xo‘jaligi institutini a’lo baholarga tamomlaydi va hisobchi-iqtisodchi mutaxassisligini egallaydi.
To‘ra Shodiyev 1960-1966-yillarda «Istiqbol» xo‘jaligida yordamchi hisobchi, 1966-1970-yillarda bosh hisobchi, 1970-1971-yillarda shu xo‘jalikda partiya qo‘mitasining sekretari, 1971-1973-yillarda keyinchalik Yusuf Xushvaqtov nomi bilan atalgan xo‘jalikda rais vazifasida faoliyat ko‘rsatadi.
1973-1983-yillarda «Istiqbol» xo‘jaligida rais vazifasida ishlab yurgan kezlarida sobiq sovet tuzumi qatag‘onchilar guruhi rahbari Ivanov hamda Gdlyan xodimlari tomonidan qamoqqa olinadi. Uch yil davomida tergov jarayoni olib borilib, 1986-yil 16-iyunda Oliy sudning ajrimi bilan kuchaytirilgan rejimda 8 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
Shu yillarda Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qashqadaryoga rahbar etib tayinlandi. U To‘ra Shodiyevning oilasi Zulfina Shodiyevaning murojaatini va xo‘jalikdagi urush va mehnat faxriylari murojaatlarini inobatga olib, ushbu jinoiy ishni qayta ko‘rib chiqish va ozod qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Oliy sudi hamda Bosh prokuror Buturlinga talabnoma yo‘llagan.
Jinoiy ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi kollegiyasida qayta ko‘rilib, To‘ra Shodiyev ikki yarim yillik qamoqdan ozod etiladi. Ozodlikka chiqqach To‘ra Shodiyev keyingi faoliyatini dehqonchilikka yo‘naltirib, «Istiqbol» xo‘jaligida gidrotexnik, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida ishladi, 1995-yilda mehnat nafaqasiga chiqdi, «Nuroniy» jamg‘armasini boshqardi.
O‘tgan yuz yillikda sovetlar tomonidan olib borilgan qatag‘on siyosati haqida gap borarkan, Abdurauf Fitratning «Qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi. Og‘zimiz qonadi. Yerimiz bosildi. Molimiz talandi. Sharafimiz yemirildi. Nomusimiz g‘asb qilindi. Insonligimiz oyoqlar ostiga olindi…» degan so‘zlari beixtiyor yodga kelaveradi…

